6. HUQUQIY IMTIYOZLAR: TUSHUNCHASI, XUSUSIYATI, FUNKSIYALARI VA TURLARI
Huquqiy imtiyoz deganda, sub’ektga o’z manfaatlarini to’laroq qondirish imkonini beruvchi va qo’shimcha, alohida huquqlar (afzalliklar) berishda yoki majburiyatlardan ozod qilishda ifodalanuvchi sub’ekt holatini qonuniy ravishda engillashtirish tushuniladi.
Mamlakatimizda bozor iqtisodiyoti mexanizmlari shakllanayotgan sharoitda davlat boshqaruvida ma’muriy usullar emas, balki ko’p jihatdan soliqlar tizimiga asoslangan iqtisodiy usullar ustunlik qiladi. Bunday sharoitda imtiyozlarning ahamiyati ortadi. Zotan, aksariyat imtiyozlar hayot faoliyatining turli jabhalari, chunonchi, xo’jalik va tadbirkorlik, moliya va ijtimoiy, ilmiy-texnikaviy va demografik, madaniy va xayriya va boshqa sohalardagi soliqlar bilan bog’liq bo’ladi.
Imtiyozlar, eng avvalo, ijtimoiy chora hisoblanadi. Hozirgi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatda salbiy holatlarga barham berish va ijtimoiy himoyaga muhtoj bo’lgan aholining ko’p sonli qatlamlarini qo’llab-quvvatlash maqsadida imtiyozlar tizimi tubdan o’zgartirib borilmoqda. Shu bilan birga, O’zbekiston huquqiy tizimida davlat qurilishi, mahalliy o’zini o’zi boshqarishni rivojlantirish va boshqa vazifalarni hal qilish uchun imtiyozlardan tobora faolroq foydalanilmoqda. Bu jihatlar so’nggi yillarda huquqiy imtiyozlarning maqomi ancha oshganligidan dalolat beradi. Darhaqiqat, endilikda imtiyozlar aholi muayyan guruhlarining holatini tenglashtiruvchi yuridik vositaga, ijtimoiy yordam ko’rsatish va qo’llab-quvvatlash usuliga aylanib bormoqda.