O’tgan asrning oxirgi yillaridan boshlab, valyuta siyosatini erkinlashtirish iqtisodiy siyosatning asosiy yo’nalishlaridan biriga aylandi. Mamlakatimizda murakkablashgan iqtisodiy holatni hisobga olgan holda milliy valyuta konvertatsiyasiga erishish mamlakatni xalqaro mehnat taqsimotida yanada faolroq ishtirok etishiga zamin yaratdi. Bundan tashqari, to’g’ridan-to’g’ri investitsiyalar o’sdi, eksport va import rag’batlantirildi, jahon xo’jaligiga milliy iqtisodiyotning integratsiyalashuvi tezlashdi, nihoyat, iqtisodiy o’sish va xalq farovonligi oshdi.
2006 yil mobaynida, O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan amalga oshirilgan valyuta siyosati bir muncha qattiq pul – kredit siyosatini o’tkazish va monetar omillarning inflyatsiyaga ta’sirini pasaytirish orqali milliy valyutaning xarid qilish qobiliyatini mustahkamlashga yo’naltirildi. Natijada tahlil qilinayotgan davrda iste’mol narxlari o’sishi(inflyatsiya darajasi) istiqbol ko’rsatkichlaridan oshmadi va 3.7 % ni tashkil etdi.
Kuzatilayotgan iste’mol narxlari dinamikasi va kutilayotgan inflyatsiya tendensiyalaridan kelib chiqqan holda O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki 2006 yil 15 iyuldan e’tiboran qayta moliyalashtirish stavkasini 16 %dan 14 %gacha pasaytirdi. Inflyatsiyaning past darajasini saqlab turilishi va Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasining pasaytirilishi milliy valyuta – so’mning barqarorligini yanada mustahkamlanayotganligidan dalolat beruvchi ko’rsatkichlardir.
2006 yil mobaynida Markaziy bank tomonidan ichki valyuta bozorining barqaror faoliyat ko’rsatishini ta’minlash bo’yicha chora – tadbirlar amalga oshirib borildi. Ko’rilayotgan davrda 25 ta vakolatli banklar chet valyutasida operatsiyalarni amalga oshirish huquqini beruvchi O’zbekiston Respublikasi Markaziy bankining litsenziyasiga ega bo’lgan.
2006 yil mobaynida so’mning AQSh dollariga nisbatan nominal ayirboshlash kursi 4,2
%ga, 2005 yilning mos davriga nisbatan esa 7,9 %ga devalvatsiyalandi. Naqd xorijiy valyutaning ayirboshlash kursi 3,4 %ga, 2005 yil 9 oyi natijalariga nisbatan 7,2 %ga pasaydi. Naqd xorijiy valyuta ayirboshlash kursining devalvatsiyalanish sur’atlari nominal ayirboshlash kursining devalvatsiyalanish sur’atlariga nisbatan bir muncha yuqori bo’lishi ayirboshlash kursining mavsumiy o’zgarishlari bilan bog’liqdir.