Tadqiqotning manbalari. Ishning asosiy tadqiqot manbalarini Yusuf Xos
Hojibning “Qutadg’u bilig”, Nosiruddun Rabg’uziyning “Qissasi Rabg’uziy”, Alisher Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat”, va “Layli va Majnun” kabi asarlaridagi misollar tahlili asosida yuritildi.
Tadqiqot natijalarining amaliyotga joriy qilinishi.BMI mavzusi Alisher
Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘zbek tilshunosligi kafedrasi yig‘ilishida muhokama qilinib, himoyaga tavsiya qilingan.
BMIning ilmiy-tadqiqot ishlari rejasi bilan bog‘liqligi. Mazkur tadqiqot
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti kafedrasining ilmiy-tadqiqot ishlar rejasi asosida amalga oshirilgan.
Ishning tuzilishi. Mazkur BMI kirish, 3 bob, umumiy xulosalar va
foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxatidan iborat.
I BOB
O‘ZBEK TILSHUNOSLIGIDA QO‘SHMA GAPLARNING O‘RGANILISHI 1.1. Ergash gapli qo‘shma gaplar, ularning tasnifi masalasi. Qo‘shma gap til sintaktik sathining oliy birligidir. Sodda gap ham sintaktik sath birligi hisoblansa-da, u qo‘shma gapga qaraganda anchayin ixcham birlikdir. Qo‘shma gap sodda gapda neng avvalo mazmun sig’imining kattaligi, mazmuniysintaktik tuzilishining o‘ziga xosligi, murakkabligi bilan farqlanadi. Albatta, har ikki gap turi - sodda gap ham, qo‘shma gap ham muayyan hukm ifodachisi sifatida mavjud bo‘lsa-da, tilning kishilar o‘rtasida aloqa vositasi bo‘lishday eng muhim vazifasi bevosita gaplarda namoyon bo‘lsa-da, sodda va qo‘shma gaplar tuzilishi va mazmuniy tarkibi hamda bu tarkibni yuzaga keltiruvchi uzvlar munosabati ularning har birida mutlaqo o‘ziga xosdir. Mantiq fani nuqtai nazaridan olib qaraladigan bo‘lsa, sodda gaplarda asosan sodda hukm, qo‘shma gaplarda esa murakkab hukm ifodalanadi.1 CHozirgacha mavjud lingvistik adabiyotlarda qo‘shma gaplar grammatik shakli va komponentlarining munosabatiga qarab bog’lovchisiz, bog’langan ergash gapli qo‘shma gaplarga bo‘lib o‘rganilayotganini kuzatamiz. Ammo mazkur ishimizning mavzusi keng komponentli murakkab sintaktik qurilmalar bilan bevosita bog’liq bo‘lgani uchun quyida, asosan, qo‘shma gapning bog’lovchili va bog’lovchisiz turlari xususida mulohaza yuritamiz.
O‘zbek tilidagi ergash gaplarning tasnifi umuman boshqa tillardagi ergash gaplarning tasnifiga yaqin turadi. Bu tasodifiy emas, albatta. Chunki turkiy tillardagi, shuningdek, boshqa tillardagi ergash gap nazariyasi sodda gap nazariyasi bilan uzviy bog‘langan. Ergash gaplarni sodda gaplardagi muayyan bo‘laklarni nisbatlash tilshunoslarda juda uzoq an’anaga ega .
Ayrim tilshunosliklarda, masalan, ispan tilshunosligida ergash gaplarning vazifasini so‘z turkumlarining sodda gaplardagi vazifasi bilan tenglashtirishdan iborat qarash ham bor. Lekin bu qarashlar ham avvalgi qarashdan mohiyatan unchalik farq qilmaydi.
