Bod kasalligi-(forscha— shish degan ma`noni bildiradi) — boʻgʻim ogʻrigʻi (artralgiya), muskul ogʻrigʻi (mialgiya), quymich nervi kasalligi (ishias), pleksit, podagra, radikulit, revmatizm kabi kasalliklarning xalq orasida tarqalgan nomi.
Bodom- (Amygdalus L.) — raʼnodoshlar (anorgullilar oilasi)ga mansub daraxt. Bodomning 40 ga yaqin turi maʼlum. Osiyo, Shimoliy hamda Markaziy Amerikada, Yevropaning janubida, Zakavkazye, Oʻrta Osiyoda tarqalgan. Oʻzbekistonda bodomning 5 turi mavjud. Ulardan bittasi — shirin magʻizli bodom (A. communis L.) ekiladi, qolganlari yovvoyi holda uchraydi. Bodom,asosan,Oʻzbekistonning tog`li hududlarida (Fargʻona vodiysi, Surxondaryo, Samarqand, Toshkent viloyatlarida) oʻstiriladi. Bodom daraxtining bo`yi 6– 10 m, shox-shabbasi piramidasimon yoki tarvaqaylab o`sadi. Erta bahorda, barg chiqarishdan oldin gullaydi. Guli oq yoki pushti rangda bo`ladi. Gʻoyat yorugʻsevar va qurgʻoqchilikka chidamli. Mevasi (bodomi) po`st (pishganda yorilib ketadi) bilan qoplangan qattiq qobiqli danak (yongʻoqcha) bo`ladi, iyul—sentabrda pishadi. Bodomining og`irligi 0,5—4 gramm bo`ladi. Bodom, asosan, shirin magʻzi uchun yetishtiriladi. Bodom magʻzi isteʼmol qilinadi, qandolatchilik sanoatida, moyi tibbiyotda, achchiq magʻiz bodomdan olinadigan efir moyi kosmetika sanoatida, poʻchogʻi spirtli ichimliklar rangi va taʼmini yaxshilashda ishlatiladi. Bodom 100, hatto 130 yilgacha yashaydi. Koʻchati danakmevalilar (shaftoli, olcha, oʻrik) yoki achchiq bodom danagini ekib olingan nihollarga shirin bodom navlarini payvand qilish yoʻli bilan yetishtiriladi. Daraxti 4-,5- yildan boshlab meva beradi. 12-,15-yili toʻliq hosilga kiradi. Bir tupidan 60–80 kg gacha hosil olinadi. Daraxti 20—25° sovuqqa bardosh beradi.
Bodring-(lotincha – Cucumis sativus) bir yillik, oʻt oʻsimlik. Vatani — Hindiston, ammo hozir dunyoning koʻpgina mamlakatlarida yetishtiriladi. Issiqsevar oʻsimlik hisoblansada, vegatasiya davrining qisqaligi sababli yer kurrasining shimoliy oʻlkalarida ham etishtiriladi. Oʻzbekistonda sabzavot ekini sifatida keng ekiladi, etishtirish maydonlari boʻyicha pomidor, piyoz, sabzi, oq bosh karam sabzavotlaridan keying oʻrinda turadi.
Bog`- mevali daraxtlar va tok, gul bilan band bo`lgan maydon, mevazor (uzum bog`i, anjir bog`i, olma bog`i va boshqalar). Bundan tashqari bog` manzarali oʻsimliklar ekilgan joy, daraxtlar va gullar ekilib obod etilgan istirohatgoh hamdir.