hayotlarini ibodat qilish, ilohiyot ilmini o‗rganish, murakkab marosimlarni o‗tkazish va
xalq ruhiy hayotini boshqarishga bag‗ishlagan braxmanlar kastasi (tabaqasi) vujudga
keldi. Dinga xos bo‗lgan xususiyatlardan biri – ilohiy tilning o‗zgartirib bo‗lmasligidir.
Xuddi shu bir tilning eskirib amaldan qolishi va faqat muqaddas tilga aylanib qolishi
braxmanizmning kelib chiqishiga sabab bo‗lgan omillardan biridir. Braxmanizmda
xalqning emas, ko‗proq ma‘lum ruhoniylar tabaqasining manfaatlari himoya qilinadi.
Braxmanlikning asosiy elementlari braxmanlar va vedalarga tegishli sutralardir.
Sutralar san‘atning alohida ko‗rinishi bo‗lib, yaqqol ajralib turuvchi ustalik bilan sof
sanskrit tilida yozilgan. Unda mavjud vaziyatga alohida e‘tibor qaratilgan holda ma‘lum
tabaqaga yuqori o‗rin beriladi.
Braxmanlar o‗z nomlarini
tuzgan dinlarigagina emas, joy nomi (Braxmaniya)
sifatida, butun boshli fan va san‘atga (braxmanizm she‘riyati, tibbiyoti, matematikasi
kabi) nom qilib berdilar. Ular o‗zlarining kelib chiqishlarini etti ruhoniy oilaning
boshliqlari bo‗lgan etti rishidan deb hisoblaydilar. Madhiyalarning ilk mualliflari bo‗lgan
shoirlar, tilshunoslar va hozirjavob kishilar o‗z kasblarini avlodlariga uzatganlar.
Braxmanning hayoti to‗rt muayyan belgilangan bosqichdan iborat. Xususan, uning
har bir kuni mashaqqatli ibodat, o‗rganish va vazifalar bilan to‗la. Braxmanning diniy
hayoti uning balog‗at yoshiga etib, muqaddas bog‗ichni qabul qilishi va «baxshida
qilish» marosimidan keyin boshlanadi. Shundan keyin braxmanning
yoshligi birorta
donishmand braxmanning qo‗lida vedalarni yodlash, uning uyida muqaddas olovni
doimo tutib turish, ustozining xizmatini qilish, jumladan, uning uchun sadaqa yig‗ish
bilan o‗tadi. Braxman bu bosqichda «braxmacharin» deb nomlanadi. Uzoq vaqt davom
etadigan bunday ta‘limotdan so‗ng u ikkinchi bosqichga o‗tadi. Braxman «grixastxa» deb
nomlanadigan bu bosqichda uy xo‗jayini vazifasini bajaradi. U uylanishi,
oilani boqishi
(xususan, o‗g‗il etishtirishi), amaliy hayot ilmini egallashi va o‗zining fuqarolik
burchlarini bajarishi lozim. Braxman «vanaprastxa» (o‗rmon zohidi) deb ataluvchi
hayotining uchinchi qismida oilasi bilan yoki yolg‗iz holda o‗rmonga ketishi kerak. Bu
erda u «o‗z nafsini jilovlab» ildizlar yoki mevalarni eb, diniy amallarni jiddu jahdi bilan
bajarishi kerak. Braxman hayotining to‗rtinchi bosqichi «saniyasi» (zohid)
tarkidunyochilik yoki diniy qashshoqlik davridir. U hayotning barcha tashvishlarini ortga
tashlab, xursandchilik, qayg‗u, orzu-havas va jismoniy ehtiyojlarni tark etib, hamma
narsaga befarq bo‗lgan braxman bir maqsadga – «Oliy Braxmaga etishish, ya‘ni u bilan
qo‗shilib ketish, bu dunyo va o‗lgandan keyingi abadiy baxtga erishishga» intilishi kerak.
Braxman tarkidunyochilik bosqichida faqat sadaqadan tushgan narsalar hisobiga kuniga
bir marta ovqatlanib kun kechiradi.
Hinduizm juda murakkab dindir. U bir tomondan
yirik ijtimoiy tashkilot, ikkinchi
tomondan turli dinlar qorishmasidir. Ijtimoiy tashkilot sifatida kastachilik asosiga
qurilgan. Bu din, asosan, Hindistonda tarqalgan bo‗lib, mamlakat aholisining 83% shu
dinga e‘tiqod qiladi. Hinduizm e‘tiqod qiluvchilar soni jihatidan jahonda uchinchi o‗rinda
turadi. Yirik jamoalar Bangladeshda (12 mln.), Indoneziyada (3,6 mln.), Shri Lankada (3
mln.), Pokistonda (1,5 mln.), Malayziyada (1 mln.), AQShda (0,5 mln.), Butanda (0,3
mln.) mavjud. Hinduizm uni qabul qilmoqchi bo‗lganlarga qo‗yadigan birinchi va asosiy
shart Hindistondagi kasta tuzumini qabul qilishdir.
Shunisi qiziqki, hinduizm o‗zining asosi hisoblanadigan vedizm va braxmanizmdan
tashqi ko‗rinishda farqlanadi. Unda yangi braxmanizm dinlari, to‗g‗rirog‗i, oqimlari
mujassamdir. Ularning barchasini umumiy jihatlariga qarab bir guruhga jamlash
mumkin: tushuncha va qonunlarning asl manbai bo‗lgan vedalarning muqaddasligi; guru
(pir, ustoz)ning tan olinishi; muqaddas joylarga ziyoratga borish; sanskritning muqaddas
til ekanligi; va nihoyat, sigirning muqaddas ekanligi. Bu
besh qoida yoki aqida umum
tomonidan tan olingan bo‗lsa-da, ko‗p sonli e‘tiqod qiluvchilar orasida o‗ziga yarasha
farq va o‗ziga xoslik kasb etgan.
