Metro. Birinchi metro liniyasi Londonda (Buyuk Britaniya) qurilgan. Uning uzunligi atigi 3,6 km bo‘lib, 1863 yil 10 yanvarda ishga tushirilgan. Ba’zi manba’larda ta’kidlanishicha u “Metropolitan Railways” tomonidan qurilganligi sababli, ushbu nomdan "Metropoliten" so'zi paydo bo'lgan, hozir ham ko'plab mamlakatlarda qo'llaniladi degan fikrlar mavjud. Boshqa manba’larda esa, metropoliten – fransuzcha “métropolitain” qisqartma so‘zi “chemin de fer métropolitain” – “Poytaxt temir yo‘li” ma’nosini anglatadi, metro so'zi esa fransuzcha “métro”, inglizcha “subway” yoki “metro”, shuningdek, ingliz tilining britancha varianti “underground” so‘zlaridan olingan b‘olib, o'z gabaritiga ega, boshqa transport va piyodalar harakatidan ajratilgan va yo'lovchi tashish uchun mo'ljallangan shahar ko‘cha transporti bo‘lmagan temir yo‘l transporti degan ma’noni anglatadi deyilgan.
Metrolar harakati yer osti (tunnellarda), yerda (yer yuzasida) va yer ustida (estakadalarda) tashkil etilishi mumkin. Shu o‘rinda poyezdlar harakatini yer ostida tashkil etish g‘oyasi kimdan chiqqan va bu nima uchun zarur edi degan savol tug‘iladi. Bunga ehtiyoj mavjud edi. XIX-asrning o'rtalariga kelib, yo‘lovchilar London temir yo'l stantsiyalaridan Angliyaning deyarli istalgan joyiga borishi mumkin edi. Ammo shaharning o'zida asosan aravalardan foydalanishgan.
JAMOAT TRANSPORTI TARIXI
Temir yo'l transporti yo'lovchilarni Londonning asosiy biznes va savdo markazlarigacha olib bora olmas edi. Bir stansiyadan boshqasiga borishning qulay yo‘li yo'q edi. 1843 yilda Isambard Brunel boshchiligida Temza ostida tunnel ochildi. Bu esa, yer osti temir yo'lining ishonchli va qulay ekanligini isbotladi. Keyin Londonning yuridik maslahatchisi Charlz Pirson 1846 yilda shaharning asosiy temir yo'l stantsiyalarini bog'laydigan yer osti yo‘llarini qurish taklifi bilan chiqdi. 1853 yilda “North Metropolitan Railway Co” tashkil etildi va 1860 yil yanvarda “Iston Skver”da birinchi tunnel qazildi.
Birinchi metro liniyasi 7 ta stantsiyadan iborat bo'lib, qatnov 33 daqiqa davom etgan. Ochilish kuni har 15 daqiqada, 4 tadan vagonni tortadigan, 6 ta lokomotiv (ikki yo'nalishda), jami 120 ta qatnovni amalga oshirdi va 30 ming yo'lovchi tashidi. Ushbu turdagi harakatning qulayligi kutilganidan ortiq bo‘ldi va xuddi shu yilning o‘zida (1863 yil) Londonda uzunligi 30 km bo'lgan halqa yo‘lini qurish bo‘yicha qaror qabul qilindi. U 1868 yil 1 oktyabrda ochildi. 1.1.7-rasmda ilk metrolar tasviri keltirilgan.