3. Bolalar nutqini o‘stirish va savodga tayyorgarlik. Nutq o‘stirish va savodga tayyorlash mini muhitiga M. Montessori va boshqalarning nutq o‘stirish bo‘yicha mashg’ulotlar o‘tkazishning turli uslublarini qo‘yish mumkin. Hozir maktabgacha yoshdagi bolalarni o‘qishga o‘rgatish to‘g’risida munozaralar o‘tkazishayapti. Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, tarbiyachi metodik jihatdan ishni to‘g’ri tashkil etishi lozim. To‘g’ri tashkil etilgan o‘yin faoliyati orqali bolalar harflar bilan o‘ynashadi, o‘qishga o‘rganishadi, so‘zlar yozilgan turli tuman kartochkalardan, yirik bosma shriftlar, chiroyli rasmlardan foydalanishadi.
M.Montessorining shiori – «Menga o‘zim bajarishim uchun yordam ber, men o‘zim bajaraman». Tarbiyachi doim mehribon, sabr-toqatli, bolani to‘g’ri yo‘lga yo‘naltirishi, o‘zining shaxsiy namunasi bilan nima qilish va qanday qilish lozimligini ko‘rsatishi lozim. U bu yerda ustoz emas, balki voqealarning qatnashchisi sifatida ishtirok etadi: faqat bolalarni qiziqtira olishi lozim. O‘zaro bir-birini tushunish, anglash va muhabbat tuyg’usi asosida muloqot olib boriladi. Tabassum, imo-ishora bilan kichkintoyni qo‘llab quvvatlab turadi, ko‘proq uni maqtaydi. Tarbiyachining ichki dunyosi bilan kichkintoyning ichki tuyg’usi o‘rtasida mustahkam o‘zaro bog’liqlik mavjud, tarbiyachining madaniyat darajasi qanchalik yuqori bo‘lsa, bolaning madaniyat darajasi shunchalik yuqori bo‘ladi. Bunday jarayon davrida tarbiyachi ham, bola ham shakllanadi, bu esa hamma uchun hissiy qulaylik yaratadi, shuningdek, ota-onalarni ham ijod qilishga uo‘naltiradi. Ijodiy rivojlantiruvchi muhitning samarasi kichkintoyning umumiy taraqqiyotiga, ijodiy tafakkuriga, mustaqilligiga ta’sir ko‘rsatuvchi shart-sharoitgagina bog’liq emas, balki tarbiyachining bola bilan bo‘ladigan muloqotiga, vaziyatga, beriladigan topshiriqlarga, ularni berish usullariga ham boliq. Bolalarga ta’lim-tarbiya berish bir tartibda o‘tmaydi. Tarbiyachi bolalarning taraqqiy etish dinamikasini kuzatib borishi, lozim bo‘lsa, yordam ko‘rsatishi lozim. Ammo bunda bolaning psixikasiga nisbatan yutuqlari darajasi dastur talablari bilan solishtirilmaydi. Tajribalar shuni ko‘rsatadiki, yuqorida ko‘rsatilgan shart-sharoitlarda psixikasi sog’lom bola sezilarli darajada an’anaviy davlat ta’lim standartlaridan o‘zib ketadi, rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar esa o‘z yoshlariga mos yetarlicha bilim va malakalar oladilar. Yuqori darajada olinadigan bilimlar darajasi har bir bolaning individual imkoniyatlariga bog’liq. Ijodiy–rivojlantiruvchi muhitni to‘g’ri tashkil etish bola shaxsining har tomonlama yetukligi: mustaqil, maqsadga intiluvchan, ishni to‘g’ri rejalashtira olish qobiliyatlarini takomillashtiradi. Bunday vaziyat bolani to‘g’ri anglab harakat qilishga o‘rgatadi. Tarbiyachilar bolalarning o‘xshamaydigan xislatlarini qadrlashlari, o‘ziga xos individual bo‘lishlarini hurmat qilishlari lozim.
Tarbiyachilar! Bolani majburlamang, bolaning erkin faoliyat yuritishi uchun imkoniyat yaratib bering. Eng asosiysi, hamma narsa bola uchun qiziqarli bo‘lishi lozim.