Hinduizmda keyingi davrda vedalardan tashqari xalq og‗zaki ijodi namunalari,
jumladan, «Maxabxarata» ham muqaddas yozuvlar qatoriga qo‗shilgan. Hinduizmda ham
braxmanlar asosiy o‗rinni egallaydi. Shuning uchun ham mazkur adabiyotlarning
ko‗pchiligi braxmanlar tomonidan yaratilgan. Ular eski aqidalarning zamon talabiga
javob bermasligini ko‗rib, yangi qonun qoidalarga mos ravishda turli oqimlarni yuzaga
keltirdilar. Ular shu yo‗l bilan o‗z raqiblari hisoblangan buddistlarga qarshi kurash olib
bordilar.
Hinduizmda trimurti (uchlik) – Braxma, Vishnu, Shiva xudolari asosiy xudolar
sanalib, Braxma ularning eng kattasi – dunyoni yaratgan xudo hisoblanadi. Biroq,
hinduizmda faqatgina Vishnu va Shivagagina sig‗inadilar. Shunga binoan, hinduizm ikki
asosiy oqimga bo‗linadi: Shivaga sig‗inuvchilar va Vishnuga sig‗inuvchilar.
Shiva oddiy xalq ommasi – kambag‗allarning ilohi hisoblanadi. U Rigvedaning
birinchi nusxalarida Pudra nomi bilan zikr etilgan. Adxarvavedada
Pudraning roli oshib
boradi. Yajurvedada Pudra Agni timsolida berilgan. U Ishana, Ishvara, Maxadeva (buyuk
xudo) nomlari bilan ham ataladi. Hindistonda shivaizmning o‗n uchga yaqin asosiy
oqimlari mavjud. Shivachilar orasida asosiy oqim sifatida tridandinalar (uch tayoqlilar)
va smartlar (smriti so‗zidan – haqqoniy rivoyatlar)ni aytib o‗tish mumkin. Shivaizmning
mayda oqimlari oriylarga tegishli bo‗lmagan an‘analar bilan sug‗orilgan. Deylik, Shaktra
yoki Shakta oqimi hayvon yoki odamlarni qurbon qilishi bilan ajralib turadi. Hozir turli
balo-ofatlar paytida qilinadigan bunday qurbonliklar yo yo‗q bo‗lib ketgan, yoki maxfiy
ravishda amalga oshiriladi. Xalq orasida Shivaning 1008 ta nomi bor.
Vishnu – hozirgi Hindiston panteonida birinchilik uchun kurashayotgan ikkinchi
ilohidir. Rigvedada tabiatga jon ato etuvchi quyosh xudosi Vishnu birinchi darajali
ilohdir. Unda Vishnu juda saxiy qilib tasvirlangan. Ibodat paytida uni Savitar, Roxita,
Surya, Adita nomlari bilan ham ataydilar. U butun koinotni uch qadamda bosib o‗tishi va
havoda muallaq yura olishi xususiyati bilan tavsiflanadi. Yarim inson, yarim xudo
shaklidagi qahramon Krishna Vishnuga qo‗shilib ketgan deb tasavvur qilinadi.
Maxabxarata va
Ramayana dostonlarida Avatara, ya‘ni insonning Vishnuga qo‗shilib
ketishi haqida so‗z yuritiladi. Vishnu gohida to‗rt qo‗lli qilib tasvirlanadi. Vishnuning
ommaviy ibodat marosimlari ba‘zan juda murakkablashib uzoq vaqt davom etadi. U hech
qachon inson yoki hayvonning qurbonlik qilishni talab qilmagan.
Vishnuizmda ham o‗zining muqaddas hayvoni bor. U maymundir. Rigvedada
Vrishakani (erkak maymun) timsolida Xanumanning ajdodini ko‗rish mumkin, degan
rivoyat keltiriladi. Shuning uchun maymun Ram («Ramayana» dostonidagi odam-
xudo)ning ittifoqchisi maymun-xudo Xanumanning vakili sifatida ulug‗lanadi.
Hinduizmda bayramlar ma‘lum bir oqimga tegishli bo‗lsa-da, ular ommaviy tarzda
nishonlanadi. Masalan, Krishna (avgust) va Shivaning (fevral) tug‗ilgan kunini
nishonlashda shivachilar ham, vishnuchilar ham, garchi bayramga har bir oqim o‗zicha
ma‘no
bersa-da, teng ishtirok etadilar. Qadim zamonlardan ulug‗ bayramlar qatorida
muqaddas joylarni ziyorat qilish Hindiston diniy hayotida muhim ahamiyat kasb etgan.
Vedalarda faqatgina ayrim joylarni ziyorat qilishga ruxsat etilgan bo‗lsa, Maxabxaratada
Hindistonning shimolida joylashgan bir necha muqaddas ziyoratgohlar aniq ko‗rsatib
o‗tilgan.
Hinduizmning aqidaviy, marosimiy va ramziy sohalardagi juda ham murakkab
tizimi unga e‘tiqod qiluvchilarning turlicha talqinida yana ham murakkablashib ketadi.
Garchi, hinduizm ilohiyotchilari tomonidan uni animistik va butparastlik asoratlaridan
tozalab, taraqqiy etgan dinlar qatoriga ko‗tarishga harakat qilsalar-da, xalq ommasi
doirasida u juda ham sodda, but va ruhlarga sig‗inish xususiyatlarini to‗la saqlagan holda
davom etmoqda.
Dostları ilə paylaş: