Amaliy mashg’ulot-4. Euglenasimonlar turkumi. Vakillar: Euglena viridis yoki Euglena gracilis.Tuzilishi va ko’payishi. Kerakli jihozlar: ariq, hovuz suvlaridan olingan yoki laboratoriya sharoitida maxsus urchitilgan evglenalar qoʻlturasi, mikroskoplar, buyum va qoplagʻich oynalar, tomizgichlar, qirqilgan filtr qogʻozi boʻlakchalari, yod eritmasi, evglena, evglenalarning tayyor mikropreparatlari va ularning tuzilishini aks ettiruvchi jadvallar (evglenaning 4-5% li formalinda fiksatsiya qilingan materialdan foydalanish mumkin). Evglenalar chirigan organik moddalarga boy boʻlgan koʻlmak suvlarda, hovuzlarda va boshqa ifloslangan suvlarda yashaydi. Lekin ular orasida Euglena acus, E. spirogyra kabi turlari ham uchrashi mumkin. Evglenaning tanasi duksimon, keyingi uchi oʻtkirlashgan boʻladi. Sitoplazmasi endoplazma va ektoplazmadan iborat boʻlib uning usti yupqa elastik parda-pellikula bilan qoplangan. Shuning uchun ham evglenaning shakli nisbatan oʻzgarmasdir. Lekin harakatlanish paytida shakli oʻzgarib, hatto u dumaloqlanishi ham mumkin (3-rasm). Tanasining oldingi uchida bitta xivchini bor, u harakatlanish organoidi. Uning asosida esa harakatni boshqaruvchi bazal tanacha joylashgan. O’nga yaqin joyda yorugʻlikni sezadigan, yaʼni qizil dogʻsimon “koʻzcha” stigmani koʻrish mumkin. Evglena sitoplazmasining asosiy orgonoidlaridan yana bittasi qisqaruvchi vakuola boʻlib, uning atrofida bir nechta yigʻuvchi vakuolachalar mavjud. Vakuola qisqargan paytda suv, qoldiq moddalar uning tashqi muhit bilan toʻtashgan rezervuariga oʻtadi va tashqariga chiqariladi. Evglenaning tanasida xlorofill donachalariga ega boʻlgan xromatoforlar bor. Shuning uchun ham ular oʻsimliklar singari fotosintez yoʻli bilan oziqlanadi. U yorugʻlik taʼsirida karbonat angidrid gazi va suvdan uglevodlarni sintez qiluvchi avtotrof organizmdir. Bu jarayonda hujayrada ehtiyoj ozuqa modda paramil (tarkibi oʻsimlik kraxmaliga yaqin) toʻplanadi. Lekin evglena qorong’i joyda saqlansa, rangsizlanadi va pellikulasi orqali suvda erigan organik moddalarni shimib, saprofit ovqatlanishga oʻtadi. Ayrim evglenalarning ikki xil avtotrof va geterotrof oziqlanishi isbotlangan. Ular bir vaqtning o’zida ham fatosintez, ham saprofit yoʻli bilan oziqlanadilar. Bu aralash yoki miksotrof ovqatlanish deyiladi. Evglena sitoplazmasida bitta yadro boʻlib, u tananing keyingi uchiga yaqin joylashadi.