Ertakning oxirini o'ylab topish Dastur mazmuni: bolalarda xayolni rivojlantirish, uncha katta bo'lmagan ertak to'qishga, uning mazmunini izchillik bilan bayon etishga o'rgatish.
Mashg'ulotning borishi. Tarbiyachi: „Bolalar, bugun biz sizlar bilan ertak to'qishni o'rganamiz. Ertak „Ayiqcha qanday qilib etigini yo'qotdi va uni qanday topib oldi?" deb ataladi. Men ertakning boshlanishini o'yladim, siz esa oxirini o'ylab topinglar. Ertakning boshlanishini tinglang: „O'rmonda ona ayiq ayiqchasi bilan yashar edi. Ayiqcha juda ham sho'x, qiziquvchan edi, ona ayiq uni juda ham yaxshi ko'rar edi. U ayiqchasiga qizil etikcha sovg'a qildi. Etikcha ayiq-chaga juda yoqdi, u etikchani kiyib, har tarafga yugurar, hatto uxlab yotganida ham uni yechmas edi. Kunlardan bir kuni ona ayiq ovqat izlab, uzoq joylarga ketdi. Ayiqcha esa yolg'iz o'zi qoldi. O'tirib-o'tirib, uning anhorda cho'milgisi kelib qoldi. U mazza qilib anhorda cho'mildi, biroq etikchasini yo'qotib qo'ydi".
Endi sizlar ayiqcha qanday qilib etikchasini yo'qotganini, so'ngra uni qanday qilib topib olganligini o'ylab topinglar. Balki ayiqcha etigini yechib, uni qayerga qo'yganini esidan chiqargandir yoki uni tulki olib ketgan bo'lishi mumkin. Balki unga kimdir etigini topishga yordam bergandir?"
Quyida bolalar tomonidan oxiri o'ylab topilgan ertaklardan birini misol tariqasida keltiramiz:
Ahmad. Ayiqcha etigi bilan anhorda cho'mildi. Etikchalar esa oyog'idan chiqib, anhor bo'ylab oqib ketdi. Buni ayiqcha sezmay qoldi, anhordan chiqqandan keyingina buni bilib qoldi: qarasa, oyog'ida etikchalari yo'q. U etikchalarni topmoqchi boidi. U anhorga qayta tushdi. Etikchalarini uzoq qidirdi. So'ngra uzoqda bir qizil narsani ko'rib qoldi. Ayiqcha uning yoniga suzib bordi, qarasa, o'zining etikchalari. U etikchalarini olib, oyog'iga kiyib oldi. U juda xursand bo'lib, uyga qaytdi.
Maftuna. Ayiqcha cho'milgani bordi. Etigini yechib suvga tushdi. U cho'milayotganida tulki kelib etikchalarini olib ketdi. Ayiqcha mazza qilib cho'milib bo'lgach, anhordan chiqib qarasa, etikchalari yo'q. U etikchalarini qidira boshladi. Qidirib-qidirib juda charchadi va tulkidan uning inida dam olishga ruxsat so'radi. Tulkining inida o'zining etikchalarini ko'rib qoldi. Tulkidan etikchalarini tortib olib, uyiga ketdi.
Salim. Ona ayiq ovqat izlab ketganda, ayiqcha anhorga cho'milish uchun bordi. U etikchasini yechishni esidan chiqarib, cho'mila boshladi. Anhordan chiqib qarasa, etigi yo'q. U etigini qidira boshladi. Qirg'oqda fil turar edi. Fil undan: „Ayiqcha, sen nimani qidiryapsan?", — deb so'rabdi. Men anhorda etikcha-larimni yo'qotib qo'ydim, — debdi ayiqcha. Ayiqcha fildan etikchasini topishga yordam berishini so'rabdi.Fil anhorga tushib, xartumi bilan etikchani qidira boshlabdi va uzoq qidirib, etikchani topibdi. Ayiqcha juda ham xursand bo'lib ketibdi va filga rahmat aytibdi.
