Anketa metodi. Oila muammolari yuzasidan olib borilayotgan ilmiy tadqiqot jarayonida anketa metodi yordamida kuzatish hamda suhbat jarayonida to’plangan dalillar boyitiladi. Muammo yuzasidan tuzilgan savollar asosida respondentlar bilan muloqotni tashkil etish anketa metodiga asoslanadi. Odatda anketa savollariga javoblar yozma holda olinadi. O’rganilayotgan jarayon mohiyatidan kelib chiqqan holda anketa ochiq yoki yopiq savollardan tashkil topadi. Ochiq savollarga asoslangan anketa respondentlarning muammo yuzasidan erkin, batafsil javob berishlari uchun imkon beradigan savollardan tarkib topadi. Yopiq savollarga ega bo’lgan anketa bilan ishlashda esa respondentlar “ha”, “yo’q”, “qisman”, “ijobiy”, “qoniqarli”, “salbiy” va h.k. tarzdagi javob variantlaridan birini tanlaydilar.
Oila masalalariga bag’ishlangan ilmiy tadqiqot ishlari jarayonida anketa metodini qo’llashda quyidagi shartlarga amal qilish talab etiladi:
savollar tadqiq etilayotgan oilaviy muammo mohiyatini yoritishga xizmat qilishi lozim;
javoblar muayyan mezonlar asosida puxta tahlil etilishi shart.
Test metodi. Ilmiy tadqiqot metodlaridan yana biri bu test metodidir. Ushbu metod orqali oila masalalari yuzasidan ilmiy tadqiqot jarayonida respondentlar tomonidan mavjud nazariy bilim, amaliy ko’nikma, malakalar darajasini aniqlashga xizmat qiladi. Test metodi:
ochiq turdagi testlar;
yopiq turdagi testlar;
to’g’ri javob variantlari qayd etilgan savollardan iborat bo’ladi.
Metodning afzalligi javoblarning aniq mezonlar bo’yicha tahlil etish imkoniyati mavjudligi, vaqtning tejalishi bilan tavsiflanadi.