Atrof tabiiy muhitning davlat monitoringi — atrof tabiiy muhitning ifloslanish darajasini aniqlash, uning ekologik holatini baholash, salbiy jarayonlarning oqibatlarini prognoz qilish bartaraf etish maqsadida atrof tabiiy muhitning biotik va abiotik komponentlarining holatini, ularning ifloslanish va antropogen faoliyatning boshqa zararli ta’sirlari (jarayonlari) tufayli o‘zgarishini hamda tabiiy resurslardan foydalanishni tasdiqlangan dastur bo‘yicha muntazam kuzatish tizimi;
– monitoring ob’ektlari — atrof tabiiy muhitning biotik va abiotik tarkibiy qismlari va tabiiy resurslardan foydalanish, shuningdek, tabiiy muhitga ta’sirning tabiiy, texnogen va tabiiy-texnogen omillari hamda manbalari;
– atrof tabiiy muhit monitoringi tizimi — atrof tabiiy muhitning davlat va ishlab chiqarish monitoringidan iborat bo‘lgan muntazam kuzatishlarning o‘zaro bog‘liq tizimi;
– Atrof tabiiy muhit monitoringi tizimining yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasi — atrof tabiiy muhitning holati va ifloslanish manbalari to‘g‘risidagi axborotni geografik ma’lumotlar hamda zarur ob’ektlar haqida ular bilan bog‘liq bo‘lgan axborotni grafik vizuallashtirish orqali GIS-texnologiyalar asosida to‘plash, tahlil qilish va saqlashning elektron tizimi;
– atrof tabiiy muhitning ishlab chiqarish monitoringi — atrof tabiiy muhitga zararli ta’sir ko‘rsatuvchi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning tegishli xizmatlari tomonidan amalga oshiriladigan atrof tabiiy muhit monitoringi tizimining bir qismi hisoblangan monitoring;
– atrof tabiiy muhit — tabiiy va sun’iy ob’ektlar, shu jumladan atmosfera havosi, Yerning ozon qatlami, yer usti va yer osti suvlari, yer, yer qa’ri, o‘simlik va hayvonot dunyosi;
– atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish — atrof tabiiy muhitni saqlash va tiklashga, xo‘jalik faoliyati va boshqa faoliyatning atrof tabiiy muhitga salbiy ta’sirining oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etishga yo‘naltirilgan davlat va jamoatchilik chora-tadbirlari tizimi;
– fon monitoringi — sanoat va xo‘jalik faoliyati ob’ektlaridan olisda bo‘lgan, insonning aralashishiga minimal darajada jalb etilgan hududlarga barcha atrof tabiiy muhit ob’ektlarida ifloslantiruvchi moddalarning mavjudlik darajasi bo‘yicha qo‘riqlanayotgan tabiiy hududlarda joylashgan statsionar kuzatish punktlarida (postlarda) amalga oshiriladigan uzoq muddatli tizimli kuzatishlar;
– maxsus vakolatli davlat organlari — atrof tabiiy muhitning davlat monitoringini amalga oshirish yuklatilgan davlat boshqaruvi organlari;
– statsionar kuzatish punkti (post) — atmosfera havosi, yer usti va yer osti suvlari namunalarini muntazam olish va keyinchalik kimyoviy tahlil qilish uchun mo‘ljallangan priborlar va uskunalar, shu jumladan, avtomatik stantsiyalar o‘rnatilgan yer uchastkasini o‘z ichiga olgan, atrof tabiiy muhitning holatini va unga ta’sir ko‘rsatuvchi manbalarini oldindan tadqiq etish asosida tanlangan joylarda joylashgan kompleks.