Rus tilshunosligida bunday qarashlarning shakllanishiga batafsil to‘xtab o‘tilmasdan, V.A.Beloshapkovaning umumlashtirishlariga murojaat qilib qo‘ya qolgan ma’qul. U yozadi: “Rus sintaksis ilmida turli davrlarda ergash gapli qo‘shma gaplarni tasniflashning uch prinsipi ilgari surilgan edi. Ergash gapli qo‘shma gaplarni yaxlitligicha sodda gaplarga, ergash gaplarni esa sodda gap bo‘laklariga o‘xshatishga asoslangan tasnif juda keng tarqaldi. Bu prinsipga asoslangan tasnif qolipi o‘zining mohiyat e’tibori bilan XIX asrning o‘rtalarida shakllandi. Uning yaratilishida F.I.Buslayevning xizmatlari benihoyat kattadir. Bu tasnifning asosiy prinsipiga muvofiq ergash gaplar orasida ega, kesim, to‘ldiruvchi, aniqlovchi va hol ergash gaplar farqlanadi, hol ergash gaplarning turlari sifatida o‘rin, ravish, daraja va miqdor, payt, sabab, maqsad, shart, to‘siqsizlik ergash gaplar ajratiladi.
Ergash gaplarning bosh gapni yaxlitligicha izohlashi yoki uning biror bir bo‘lagi bilan aloqador bo‘lishi haqidagi qarash turkiyshunoslikda ham keng tarqalgan. Masalan, M.A.Asqarova shunday ta’kidlaydi: “Ergash gap esa mazmun va strukturasiga ko‘ra bosh gapdan ko‘ra boshqacharoq tuzilib, bosh gapning bo‘lagini yoki bosh gapni yaxlitligicha izohlaydi”. Ozarbayjon tilidagi ergash gapli qo‘shma gaplardagi bosh va ergash gap munosabatidagi ayni xususiyatni ta’kidlagan holda A.Z. Abdullayev va A.G.Javodovlar turkiy tillardagi, xususan, ozarbayjon tilidagi ergash gapli qo‘shma gaplarni ikki mazmuniy - sintaktik guruhga – bir mazmuniy va ikki mazmuniy yadroli gaplarga ajratishni tavsiya qiladilar. Bunda ular bosh gapdagi biror bo‘lakni izohlaydigan ergash gapli qo‘shma gaplar ko‘proq bir mazmuniy yadroga va bosh gapni yaxlitligicha izohlaydigan ergash gapli qo‘shma gaplar ko‘proq ikki mazmuniy yadroga ega bo‘lishini aytadi. Lekin, garchi mualliflar bunday tasniflashni barcha turkiy tillar uchun tavsiya qilayotgan bo‘lsa-da, uni o‘zbek tili uchun to‘lig‘icha tatbiq etib bo‘lmaydi. Chunki ular farqlayotgan bir mazmuniy yadroli va ikki mazmuniy yadroli qo‘shma gaplar tushunchalari bir denotativ voqeani ifodalagan.
G‘.Abdurahmonov ergashgan qo‘shma gaplarda ikki yoki undan ortiq sodda gaplar o‘zaro hokim-tobe munosabati orqali bog‘lanishi, ergash gap bosh gapga tobe bog‘lanib, bosh gapdagi biror bo‘lakni izohlab kelishi, bosh va ergash gap grammatik hamda mazmunan jips bog‘lanib, yaxlit birlikni tashkil etishi va umumiy bir fikrni ifodalashini qayd etadi. Ular o‘zaro fe’lning amaliy shakllarining qo‘llanishi (turli grammatik vositalar bilan birikkan sifatdosh, ravishdosh va shart fe’li), yordamchi so‘zlar orqali munosabatga kirishishini ta’kidlaydi . 2 Sintaktik o‘rin gapdagi predikatni ifodalagan so‘zning ma’nosi va, demak, valentligiga ko‘ra yuzaga keladi. Boshqacha aytganda, bosh gapning kesimi vazifasidagi so‘zning ma’nosi va valentligi ergash gapning mohiyatini va qo‘llanishini ta’minlaydi. Predikatning valentligiga ko‘ra yuzaga keladigan sintaktik o‘rin, agar predikatning mazmuniy imkoniyati yo‘l qo‘ysagina, tobe predikativ birlik tomonidan egallanishi mumkin. Aks holda ergash gapli qo‘shma gap tarkib topmaydi. Shuning uchun ham ayrim tilshunoslar ergash gapli qo‘shma gap tarkibini tasvirlashda valentlik nazariyasidan foydalanadilar. Ergash gapli qo‘shma gaplarning mazmuniy sintaksisni o‘rganishda ham o‘rni bilan valentlik nazariyasiga murojaat qilish maqsadga muvofiq.
