Atrof tabiiy muhitning davlat monitoringi faoliyati O‘zbekiston Respublikasining “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida” qonunining 28-moddasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 5 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida atrof tabiiy muhitning davlat monitoringi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 737-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida atrof tabiiy muhitning davlat monitoringi to‘g‘risidagi Nizom” talabalari asosida amalga oshiriladi.
2.3.Atrof tabiiy muhitning davlat monitoringi O‘zbekiston Respublikasi hududida atrof tabiiy muhitning holati va uning resurslarini kuzatish, hisobga olish, ularga baho berish va ularning istiqbolini belgilashni ta’minlash maqsadida atrof-muhitning davlat monitoringi tizimi tashkil etiladi.
Atrof tabiiy muhitning holati, tabiiy resurslardan foydalanish ustidan kuzatuv maxsus vakolat berilgan idoralar, shuningdek faoliyati atrof tabiiy muhitning holatini yomonlashtiradigan yoki yomonlashtirishi mumkin bo‘lgan korxonalar, tashkilotlar va muassasalar tomonidan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi hududida atrof muhit monitoringi O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi va Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazlari tomonidan amalga oshiriladi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda Davlat ekologiya qo‘mitasi deb ataladi) tomonidan — atmosfera havosi, yer usti suvlari va tuproq ifloslanishi manbalari monitoringi, shuningdek, Davlat ekologiya qo‘mitasi tasarrufidagi qo‘riqlanadigan tabiiy hududlarda o‘simlik va hayvonot dunyosi monitoringini amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazi tomonidan — atmosfera havosi ifloslanishi, yer usti (tabiiy suv oqimlari) suvlar, tuproq ifloslanishi va fon monitoringi bo‘yicha;
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan — asosiy kollektorlarning kollektor-drenaj va meliorativ quduqlar suvlarining sifat tarkibi monitoringi bo‘yicha;
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan — qishloq xo‘jaligi yerlarining ifloslanishi, shuningdek tabiiy yaylovlar o‘simliklarining monitoringi bo‘yicha;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tomonidan — yer osti suvlari ifloslanishi va xavfli geologik jarayonlar monitoringi bo‘yicha;
O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tomonidan — o‘rmon fondi yerlaridagi, shuningdek, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tasarrufidagi boshqa ob’ektlardagi o‘simlik va hayvonot dunyosi monitoringi bo‘yicha;
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan — atrof tabiiy muhitning sanitariya-gigienik monitoringi bo‘yicha amalga oshiriladi.