Maxsus-yuridik usul – maxsus yuridik bilimlar asosida qonunchilikda qo’llanilgan yuridik terminlarning mazmunini tushuntirib berish.
5. Huquq normalarini hajmiga ko’ra sharhlash
Huquqni amalga oshirish jarayonida shunday holatlar uchraydiki, bunda huquq normasini sharhlovchi sub’ekt bir qarashda qonun matnidan kelib chiqadigan normaning haqiqiy mazmunini mumkin bo’lganidan yo torroq, yoki aksincha, kengroq tushunishi lozim bo’ladigan vaziyat bilan to’qnashadi. Shu bois, huquq normalarini aynan, kengaytirilgan va cheklangan sharhlash zarurati tug’iladi.
Huquq normalarini aynan sharhlash sharhlanayotgan huquq normasi ma’nosini tushunish huquq manbai matniga to’liq mos kelishida o’z ifodasini topadi. Bunday sharhlashning natijasi huquqiy ko’rsatmaning so’zlardagi ifodasiga to’liq mos keladi. Ya’ni, “qonun shakli bilan mazmuni” bir-biriga to’g’ri kelganligi yaqqol namoyon bo’ladi.
Kengaytirilgan sharhlash huquq normasi ma’nosi uning matndagi ifodasidan kengroq bo’lgan holatlarda amalga oshiriladi. Kengaytirilgan sharhlashni talab qiluvchi holatlar ro’yxatida ko’pincha “va hokazo”, “va boshqalar” degan so’zlar uchraydi.
Kengaytirilgan sharhlash qonunda ko’zda tutilmagan hollarda ham uchrashi mumkin. Xususan, O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 142-moddasida fuqarolar uy-joylari daxlsizligini buzganlik uchun javobgarlik nazarda tutiladi. Biroq u chet el fuqarolari yoki fuqarolikka ega bo’lmagan shaxslarga nisbatan ham qo’llanilishi yoki qo’llanilmasligi masalasi ochiq qolgan (ushbu o’rinda “fuqarolar” so’zini batafsil izohlash kerak bo’ladi).
Cheklangan sharhlashda huquq normasining so’zda ifodalangan va rasmiylashtirilgan ma’nosi uning mantiqiy ma’nosi va mazmunidan keng bo’lgan hollarda qo’llaniladi. Ayrim hollarda huquq normasining mazmuni uning matndagi ifodasidan torroq bo’lishi mumkin. Xususan, O’zbekiston Respublikasi Oila kodeksi moddalaridan birida, er-xotinlar nikohda bo’lgan vaqtlarida orttirilgan mol-mulk ularning birgalikdagi mulki hisoblanadi, deyilgan. Biroq shunday holatlar ham bo’ladiki, er-xotinlar hali ajralmay turib, alohida yashashadi. Shunday holatlarda ular orttirgan mol-mulk ularning birgalikdagi mulki bo’lib qolaveradimi? Ushbu o’rinda, mazkur normani cheklangan holda sharhlashga to’g’ri keladi (ya’ni nikohdagi vaqtda orttirilgan har qanday mulk ham birgalikdagi mulk hisoblanmaydi).
Dostları ilə paylaş: |