Ma’lumki, kishilar ongi va xohish-irodasiga huquq yordamida ta’sir ko’rsatish ko’rinishlaridan biri bu muayyan faoliyat turlarini rag’batlantirish usuli hisoblanadi. Huquqiy rag’batlantirish – hurmatga sazovor ixtiyoriy xulq-atvorni yuridik ma’qullash shakli va chorasidir. Mazkur choraning ko’rilishi natijasida sub’ekt taqdirlanadi, uning uchun ijobiy oqibatlar ro’y bergan sanaladi.
Xususan, mamlakatimizda davlat mukofotlari va faxriy unvonlar – davlatning iqtisod, fan, madaniyat, san’at, Vatanni himoya qilish va ijtimoiy hayotning boshqa sohalaridagi yuksak xizmatlari uchun fuqarolarni rag’batlantirishning oliy shaklidir.
Ayni paytda huquqiy rag’batlantirishning qator belgilari mavjud. Avvalambor, huquqiy rag’batlantirish hurmatga sazovor va taqdirlashga loyiq xulq-atvor bilan bog’liq bo’ladi. Bunda shaxs davlat va jamiyat oldidagi o’z xizmatlari uchun shunday hurmatga sazovor bo’ladi. Ko’pincha rag’batlantirish bilan bog’liq hujjatning mazmunida xizmat to’g’risida bevosita fikr yuritiladi. Shu bois xizmat va rag’batlantirish o’rtasidagi bog’lanish yana bir karra ta’kidlanadi. Masalan, O’zbekiston Respublikasida tegishli sohada o’rnak ko’rsatgan xodimlar uchun “O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi”, “O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi” va boshqa unvonlar nazarda tutiladi.
Rag’batlantirishga loyiq xizmat deganda, sub’ekt o’z vazifalarini namunali bajarishi yoki umume’tirof etilgan foydali natijaga erishishi bilan bog’liq bo’lgan va rag’batlantirishni qo’llash uchun asos bo’lib xizmat qiluvchi qonuniy xatti-harakat tushuniladi.