REJA: 1. Lug‘atning asosiy xususiyatlari
2. Lug‘at ishlari mohiyati, mazmuni va vazifalari
3. Bolalarda lug‘atni shakllantirishga doir mashg‘ulot turlari
Lug‘atning asosiy xususiyatlari.Maktabgacha ta’lim muassasasida sog‘lom, tabiiy muhit yaratish, bolalarning to‘g‘ri muomalaga kirishtirish, boshqalar bilan gaplashish ishtiyoqining ortishiga turtki bo‘ladi. Buning uchun bolalar nutqining shaklan va mazmunan mantiqiy birligiga erishishi muhim talab hisoblanadi.
Birinchi talab, dastlab bola o‘z lug‘at boyligiga ega bo‘lishi zarur. Bu uning boshqalar bilan muomalaga kirishishida yordam beradi. Bunda tarbiyachi asosiy diqqat - e’tiborini tabiiy holatda bolalarning lug‘at boyligini oshirib borishga qaratadi. Bolalarning so‘z boyligini oshirishda esa ularning kundalik faoliyatida tevarak-atrof bilan tanishib borishi muhim omil bo‘lib hisoblanadi.
Ikkinchi muhim talab, bolalar nutqining grammatik tuzilishini aniq shakllantirishga e’tibor berish. Bunda bolalarni yo‘naltiruvchi savollar, mashqlar vositasida nutqdagi so‘zlarni to‘g‘ri ishlatish, gapni to‘g‘ri tuzishga o‘rgatish hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Uchinchi muhim talab, bolalarda tovush madaniyatini tarbiyalashdan
iboratdir. Zero, bolalarni tovushlarni to‘g‘ri talaffuz etishga o‘rgatish metodika ilmidagi murakkab masalalardan hisoblanadi.
To‘rtinchi muhim talab, dialogik nutq, ya’ni so‘zlashuv nutqini
rivojlantirishdir.
Beshinchi talab, hikoya qilib berishga (monologik nutq) o‘rgatishdir. Bog‘lanishli nutqni rivojlantirishda monologik nutq katta yordam berishi amaliyotda o‘z isbotini topgan. Tafakkurning rivojlanlanligi lug‘at boyligi, jumla tuzish malakasi, o‘z fikrini erkin va ravon bayon eta olish ko‘nikmasi bilan chambarchas bog‘liq.
Oltinchi talab, bolalarni badiiy adabiyot bilan tanishtirish bo‘lib, bolalar adabiyoti va xalq og‘zaki ijodining eng yorqin namunalari kichkintoylarni yangi bir olamga olib kirishga xizmat qiladi. Adabiy asarlar bilan tanishtirish bolalarda faqat bog‘lanishli nutqni rivojlantiribgina qolmay, ularda badiiy adabiyotga mehr – muhabbat tuyg‘ularini ham paydo qiladi.