Aytilgan mulohazalardan shu narsa kelib chiqadiki, ergash gapli qo‘shma gaplarni o‘rganishda baribir sodda gaplardagi bo‘laklarning vazifalaridan andoza olgan ma’qul. Chunki yaxlit pozitsion struktura (sintaktik o‘rinlar tizimi ) sifatida ergash gapli qo‘shma gaplar sodda gaplardan deyarli farq qilmaydi. Ergash gapli qo‘shma gaplarda gapning grammatik “sinchi” (karkasi), asosini bevosita bosh gap tashkil qiladi. Ergash gap esa u yoki bu tarzda ana shu bosh gap tarkibiga muayyan bir bo‘lak sifatida kiradi. “Bosh gap tarkibidagi muayyan bo‘lakni izlaydigan ergash gaplar” deb ajratilganda ham shu narsa nazarda tutiladi.
“Bosh gapni yaxlitligicha izohlaydigan ergash gaplar “ degan ibora aslida ham bosh gapdagi muayyan bir bo‘lak – hol vazifasida kelishga xoslangan.
N.Mahmudov yozadi: “Ergash gaplarning bu tipini baholashda ko‘pincha ayrim tilshunoslar ularnib hol ergash gaplar deyishdan o‘zlarini tiyadilar. Shu munosabat bilan R.Sayfullayeva: “Hol ergash gapli qo‘shma gap bilan ikkinchi darajali bo‘laklardan biri bo‘lgan hol turlarining son jihatdan teng kelmasligidan cho‘chiymizmi?! Hol predikativ birlik emas, balki u gap bo‘lagidir. Hol ergash gap esa predikativ birlik bo‘lib, diskursning bir elementi. Demak, hol bilan hol ergash gapni bir planda o‘rganib bo‘lmaydi, ular semantik turlarining son jihatdan teng bo‘lishi shart emas”. Lekin R.Sayfullayeva bir an’anadan chiqib keta olmaydi” 3.
Aslida “butunicha izohlaydi”, “bosh gapga butunicha aloqador bo‘ladi” qabilidagi iboralarning o‘zi aniq emas. Qanday qilib ergash gap yaxlit bosh gapni izohlashi mumkin? Har qanday gap bo‘lagi (aniqlovchi bundan mustasno) funksional jihatdan faqat kesimga aloqador bo‘ladi. Keng ma’nodagi hol sintaktik o‘rnini egallagan predikativ birlik, ya’ni, demak, ergash gap ham yaxlit bosh gapga emas, balki uning bir konstruktiv bo‘lagi – kesimga aloqador bo‘ladi. Masalan: Bahor kelgach, o‘lkamizning hamma yerida gullar ochiladi gapidagi ergash gap (bahor kelgach) bosh gapning kesimi vazifasidagi ochilmoq fe’lining ma’nosi va valentligiga ko‘ra mavjud bo‘lgan va payt ifodasi bilan berilishi lozim bo‘lgan sintaktik o‘rinni berkitadi, ya’ni bosh gapdagi hol vazifasidagi predikativ bo‘lak sifatida bevosita kesimga bog‘lanadi. Hatto ergash gapning o‘rnini ham almashtirish mumkin: O‘lkamizning hamma yerida gullar bahor kelgach, ochiladi. Bunday tip ergash gapli qo‘shma gaplarda ergash va bosh gaplar bir qadar birbiridan mustaqilday tuyuladi, bosh gapdagi biror bo‘lak bilan aloqalanadigan ergash gapli qo‘shma gaplarda ega bunday emas, ergash va bosh gaplar anchayin zichroq bog‘langan. Bu holat ham, ehtimol, oldingi tip gaplarda ergash gap yaxlit bosh gap bilan aloqalanadi, degan qarashlarga