Ijodiy hikoya tuzishning ikkinchi turi bu — tarbiyachining rejasi asosida hikoya yoki ertak tuzish. Bu hikoya turi bolalardan mustaqillikni talab etadi, chunki tarbiyachi tomonidan berilgan reja hikoya va ertak mazmunining ketma-ketligini belgilaydi xolos, mazmunni rivojlantirishni esa bolaning o'zi mustaqil amalga oshirishi lozim.
Ijodiy hikoyaning uchinchi turi bu tarbiyachi tomonidan taklif etilgan mavzu asosida (rejasiz) ertak yoki hikoya o'ylab topishdir. Bu hikoya turi ijodiy xayolni rivojlantirish, mustaqil fikr yuritishga katta yordam beradi, bola bu hikoya turida muallif sifatida hikoyaning mazmunini va uning shaklini mustaqil tanlaydi. Tarbiyachi tomonidan taklif etilgan mavzuning o'zi bolalarni hikoya to'qishga tayyorlashi kerak. Bolalar bu hikoya turi orqali narsa-buyumlarni tasvirlashga, qahramonlarning his-tuyg'ularini, kayfiyatlarini bildirishga, ular bilan bo'ladigan voqealarni bayon etishga, hikoyaning oxirini qiziq voqea bilan tugallashga o'rganadilar. Bolalar mustaqil ravishda hikoya yoki ertak o'ylab topishlari uchun turli xildagi mavzular berilishi mumkin. Masalan: „Tulkining tug'ilgan kuni", „Quyon qanday qilib o'rmonda sayr qildi", „Bo’rining sarguzashti". Misol tariqasida „Mushukning tug'ilgan kuni" degan mavzuda 6 yoshli bolalarning tuzgan ertaklarini keltiramiz.
„Mushuk uzoq uxladi, so'ngra uyg'ondi: „Miyov-miyov, bugun mening tug'ilgan kunim, tezroq turish kerak". U uyqudan turdi, o'rinlarini yig’ib, qo'1-yuzlarini yuvdi va mehmonlar uchun dasturxon tuzay boshladi. Mushuk yelib-yugurar va qo'shiq aytar edi. So'ngra mehmonlar kela boshlashdi: „Taq, taq, taq, uy bekasi uydamilar?" — deb so'rashdi ular. „Marhamat qilinglar!" Mehmonlar sovg'alarni berishdi: „Tabriklaymiz, sovg'amizni qabul qiling!" „Rahmat! Dasturxonga qaranglar". Mehmonlar ovqatlanishar, mushuk esa ular atrofida parvona bo'lar edi.
Mehmonlar dasturxondagi noz-ne'matlardan yeyishdi va mushukka minnatdorchilik bildirishdi. Mushuk xola mehmonlarga shunday dedi: „Kelinglar, raqsga tushamiz". Hamma raqsga tushdi, xursand bo'lishib, uy-uylariga tarqalishdi. Mushuk xursand bo'lib, shunday dedi: „Tug'ilgan kun qanday yaxshi!".
Ijodiy hikoya turlaridan eng murakkablari — bu mustaqil ravishda tanlangan mavzu asosida hikoya yoki ertak to'qishdir. Bu hikoya turining muvaffaqiyatli chiqishi tarbiyachining bolalarni qiziqtira olishiga, ularda emotsional kayfiyatni vujudga keltirishiga, ijodiy xayolga ta'sir etishiga bog'liqdir. Bu ijodiy hikoya turini „Kim qiziqroq ertak tuzadi?" shiori ostida o'tkazish mumkin. Bu hikoya turida bolalarni o'rtoqlarining tuzgan ertak yoki hikoyasini baholashga, hikoyadagi ijobiy va salbiy tomonlarni ko'ra olishga o'rgatish juda muhimdir. Buning uchun tarbiyachi baholashning namunasini beradi. Bolalar uchun ijodiy hikoyaning murakkab turi — bu tabiat haqida tasviriy hikoya tuzish hisoblanadi. Bolalar bu hikoya turini tasvirchining aniq ko'rsatma berishi natijasida sekin-astalik bilan egallaydilar. Jumladan, yil fasllari to'g'risida („Bahor", „Mening sevimli faslim") hikoya tuzishdan awal tarbiyachi bolalarga biror faslga oid ob-havo, so'ngra o'simliklar va daraxtlar, hayvonlar haqida, bolalar qanday o'yinlar o'ynashlari va kattalar qanday mehnat qilishlari to'g'risida gapirib berishlarini taklif qiladi. Ba'zan reja berish mumkin. Masalan: 1. Bahor fasli qish faslidan nimasi bilan farq qiladi? 2. Bahor faslida ob-havo qanday bo'ladi? 3. Daraxt va o'simliklarda qanday o'zgarishlar bo'ladi? 4. Bahorda qushlar va hayvonlar qanday yashashadi? Kattalar bahor faslida bog'da qanday mehnat qilishadi?