Yettinchi talab, bolalarni savod o‘rgatishga tayyorlashdir. Bu talablar maktabgacha tarbiyaning barcha bosqichlarida amalga oshiriladi. Lekin ularning har birida bolalarning yosh xususiyati, shaxsiy tayyorgarlik darajasi hisobga olinadi. Hozirgi zamon talablariga muvofiq maktabgacha katta yoshdagi bolalar adabiy talaffuz me’yorlariga binoan o‘z lug‘atidagi barcha tovush va so‘zlarni aniq va tiniq talaffuz etib, urg‘ularning to‘g‘riligiga rioya qilmog‘i lozim. Maktabgacha ta’lim muassasasidagi lug‘at ishlarining mohiyati — bu til leksikasi sohasida bolalarning ularga tanish yoki notanish bo‘lgan, ammo ular uchun qiyin hisoblangan so‘zlarning o‘zlashtirishlariga, nutq madaniyatini oshirishga qaratilgan ta’lim-tarbiya ishlarini bir tizimga keltirishdan iboratdir. Bolalarni ular o‘z amaliyotida qiyinchilik bilan o‘zlashtiradigan, to‘satdan yoki umuman tanimaydigan, buzilgan shaklda talaffuz qiladigan so‘zlar bilan qurollantirish ancha pedagogik sa’y-harakatlarni talab qiladi. Psixologiya, lingvistika, fiziologiyaga oid ma’lumotlar turli yosh bosqichlaridagi bolalar uchun ana shunday so‘zlar doirasini aniqlashga yordam beradi,
Bolalar lug‘atini boyitish bir vaqgning o‘zida ularni atrofdagi borliq olam bilan tanishtirish bilan birgaliqda olib boriladi. Tarbiyachi bolaga bir so‘zni ma’lum qilish va uning ma’nosini ochib berish bilan bir vaqgda uni nomi aytilayotgan narsa yoki hodisaga nisbatan to‘g‘ri munosabatda bo‘lishni o‘rgatadi. O‘zbek tili lug‘ati to‘xtovsiz tarixiy rivojlanish jarayonida bo‘ladi. Undagi o‘zgarishlar eng avvalo insonning ishlab chiqarish faoliyati, jamiyatning rivojlanishi bilan bog‘liqdir. YAngi narsalar va hodisalarning paydo bo‘lishi bilan ularni nomlovchi yangi tushunchalar va so‘zlar ham paydo bo‘ladi. Bundan tashqari ilgaridan mavjud bo‘lgan ayrim so‘zlar yangilanadi, ularning ma’nosi o‘zgaradi, ko‘p so‘zlar muomaladan chiqib ketadi.
Bolalar bilan lug‘at ishlarini o‘tkazishda so‘zning rivojlanuvchi tusga egaligini hisobga olish zarur. O‘zbek tilining lug‘at tarkibini umumiy qo‘llanishdagi leksika tashkil qiladi. Bu o‘zbek tilida so‘zlashayotgan odamlarga qo‘shimcha izohlarsiz tushunarli bo‘lgan va muomala uchun zarur bo‘lgan so‘zlar guruhidir. U uzoq vaqg mobaynida yaratilgan. Bu leksikaga nutqning turli qismlari kiradi. Maktabgacha ta’lim muassasasida lug‘at ishining mazmunini asosan umumiy qo‘llanishdagi leksika tashkil etishi tufayli tarbiyachi bolalar nutqini nafaqat otlar bilan, balki fe’llar, sanoq so‘zlar, old ko‘makchilar, sifatlar va boshqa nutq qismlari bilan ham boyitishi zarur. Bolalar lug‘atini folklor elementlari (qo‘zim, toychog‘im, ona qizim) bilan ham boyitish darkor, chunki ma’lum hollarda (qayta hikoya qilish mashg‘ulotlari, ertak to‘qish, sahnalashtirish, o‘yinlar va boshq.) ular bolalar nutqiga kiritish uchun ataylab taklif qilinadi, so‘ngra alohida emotsional jihatlar (erkalash, yupatish, iltimos qilish va h.k) bolaning maishiy nutqini bezashi mumkin.
Lug‘at ishining o‘ziga xosligi adabiy me’yorlardan chekinish sifatida qaraladigan oddiy so‘zlashuv so‘zlarini, vulgarizmni qo‘llashni ta’qiqlashdan iborat. Bundan tashqari, unutmaslik lozimki, tilda ayrim so‘zlarni ta’qiqlash hodisasi mavjud. Maktabgacha ta’lim muassasasida ham ushbu hodisa bilan yuzma-yuz kelishga to‘g‘ri keladi: masalan, odob-axloq qoidalariga amal qilgan holda biz bolalarga xojatga borishni anglatuvchi so’zlarni shartli obrazlar bilan almashtirishni o‘rgatamiz. O‘zbek frazelogiyasining ayrim misollari bilan tanishtirish lug‘at ishining mazmuniga kiradi.
