- quyma xudolar yasamaslik;
- ota-onani e‘zozlash;
- qotillik qilmaslik;
- aralash nikohga kirmaslik;
- o‗g‗irlik qilmaslik;
- fohishalik qilmaslik;
- yolg‗on guvohlik bermaslik;
-birovning mol-mulkiga ko‗z olaytirmaslik.
Yahudiylik juda ko‗p urf-odatlarga, marosimlarga, bayramlarga hamda taqiq va
buyruqlarga ega din. Masalan, har bir yahudiy 365 ta taqiqni va 248 ta buyruqni yoddan
bilishi shart. Bu din o‗z qavmlari hayotini qanchalik qattiq tartibga solib qo‗yganligini
ana shu raqamlar ham isbotlaydi.
Yangi tug‗ilgan o‗g‗il bola 8 kunligidayoq xatna qilinadi. Bolalarga 5-6 yoshidan
boshlab diniy ta‘lim beriladi. Shu orqali «Tavrot» va «Talmud»ning asosiy aqidalari yod
olinishiga erishiladi. Bu din o‗z qavmlari uchun tuya, cho‗chqa va quyon go‗shtini
iste‘mol qilishni taqiqlaydi. Eyishga ruxsat etilgan mol va parranda go‗shtlarida qon
dog‗i mutlaqo bo‗lishi mumkin emas.
Yahudiy erkaklarining kiyimlari uzun, bir xil matodan tikilgan. Ular uxlayotganda
ham boshlarini biror narsa bilan berkitib yotadilar. Diniy marosimlarni bajarayotganda
esa kiyimining ustidan albatta yoping‗ich yopishi shart.
Yahudiylik marosimlari ichida - ibodat, Shanba kunini nishonlash, tug‗ilish, diniy
balog‗at, nikoh va dafn marosimlari alohida o‗rin tutadi. 30 yoshga to‗lgan yahudiylik
e‘tiqodchisi bir kunda 3 marta - ertalab, kunduzi va kechqurun ibodat qilishi lozim.
Shanba kuni yahudiylarda muqaddas kun hisoblanadi. Yahudiylik ta‘limotiga ko‗ra,
Xudo dunyoni 6 kunda yaratib bo‗lgach, ettinchi kuni dam olgan (yahudiylarda shanba 7
kun hisoblanadi). Shanba (shabbat) - xudoning karomati, uning Isroil xalqiga ko‗rsatgan
muruvvati, deb ishoniladi.
Yahudiylarda o‗g‗il bola tug‗ilsa, sakkizinchi kuni xatna qilinadi. Bu xudo bilan
yahudiylar o‗rtasidagi Ahdlashuv shartining bajarilishi belgisi hisoblanadi. Xatna qilib
bo‗lingach, bolaga xudodan o‗z marhamatini darig‗ qilmasligini so‗rab duo o‗qiladi.
So‗ngra bolaga qo‗yilgan ism e‘lon qilinadi. Qiz bola tug‗ilsa, uning nomini e‘lon qilish
marosimi otasi yoki onasi ishtirokida sinagogda amalga oshiriladi.
O‗g‗il bolalar 13 yoshida, qiz bolalar esa 12 yoshida diniy balog‗atga etgan
hisoblanadilar. 13 yoshli o‗g‗il bola endi «Ahd o‗g‗li» hisoblanadi. Endi u diniy
qoidalarga amal qilishga shaxsan o‗zi javobgar bo‗ladi. 12 yoshga to‗lgan qiz bola «Ahd
qizi» hisoblanadi.
Nikoh marosimi odatda kunning o‗rtasida boshlanadi. Nikoh marosimi paytida
kuyov shunday deydi: «Muso va Isroil qonuni tufayli sen shu uzuk orqali men bilan
nikohlanmoqdasan», So‗ng nikohlanuvchilar bir stakanga quyilgan vinodan navbatma-
navbat ichadilar. Ichib bo‗lingach, yigit stakanni sindirib tashlaydi. Bu odat - yahudiy
hayotining eng quvonchli damlarida ham avlodlarining achchiq qismatini esidan
chiqarmasligiga ishoradir. Bu odat - yahudiylarga o‗tmishda bosqinchilar tomonidan ular
ibodatxonasining buzib tashlanganligini eslatib turadi.
Yahudiylik dini ham bayramlardan xoli emas. Bu dinning Pasxa, Shavuot (50 kun),
Rosh Xashana (Yangi yil), Yom Kippur (Hukm kuni), Kushey, Simxat Tora (Muso
kitoblarini xotirlash), Tu Be Shvat (daraxtlar bayrami), Purim (yahudiylarning forslar va
midiyaliklar ta‘qibidan xalos bo‗lganligini xotirlash) kabi bayramlari mavjud.