olib kelsa kerak. Ammo gapdagi sintaktik o‘rinlar orasida hol sintaktik o‘rni o‘zining nisbiy mustaqilligi bilan alohida ajralib turadi. Boshqacha aytganda, gapning hol bo‘lagi, shubhasiz, kesimga tobe bo‘lsa-da, kesim pozitsiyasidagi so‘zning kuchli sintagmatik valentligini mutaqo reallashtira olmaydi. Ta’kidlash lozimki, hol gapning asosiy mazmunini tashkil qiluvchi voqea bilan u yoki bu jihatdan bog‘langan voqeani ifodalovchi gap bo‘lagi bo‘lib mazmun tomondan “gap ichida gap ifodalovchi” sifatida kelishdek o‘ziga xoslik bilan xarakterlanadi. Bu, tayinki, predikativ birliklarni bu sintaktik o‘rinni egallab, u sodda gapda bo‘lsa ham, ergash gapli qo‘shma gapda bo‘lsa ham nisbatan erkin deb qarash mantiqiydir.
Ko‘rinadiki, ergash gaplarning har qanday turi ham u yoki bu tarzda bosh gapda muayyan bir gap bo‘lagi bilan aloqalanadi. Tabiiyki, bu aloqalanish usullari xilma xil. Lekin bundan boshqacha deb qarash, ya’ni ergash gap yaxlit bosh gap bilan aloqalanadi, deb qarash bosh gapdagi kesimning mazmuniy – sintaktik maqomini kamsitishga olib keladi. Shuning uchun ham N.A.Baskakov hozirgi turk tilidagi ergash gaplarni quyidagicha guruhlarga ajratadi:
Bosh gapdagi substantiv bo‘laklar bilan aloqalanadigan ergash gaplar. Bu guruhga ega va to‘ldiruvchi ergash gaplarni kiritadi.
Bosh gapdagi atributiv bo‘laklar bilan aloqalanadigan ergash gaplar. Bu guruhga ega va to‘ldiruvchi ergash gaplar kiradi.
Bosh gapdagi atributiv – hol bo‘laklar bilan aloqalanadigan ergash gaplar. Bu guruhga sabab-natija, shart, to‘siqsiz, maqsad, payt, o‘xshatish va chog‘ishtirish ergash gaplarni kiritadi.
Ergashgan qo‘shma gaplarning guruhlanishi ergash gapning bosh gapdagi qaysi bo‘lakning izohlab kelishiga qarab belgilanadi. Shuni aytish kerakki, ergash gaplarning tasnifida tilshunoslar o‘rtasida umumiylik bor. O‘zbek tilshunosligida ergash gaplar mazmuniy – shakliy jihatdan 14 turga ajratiladi: 1) ega, 2) kesim, 3) to‘ldiruvchi, 4) aniqlovchi, 5) ravish, 6) o‘lchov daraja, 7) chog‘ishtirisho‘xshatish, 8) sabab, 9) maqsad, 10) payt, 11) o‘rin, 12) shart, 13) to‘siqsiz, 14) natija ergash gaplar4 . N.Mahmudov ham ergashgan qo‘shma gaplar semantikasini ayni shu tasnif asosida tahlil etadi5. G‘.Abdurahmonov esa ularni quyidagi turlarga ajratadi: 1) aniqlovchi, 2) to‘ldiruvchi, 3) ega, 4) kesim, 5) payt, 6) sabab, 7) shart, 8) maqsad, 9) to‘siqsiz, 10) natija, 11) ravish, 12) qiyos, 13) umumlashtiruvchi - izoh ergash gaplar6. Uning bu tasnifida yuqoridagi barcha qo‘shma gaplar aks etgan bo‘lsa-da, qiyos va umumlashtiruvchi ergash gaplar asossiz maydalashtirilib yuborilgan. Masalan, umumlashtiruvchi - izoh ergash gapli qo‘shma gaplar tabiati haqida to‘xtalar ekan, u shunday yozadi: «Ergash