Doniyolbiy va Shohmurod. Muhammad Rahimbiy vafotidan so`ng uning amakisi Doniyolbiy otaliq (1758-1785) hokimiyatni o`z qo`liga oldi, u o`z qo`shinni mustahkamlashga va unga tayanib ish ko`rishga harakat qildi, mang`it beklariga katta er-mulkni tanho qilib berdi, xalqdan olinadigan soliqlarni ko`paytirdi. Doniyolbiy davrida Balx, Hisor, Ko`lob, O`ratepa bekliklarining mustaqillikka intilishlari kuchaydi. Doniyolbiy katta er egalarining o`zboshimchaligini sindira olmadi. Doniyolbiy to`ng`ich o`g`li Shohmurodga hokimiyatni topshirdi. Shohmurod darvishona hayot kechirib, bozorda hammollik qilgan, pichoqqa qin yasab sotib ro`zg`or tebratardi, xalq ichida obro`si katta edi.
Amir Shohmurod (1785-1800) yoshligidan xudojo`y, porso bo`lib o`sgan, madrasani bitirib, darvishlik suluki targ`ibotchisi bo`lgan. Xalq unga "Amiri ma`sum" (begunoh amir) unvonini bergan. Shohmurod o`z faoliyatida ommaga tayanib ish tutdi, adolat tamoyillariga qattiq amal qildi. Shohmurodning hayoti nihoyatda kamtorona kechgan: 1 yilda 1 olacha chopon, 1 bo`z ko`ylak kiygan, boshiga 6 gazli bo`z salla, oyog`iga echki terisidan tikilgan saxtiyn mahsi va kovush kiygan.
Shohmurod Samarqand shahrida katta bunyodkorlik ishlarini amalga oshirdi, shahar markazida 6 qirrali chorsu qurilib, "Toqi musaddas" deb atalgan. Shohmurod Samarqanddagi har bir madrasaga imom, muazzin, mudarrislarni o`zi tayinlagan. Talabalar va mudarrislarning maoshi uchun vaqf erlari va mulklar ajratgan. Shohmurod islohatlar o`tkazib, davlatni mustahkamlashga erishdi, boj va xirojdan boshqa soliqlarni kamaytirdi. Rais (muhtasib) va qozi askar (harbiy sud) mansablarining nufuzini oshirgan.
Iqtisodni yo`lga qo`yishda Shohmurod o`tkazgan pul islohati muhim ahamiyat kasb etdi. Ashtarxoniylar davrida tangalardagi kumush miqdori kamayib ketgan edi. Shohmurod joriy qilgan qonun bo`yicha kim mol-mulkka xiyonat qilsa martabasidan qat`iy nazar qattiq jazolanishi lozim edi, bu xalq manfaatlariga tajovuzning oldini oldi.