Guliston davlat universiteti pedagogika va psixologiya kafedrasi-fayllar.org (2)
"Men” obrazini o‘zgartirish texnikasi-shaxsning ayrim (muhim) vaziyatlarda o‘z xatti-harakatlaridan qoniqmaslik holatlarini korreksiya qilishda qo‘llaniladi. Bunda shaxsning hayoti va faoliyatini buni muhim, mas’uliyatli bo‘lgan vaziyatlardagi samarasiz hisoblangan xulq-atvor dasturini mazkur texnologiya yordamida nisbatan samarali dasturga o‘zgartirish mumkin bo‘ladi.
Mazkur texnikadan pedagogik korreksiyada pedagoglar quyidagi tartibda foydalanishlari mumkin:
1.
O‘quvchiga o‘z muammosi mazmunini anglashi va so‘z yoki so‘z birikmalari yordamida aniq ifodalashi taklif qilinadi. Bunda sodir etilishi rejalashtiriladigan korreksion o‘zgarishlar faqatgina ko‘rilayotgan muammoga taalluqli bo‘lib, shaxs faoliyatining boshqa sohalariga ta’sir etmasligi ahamiyatga ega bo‘ladi.
2.
O‘quvchidan muammoli vaziyatda o‘z hissiyot va kechinmalarini og‘zaki ifodalashi so‘raladi. Bunda o‘quvchi sodir bo‘ladigan psixofiziologik o‘zgarishlarning muammoli vaziyat bilan bog‘liqligini aniqlash muhim sanaladi.
3.
O‘quvchiga mazkur muammoli vaziyatda o‘z xulq-atvorini tashqaridan - dissotsiatsiyalashgan holda kuzatishi taklif qilinadi.
4.
O‘quvchidan chap mushtini (chapaqaylarda esa o‘ng mushtini) borgan sari qattiq siqib va shunga mos ravishda muammoli vaziyatdagi o‘z obrazini borgan sari salbiy tomonga o‘zgartirib, maksimal darajada yoqimsiz holatga keltirishi taklif qilinadi. Salbiy kechinmalar eng yuqori cho‘qqiga ko‘tarilganida o‘quvchi mushtini ochib yuborishi kerak bo‘ladi.
5.
O‘quvchiga o‘zi uchun eng ma’qul bo‘lgan holatni modellashtirish taklif qilinadi. Bunda ma’qul bo‘lgan holatda xulq-atvorining o‘zgarishi, ekspressiyasi, qomatini tutishi, gapirish ohangi, nutqining tezligi, atrofga nigoh tashlashi kabi detallarga e’tibor qaratilishi muhim sanaladi.
6.
O‘quvchidan o‘ng mushtini (chapaqaylardan esa chap mushtini) borgan sari qattiq siqib, o‘ziga maqul holatini imkon qadar ijobiy tomonga, maksimal darajada yoqimli qilib o‘zgartirishi so‘raladi. Ijobiy kechinmalar o‘zining maksimal darajasiga ko‘tarilganida mushtini ochib yuborishi kerak bo‘ladi.
7.
O‘quvchi ikkala qo‘llarini ikki tomonga keng ochib, ularni bir- biriga yaqinlashtirish jarayonida kaftlari bilan har ikkala obrazni - muammoli va ma’qul holatdagi obrazlarini sinxron ravishda fikran yaqinlashtirishi kerak bo‘ladi.
8.
So‘ng, har ikkala obraz bir-biriga qo‘shilib birlashgach, o‘quvchiga hosil bo‘lgan obrazga kirish - assotsiatsiyalashish taklif qilinadi, kechinmalarni ko‘zdan kechirishi, his qilishga intilishi taklif qilinadi. Kechinmalar tugaganidan so‘ng o‘quvchiga mazkur holatdan chiqish so‘raladi.
“Men” obrazini o‘zgartirish texnikasi o‘quvchi ongidagi mavjud bo‘lib, uning faoliyati uchun samarasiz bo‘lgan obraz dasturini faoliyati uchun nisbatan samarali hisoblangan yangi obraz dasturiga o‘zgartirishga yordam beradi.