gaplarning shunday turlari borki, ular bosh gapga analitik-sintetik yo‘l bilan bog‘lanadi. Bu holda bosh va ergash gap o‘zaro nisbiy olmoshlar orqali birikib, ergash gapning kesimi shart mayli orqali ifodalanadi. Demak, bunday ergash gaplar bosh gapga asosan leksik vositalar va shart mayli orqali bog‘lanadi. Bu bog‘lanish ikki tomonlama bo‘lib, bog‘lovchi leksik vositalar ham ergash gap, ham bosh gap tarkibida qo‘llanadi»
Bunday qo‘shma gaplarga shunday misollar keltiradi: Kimning ko‘ngli to‘g‘ri bo‘lsa, uning yo‘li ham to‘gri bo‘ladi (Maqol). Kimki har yili chigitni yerning namiga erta ekar ekan, u mo‘l hosil oladi (Gaz.). Qayerdaki tartib buzilar ekan, u yerda xo‘jalik katta zarar ko‘radi7.
Yuqorida ta’kidlanganidek, ergash gaplarning tasnifi ularning bosh gapdagi qaysi bo‘lakning izohlashi bilan belgilanadi. Yuqoridagi misollarning birinchisida ergash gap bosh gapdagi aniqlovchini, ikkinchisida egani, uchinchisida esa o‘rin holini izohlab kelmoqda. Anglashiladiki, bu tasnifda yuqoridagi tamoyil buzilgan. Bu o‘rinda N.Mahmudov iborasi bilan aytganda, havola bo‘laklarning ishtiroki asos qilib olingan8. Quyida adib asarlaridagi qo‘shma gaplar semantikasi haqida so‘z yuritamiz. Alisher Navoiy nasriy asarlarida bir bosh bo‘lakli ergash gapli qo‘shma gaplarning ayni subyektli va turli subyektli turlari qayd qilinadi.
Alisher Navoiy asarlaridagi ayni subyektli bir bosh bo‘lakli ergashgan qo‘shma gaplarni tadqiq etish jarayonida shu narsa alohida ko‘zga tashlandiki, bunday gaplar shart ergash gapli qo‘shma gaplar doirasida ko‘proq xoslangan ekan.
Akademik V. Vinogradovning fikriga ko‘ra, qo‘shma gapning, shu jumladan, bog’langan va bog’lovchisiz qo‘shma gaplarning ham tarkibiy qismlari struktursintaktik va mazmuni jihatlaridan bir-biri bilan aloqada bo‘ladi. Bog’langan qo‘shma gap tarkibiy qismlari, ergash gapli qo‘shma gap tarkibiy qismlaridan farqli ravishda, teng bog’lanishli, teng munosabatli ko‘rinsada, bu tarkibiy qismlarning faqat birinchisi erkin qurilishli deb hisoblash mumkin, ikkinchisi struktur ko‘rinishi hamda sintaktik holatiga ko‘ra birinchisiga qandaydir ma’noda tobe bo‘ladi. Bog’lovchisiz qo‘shma gap tarkibiy qismlari esa ritm hamda melodik vositalar, leksik unsurlar ishirokida aloqaga kirishadi va bunda ham analogik vaziyat kuzatiladi9. V. Vinogradovning mazkur fikri ancha asosli. Chunki bog’langan va bog’lovchisiz qo‘shma gaplar komponentlarining o‘zaro semantik va sintaktik munosabatlari shundan dalolat beradi. Bu, ayniqsa, qo‘shma gapning kommunikativ vazifa bajarishida aniqroq namoyon bo‘ladi. Biroq, V. Vinogradov tomonidan qo‘llangan “tobelik” tushunchasi ayni paytda ergash gapning bosh gapga tobelik darajasi bilan tenglashtirmaslik lozim.
