Isitish qurilmalariga qo‘yilgan asosiy talablar ishlab chiqarish xonalarida havo haroratini me’yordagi miqdorda sanitar-gigiyenik talablar asosida saqlash va ishchilar uchun sog‘lom ish sharoitini ta’minlashdan iboratdir. Mehnat muhofazasi nuqtayi nazaridan qaraganda isitish tizimlari ishlab chiqarish binolari va ish joylari havosi haroratini butun isitish mavsumi davomida bir xil bo‘lishini ta’minlashi, yong‘in va portlashga xavfsiz bo‘lishi, issiqlikni belgilangan miqdorda berishi, havoni ifloslamasligi, shamollatish tizimlari bilan bog‘liq hamda foydalanishda qulay bo‘lishi zarur.
1sitish qurilmalari mahalliy va markaziy isitish tizitmlariga bo‘linadi. Mahalliy isitish – elektrik, gazli yoki boshqa turdagi issiqlik manbaidan (ko‘mir, o‘tin va b.) foydalanuvchi isitish jihozlari yordamida amalga oshiriladi va ular asosan asosiy ishlab chiqarish binolaridan uzoqda joylashgan binolarda hamda mashina va traktorlarning kabinalarida ishlatiladi.
Markaziy isitishsuv, bug‘, suv-bug‘ va havo bilan ishlovchi qurilmalarga bo‘linadi.
Suv bilan isitish qurilmalari foydalanish jihatidan eng qulay va oddiy hisoblanadi. Markaziy suv bilan isitish tizimlarida issiqlik ta-shuvchi sifatida qaynoq suvdan foydalaniladi. Isitish jihozlari sifatida esa silliq va qovurg‘asimon quvurlar hamda radiatorlar ishlatiladi.
Suv bilan isitish tizimlari past yoki yuqori bosimli bo‘lishi mumkin. Past bosimli suv bilan isitish tizimlarida suvning harorati isitish jihozlariga kirish vaqtida 85–95oС, ulardan qaytib chiqishda esa 65–70oС atrofida bo‘ladi. Quyidagi 3.1-chizmada past bosimli suv bilan isitish tizimining shakli keltirilgan. Ushbu shakldan ma’lumki, qaynoq suv bug‘ qozonidan ochiq kengaytiruvchi idishga kelib tushadi va u isitish jihozlaridan yuqorida o‘rnatilgan bo‘ladi. Keyin esa, suv o‘z oqimi bilan isitish jihozlariga, isitish jihozlaridan esa qaytib yana qozonga tushadi. Kengaytiruvchi idish suvni qaynashi natijasida kengayishini muvozanatlashtiradi hamda trubalarni ishdan chiqishdan saqlaydi. Bundan tashqari, bu idish yordamida tizimga kirib qolgan havo chiqarilib yuboriladi.
Suvning bunday sirkulatsiyalanish shakli tabiiy yoki gravitatsion tizim deb ataladi. Bunday tizim suv qaynatish qozonlaridan eng uzoq joylashgan isitish jihozlarigacha bo‘lgan masofa 50 metrdan ortiq bo‘lmagan hamda qozon bilan eng pastda joylashgan isitish jihozi orasidagi vertikal masofa 3 m.dan kam bo‘lmagan hollarda ishlatiladi. Chunki shunday bo‘lgan taqdirdagina tabiiy suv aylanish jarayoni amalga oshadi.