2.1. Futbol texnikasining o’ziga xos bo’lgan qirralari
Yosh futbolchilar bilan ishlaydigan murabbiylar o’yinda yuzaga keladigan harakatlarni bajarish usullarini yaxshi egallagan bo’lishlari lozim. Futbol texnikasining o’ziga xos xususiyatlari, boshqa sport turlaridan farqi, o’ziga xos bo’lgan qirralari va harakatlanish malakalarini bilmagan murabbiy futbol o’yini texnikasiga muvaffaqiyatli o’rgatishga qodir emas.
Futbol o’yini texnikasi, harakat malakalarining umumiy o’ziga xos xususiyatlaridan tashqari, bir qator o’ta ixtisoslashgan malakalarga ega. Texnika usullari va to’pni egallab olishning ayrim elementlarini bajarish hamda ularni o’yin vaziyatlarida qo’llash quyidagicha tavsiflanadi:
futbol harakatlari malakasi har doim ma’lum bir sifatlar, masalan, mushak-kuch, tezkorlik, chidamlilikka asoslanadi;
harakat malakasi o’yin texnikasini ifodalovchi element hisoblanadi va u shundan iboratki, uzoq vaqt ichida yuqori darajada barqaror bo’ladi, ya’ni o’yin texnikasi malakalari ko’p yillarga saqlanib qoladi;
futbol o’yini texnikasi uchun xos bo’lgan tabiiy holat shundan iboratki, asosiy texnika usullarini qo’l bilan emas (bu insonlar uchun odatiy hol), balki oyoq bilan bajarishga to’g’ri keladi. Bu faqat o’rgatishning boshlang’ich davridagina o’yin texnikasini egallash uchun qiyinchilik tug’diradi;
futbol o’yini texnikasi elementlari g’ayrioddiy, bolalar uchun notabiiy bo’lganligi sababli, o’yin texnikasiga o’rgatishda tegishli uslubiy usullarni qo’llash zarur bo’ladi:
o’yin paytida futbolchilar texnik usullarni “o’ziga xos muhitda” qo’llaydilar: o’yin qoidalarida gavda bilan kurash olib borish ruxsat beriladi. Bunda raqibingiz sizga u yoki bu texnika usulini qo’llashingizga xalaqit berishi mumkin. Shuning uchun texnikaga o’rgatish va uni mustahkamlashda o’yindagi kurash xususiyati hamda raqibning qarshilik ko’rsatuvchi harakatlarini nazardan qochirmaslik lozim;
futbolda (birinchi navbatda o’yin paytida) harakatlarni oldindan mo’ljallay olish mumkin emas: ular vaqt va makonda sodir bo’ladi. Ularni oldindan rejalashtirib bo’lmaydi. Bu harakatlarning makondagi, vaqt oralig’idagi va dinamik (mushak kuchi, tashqi ta’sir kuchlari) tuzilmasi ko’pgina “individual’ sport turlariga (yengil atletika, gimnastika, suzish, velosiped sporti va h.k.) nisbatan boshqacharoq.
O’yin xususiyati va harakatlarning o’ziga xos tuzilmasi, o’yinchilarning individual jismoniy hamda ruhiy xususiyatlaridan tashqari, texnikaga o’rgatish va uni mustahkamlashni belgilab beradi. Harakatlarga o’rgatishni alohida qismlarga bo’lingan va parchalangan holda amalga oshirish mumkin emas.