Jaynizm . Jaynizmning kelib chiqishi haqida ko‗plab afsonaviy rivoyatlar mavjud.
Rigveda kitobida jaynizmning ikki tirtxakarlari (yo‗l tuzuvchi, ruhlarni ozod qiluvchi)
Rishabxa va Arishtanem haqidagi rivoyat keltirilgan. Ulardan birinchisi – Rishabxa
jaynizm ta‘limotining asoschisi hisoblanadi. Bu rivoyatlarda Rishabxa shaxsida ilohiyat
Naroyana, ya‘ni Vishnu mujassam bo‗lgan. Bu ma‘lumotlar jaynizmning veda dinlaridan
ham qadimiyroq ekanligini ko‗rsatadi.
Jaynizm dini vakillarining e‘tiqod qilishicha, bu ta‘limotga 24 tirtxakar (payg‗ambar
yoki avliyo) asos solgan. Ularning barchasi kshatriylar xonadonidan bo‗lgan. Ushbu
tirtxakarlarning 22 tasi haqida ma‘lumot deyarli yo‗q, 23-si – Vardxamana Maxaviradan
250 avval yashagan Parshvanadxa – Banoras podshohi Ashvasanning o‗g‗li bo‗lgan.
Vardxamana mil. av. IV asrda (599 y.) Hindistonning Bixar shtatida boy kshatriy oilasida
tug‗ildi. Otasi Siddxardxa Jnatrik qishlog‗ining kshatriylar sulolasi boshlig‗i edi. U
Yashoda ismli qizga uylandi va undan qiz farzand ko‗rdi. Aynan mana shu qizining eri
Jamali Maxaviraning birinchi shogirdi, keyinchalik esa, jaynizm ibodatxonasining
hinduizmdan ajralib chiqishining tashabbuskori bo‗ldi. Vardxamana o‗ttiz yoshigacha
oddiy dunyoviy kishilardek hayot kechirgan. Keyin esa barcha mulkidan voz kechib,
ko‗p yillar sayohat qilgan. Doimiy o‗y-fikrga cho‗mib, o‗zini ichki iztiroblar domiga
tashlagan. 13 yildan keyin Parshvanadxa tepaligida go‗yoki, «botiniy» bilimga ega
bo‗ladi. Bu eng oliy bilim bo‗lib, Vardxamanani 42 yoshida shodlik va qayg‗ulardan
butkul ozod qilgan va uni yuqori darajadagi diniy ustozlarga beriladigan Jina nomi bilan
mashhur qildi. Keyinchalik unga Maxavira («ulug‗ qahramon») unvoni berildi. Maxavira
o‗zining ko‗p yillik sayohatlari davomida ko‗plab insonlarni o‗ziga ergashtirdi. Uning
shogirdlari nigrantxa («kishandan ozod qilinganlar») deb atala boshlandi. Vardxamana
Maxavira rohiblar, oddiy erkak va ayol insonlar barobar e‘tiqod qila oladigan diniy
ta‘limotga asos soldi. Maxavira mil. av. 527 yili 73 yoshida vafot etdi. Jaynizm
adabiyotida keltirilishicha, u nirvana – so‗nggi ozodlik holatiga erishgan.