Qo‘shma gap ikki yoki undan ortiq sodda gaplarning mexanik tarzdagi birikuvini emas, balki muayyan kommunikativ vazifa bajarilishi uchun xizmat qiluvchi shakliy va mazmuniy butunlikni tashkil qilgan sintaktik qurilmalar birikuvini taqozo etadi. Shu bois qo‘shma gap o‘ziga xos murakkab shakl, ma’no hamda ohang butunligi mahsuli sanaladi.
G’.A.Abdurahmonov bog’langan qo‘shma gaplarning tarkibiy qismlari nisbiy mustaqillikka ega ekanligini, buni qo‘shma gapda qo‘llanilgan bog’lovchi vosita ko‘rsatib turishini ta’kidlaydi. Ammo, olimning e’tirof etishicha, bu mustaqillik grammatik jihatdandir, zotan, bog’langan qo‘shma gapda ham uning komponentlari kesimlari alohida olinganda ma’lum bir niyat anglashilmaydi, bir qism mazmuni ikkinchisini talab qiladi10.
G’. A. Abdurahmonov bog’langan qo‘shma gaplar nafaqat turkiy tillarda, balki umumiy tilshunoslik doirasida ham eng kam o‘rganilganligini to‘g’ri ta’kidlaydi va buning asosiy boisi bog’langan qo‘shma gaplarning og’zaki nutqda kam qo‘llanishida ekanligini eslatadi.
G’. A. Abdurahmonov bog’langan qo‘shma gaplar, bog’lovchisiz qo‘shma gaplar farqli ravishda, yopiq gap qurilmalarini tashkil etishini aytadi va ularning ikki tarkibiy qismdan tashkil topishini ko‘rsatadi. Bundan tashqari, olim bog’langan qo‘shma gap qismlarining o‘zaro munosabati orqali quyidagi mazmuniy munosabatlar ifodalanishini va mazkur munosabatlarning har birini mukammal yoritadi:
Qiyoslash munosabati
Biriktiruv munosabati
Ayiruv munosabati
Sabab va natija munosabati
Izohlash munosabati11
M. Asqarova bog’langan qo‘shma gapni teng bog’lovchilar orqali birikkan, biri ikkinchisiga grammatik jihatdan tobe bo‘lmagan, teng huquqli predikativ qismlardan tashkil topgan qo‘shma gapli sintaktik qurilma sifatida talqin etadi va qo‘shma gap tarkibidagi komponentlar o‘zaro biriktiruv, chog’ishtiruv, ayiruv, zidlov, inkor munosabatlarini ifodalovchi teng bog’lovchilar yoki bog’lovchi vazifasidagi –da, -u (-yu) yuklamalari vositasida bog’lanishini aytadi12.
M.Asqarova bog’langan qo‘shma gap komponentlarining mustaqilligi nisbiy ekanligini ta’kidlaydi va bu haqda quyidagilarni yozadi: “Qo‘shma gap xususan, bog’langan qo‘shma gap tarkibidagi komponentlar alohida-alohida ajratib qaralsa, ularning har biri mustaqil gapga tengday ko‘rinadi, lekin ular qo‘shma gap tarkibida fikriy tugallikka (to‘liq mustaqillikka) ega bo‘lmaydi. Shu jihatdan bunday komponentlarni mazmunan nisbiy mustaqillikka ega deyish to‘g’riroqdir”.