Maktabgacha yoshdagi bolalarga, ayniqsa ushbu katta yoshdagi bolalarga xalq-so‘zlashuv frazeologiyasidan ularning imkoni etadigan, mazmunan oddiy bo‘lgan ayrim so‘zlarni. Shu jumladan o‘zbek folklorining barqaror oborotlari, maqollar va matallarni qabul qilish, tushunish, eslab qolish va kezi kelganda foydalanishni o‘rgatish zarur. Biroq ushbu ishni amalga oshirishda unutmaslik lozimki, bolalar so‘zning raqobatchi mazmuniga, uning tarkibiga bog‘liq bo‘lmagan butun so‘z birikmasining umumiy mazmunini o‘zlashtirishlari qiyin kechadi (masalan, og‘zi qulog‘ida, ettinchi osmonda va boshq.)- Shuning uchun tarbiyachi o‘z nutqiga ma’nosi bolalarga muayyan vaziyatlarda tushunarli bo‘ladigan, yoki tegishli tushuntirish natijasida tushuniladigan ifodalarni kiritishi lozim. Bunday ifodalar qatoriga quyidagilarni kiritish mumkin: «o‘zim, shunchaki», «yeng shimarib», «azamat paxlavon» va h,k.
Har bir so‘zda quyidagilarni ajratish mumkin: uning mazmuni yoki unga yashiringan ma’nosi; so‘zning tovush tarkibi, uning morfologik tuzilmasi. Bolalar bilan lug‘at ishlarini amalga oshirishda so‘zning ushbu uchta xususiyatini hisobga olish zarur. Amaliyotda ko‘pincha bolalarning so‘z ma’nosini bilmasliklari yoki uning ma’nosini buzib talqin qilishlarini uchratish mumkin. Shunigdek, mazmuniga ko‘ra bolalarga yaxshi tanish bo‘lgan so‘zning tovush tarkibini buzish hollariga duch kelish mumkin. Bu buzilishlarni sabr-toqat bilan tuzatish, shuningdek yangi so‘zlarning bolalar talaffuzida to‘g‘ri jaranglashini nazorat qilish lozim. Morfologik tizimga oid murakkab holatlarni bilgani holda tarbiyachi bolalarning diqqat-e’tiborini ataylab ayrim so‘zlarning grammatik jihatiga, ularning so‘z bilan birikishiga qaratishi mumkin. Alohida holatlarda tarbiyachi maxsus usullar bilan ba’zan atrofdagilar nutqida buzib talaffuz qilinadigan so‘zlarda to‘g‘ri urg‘u qo‘yilishini mustahkamlashi lozim (masalan, sur’at — surat). Bolalarga ayrim otlarni tanishtirishda tarbiyachi ularning turini ta’kidlashi, otni sifatlar bilan birgalikda qo‘llashi, bunda sifatning yakuniga e’tiborni qaratishi zarur.
Leksikaning asosiy hajmini mustaqil ma’noga ega bo‘lgan so‘zlar (otlar, sifatlar, ravishlar, fe’llar) so‘zlar tashkil etadi. Bular eng to‘la huquqli so‘zlar bo‘lib, ular nomlar sifatida xizmat qiladi. Tushunchani ifodalaydi va gapning asosi bo‘lib xizmat qiladi (ya’ni, ega, kesim, aniqlovchi, to‘ldiruvchi, hol vazifasida chiqadi). Pirovardida, bolalar nutqini boyitish eng avvalo mustaqil ma’noga ega bo‘lgan so‘zlar sohasida olib borilishi lozim. Sanoq so‘zlarni o‘zlashtirish bolalarga ancha qiyin kechadi. Bolalar nutqini sanoq so‘zlar bilan boyitish asosan, ularda matematik tasavvurlarni shakllantirishga doir mashg‘ulotlarda ro‘y beradi, ushbu so‘zlarni faollashtirish va mustahkamlash ona tili mashg‘ulotlarida lug‘at ishining maxsus mavzusi bo‘lmog‘i lozim.