Tabiat to'g'risida ijodiy hikoya qilishga o'rgatishning dastlabki bosqichida bolalar diqqatini hikoyadagi mazmunning ketma-ketligiga qaratish kerak. Bolalar mazmuni aniq bo'lgan hikoya tuzishga o'rganib olganlaridan so'ng ularning o'zlariga hikoya rejasi va bayonning ketma-ketligini mustaqil ravishda hal etish imkonini berish kerak.
Ma’lumki, maktabgacha yoshdagi bolalarni tinglash, fikrlash va muloqot ko’nikmalarining rivojlanganligi ularni shaxs sifatida shakllanishi va jamiyatda o‘z o‘rnini topishida muhim hisoblanadi. Maktabgacha bo‘lgan yosh bolalarning tug‘ilgan paytidan yetti yoshgacha, to ularga umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida ta’lim berish boshlangan paytga qadar bo‘lgan yosh hisoblanadi.
Xo‘sh bu yoshda bolalarni tarbiyalash vositalari nimlardan iborat bo‘lishi mumkin!? Bizningcha, bugungi rivojlangan zamon va talablar pedagogikaning milliy elementlarini inkor etolmaydi. Eng avvalo qadim-qadimdan oila muhitida tarbiya manbayi sifatida qaralgan ertaklarni misol tariqasida keltirishimiz mumkin. Tarbiya oiladan boshlanishini unutmagan holda bolalarga tarbiya berishda ertakning roli katta ekanligini ham unutmaslik kerak. Eng asosiysi, ertakni ota-ona tanlashi, ertak tanlayotgan paytda undagi qahramonlar bolalarning orzusiga aylanib borishi mumkinligini unutmaslik kerak.
Maktabgacha yoshdagi bolalarning fikrlashi, muloqoti va xayollari tarbiyachilar tomonidan olib borilgan turli mashg‘ulotlarda o‘sadi. Masalan, maktabgacha yoshdagi bolalar plastilin, xamir, loy, qum o‘ynashni va ulardan turli narsalar yasab ko‘rishni yaxshi ko‘radilar. Shu kabi mashg‘ulotlar bolalar xayolining o‘sishiga faol ta’sir qiladi. Bog‘cha yoshidagi bolalar xayolining o‘sishiga faol ta’sir qiluvchi omillardan yana biri ertaklardir. Bolalar hayvonlar haqidagi turli ertaklarni eshitganlarida shu ertaklardagi obrazlarga nisbatan ma’lum munosabat yuzaga keladi. Maktabgacha yoshdagi bolalarni ko‘p rivojlanish sohalarini ertak tinglash orqali rivojlantirish mumkin. Masalan, ularning tinglash, fikrlash, muloqot, keng dunyoqarash, axloqiy tarbiya bilan bog‘liq ko‘nikmalari rivojlanishida ertaklarning ahamiyati salmoqlidir. Shu bilan birga ertak tinglagan bolalar qiyinchiliklarni yengishga, qiyinchilik va mehnat ortida rohat borligiga ishonadilar.