Ko‘rinadiki, M. Asqarova bog’langan qo‘shma gap tarkibiy qismlarining har biri mustaqil gapga tengday ko‘rinishiga qaramay, ular qo‘shma gap tarkibida mazmuniy jihatdan to‘liq mustaqil bo‘la olmasligini, faqat nisbiy mustaqil ekanligini to‘g’ri ta’kidlaydi. Bizningcha ham, bog’langan qo‘shma gap komponentlarining nisbiy mustaqilligi mazmuniy jihatdan ham, grammatik jihatdan ham seziladi. Zotan, bunday sintaktik qurilma komponentlarining har ikkisi ham alohida ahamiyatga molik bo‘lgan mustaqil tub strukturalarga tayanadi. Bu esa, o‘z navbatida, ularning nafaqat grammatik jihatdan, balki semantik nuqtai nazardan ham nisbiy mustaqil ekanligidan dalolat beradi. Chunki tub struktura – bu ichki semantik struktura demakdir.
Yuqoridagilardan tashqari, M.Asqarovaning bog’langan qo‘shma gaplarda birinchi komponent erkin tuzilishi, ikkinchi komponent esa bog’langan qo‘shma gap komponentlari orasidagi munosabatga bog’liq holda qurilishi xususidagi mulohazalari ham e’tiborga molikdir.13 Xususan, bo‘lsa, esa so‘zlari ishtirokida tuzilgan ikkinchi komponent buning dalili bo‘lishi mumkin.
M.Asqarova bog’lovchi vositalarsiz shakllangan qo‘shma gaplar komponentlari o‘zaro bog’lovchilar va grammatik formalarsiz, faqat intonatsiya bilan sintaktik butunlik hosil qilishini eslatadi. Qo‘shma gapning bu turi M. Asqarova fikriga ko‘ra, tuzilishi jihatidan ba’zan bog’langan qo‘shma gapga, ba’zan esa ergash gapli qo‘shma gapga o‘xshaydi.
G’.Abdurahmonov, A.Sulaymonov, X.Xoliyorov, J.Omonturdiyevlarning “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” qo‘llanmasida bog’langan qo‘shma gapning asosiy grammatik belgisi teng bog’lovchilar ekanligiga alohida urg’u beriladi va qo‘shma gapdan farqli ravishda, ayirish mazmuniy munosabatining keng qo‘llanishi, sabab va natija mazmuni munosabatini ifodalovchi qurilmalarning mustaqilligi va har bir semantik munosabat ichida o‘ziga xos mazmun ifodalarining mavjud bo‘lishi qayd
etiladi14.
B. O‘rinboyev tadqiqotlarida ham bog’langan qo‘shma gaplarda sodda gaplarni o‘zaro biriktirish uchun teng bog’lovchilar qo‘llanishi ta’kidlanadi va bunda birinchi gap, odatda, erkin holda tuzilgan bo‘lishi eslatiladi.
N. Turniyozov “Bog’langan qo‘shma gap” va “bog’lovchisiz qo‘shma gap” terminlarining qo‘llanishi madsadga nomuvofiq ekanligi qayd etadi. Chunki qo‘shma gapning har qanday turi komponentlari ham o‘zaro qandaydir vosita orqali bog’langan bo‘ladi. Shu bois N. Turniyozov “bog’lovchili bog’langan qo‘shma gap” va “bog’lovchisiz bog’langan qo‘shma gap” terminlaridan foydalanish ma’qul ekanligini aytadi. Bundan tashqari, N. Turniyozov bog’lovchili va bog’lovchisiz bog’langan qo‘shma gaplar tarkibiy qismlarning teng huquqli ekanligi birinchi navbatda ularning tub strukturalari qo‘shma gapning tashkil etilishida alohida ahamiyatga egaligi bilan izohlanishini ko‘rsatadi, zero, bunday gaplar komponentlarining har biri mustaqil (alohida) tub strukturaga tayanadi. Ergash gapli qo‘shma gaplarning esa semantik strukturasi ham, sintaktik shakli ham, asosan, hokim gapning tub strukturasiga asoslanadi. Chunki ergash gap o‘zi uchun emas, balki hokim mavqega ega bo‘lgan ikkinchi bir gap uchun xizmat qiladi.