Huquqbuzarlik – bu huquq va muomala layoqatiga ega sub’ekt tomonidan harakat yoki harakatsizlik ko’rinishida sodir etiladigan, huquq normalari talablariga zid keluvchi hamda shaxsga, mulkka, davlatga va butun jamiyatga zarar keltiruvchi ijtimoiy xavfli qilmishdir.
Bunday qilmish qonun bilan muhofaza qilinadigan ijtimoiy munosabatlarga zarar etkazishi yoki zarar etkazish xavfini tug’dirishi mumkin.
Huquqbuzarlikning asosiy belgilari:
ob’ekti (huquq bilan tartibga solinadigan ijtimoiy munosabatlar);
ob’ektiv tomoni (huquqning buzilishi va uning ijtimoiy xavfliligi);
sub’ekti (huququbuzarlikni sodir etgan shaxslar);
sub’ektiv tomoni (huquqbuzarlik oqibatidan kelib chiqadigan ijtimoiy xavfli qilmishga bo’lgan ongli-ruhiy munosabat).
O’z navbatida huquqbuzarlik ob’ektiv tomonining quyidagi elementlari mavjud: 1) huquqqa qarshi qilmish;
2) zararli oqibat;
3) huquqqa qarshi qilmish va zararli oqibat o’rtasidagi sababiy bog’liqlik;
4) joyi, vaqti, usuli va muhit.
Huquqbuzarlik sub’ektiv tomonining zaruriy belgisi aybdir.
Ayb – huquqbuzarning huquqqa xilof xatti-harakatiga va uning ijtimoiy xavfli oqibatiga nisbatan qasd yoki ehtiyotsizlik ko’rinishidagi munosabati.
Qasd – shaxsning huquqqa xilof hatti-harakatini sodir qilayotganida, bu harakat (harakatsizlik)ning huquqqa xilofligini, ijtimoiy xavfliligini, uning oqibatini anglashi yoki tushunishi (to’g’ri qasd), yoki bu munosabatning ma’lum oqibatni keltirib chiqarishiga ongli ravishda yo’l qo’yishi (egri qasd).
Ehtiyotsizlik– shaxsning hatti-harakatlari natijasida kelib chiqishi mumkin bo’lgan oqibatlarning oldini olishni nazarda tutib, beparvolik bilan o’ziga-o’zi ishonib harakat (harakatsizlik) qilishi.
Ijtimoiy xavflilik darajasiga ko’ra huquqbuzarlikning jinoyat(odam o’ldirish, o’g’rilik, firibgarlik va h.). va nojo’ya ish ko’rinishidagi turlari mavjud.
Nojo’ya ish ko’rinishidagi huquqbuzarlik o’z navbatida fuqarolik-huquqiy (moddiy zarar etkazish, majburiyatni bajarmaslik va h.); ma’muriy-huquqiy (mayda bezorilik, yo’l harakati qoidalarini buzish va h.k); intizomiy-huquqiy (ishga kelmaslik, kech qolish va h.)larga bo’linadi.