4. HUQUQBUZARLIK SUB’EKTI VA OB’EKTI, SUB’EKTIV VA OB’EKTIV TOMONI
Huquqbuzarlik ob’ekti – bu huquq bilan tartibga solinadigan va muhofaza qilinadigan ijtimoiy munosabatlardir. Jinoyat huquqi nazariyasida jinoyatlarning umumiy, maxsus va bevosita ob’ektlari farqlanadi.
Huquqbuzarlikning ob’ektiv tomoni – bu huquqqa zid xatti-harakatning tashqi belgisidir. Aynan shunday belgiga asosan huquqbuzarlik haqida, u qanday ro’y bergani va qanchalik zarar keltirgani haqida mulohaza yuritish mumkin bo’ladi.
Huquqbuzarlikning ob’ektiv tomonini tarkibiy qismlari quyidagilardan iboratdir: 1) Nojo’ya harakat – ya’ni inson irodasi va aql-zakovati nazoratida bo’lgan va harakatda yoki harakatsizlikda ifodalanadigan xulq-atvordir. Harakat – kishining faol xatti-harakati, harakatsizlik – passiv xulq-atvor hisoblanadi. Shaxs harakat qilishga majbur bo’la turib, ya’ni o’z huquqiy majburiyatlarini bajarishi kerak bo’lgani holda harakatsizlikka yo’l qo’yishi huquqbuzarlikka kiradi.
2) Xatti-harakatning huquqqa zidligi, ya’ni yuridik normalar ko’rsatmalariga zidligi tufayli huquq tomonidan taqiqlanadi. Huquqqa zidlik, ya’ni xatti-harakatning qonun bilan taqiqlanishi uch xil usul:
birinchisi, to’g’ridan-to’g’ri taqiqlash orqali (mehnat qonunlariga binoan, zararli mehnat sharoitlaridagi og’ir ishlarda ayollar mehnatidan foydalanish taqiqlanadi);
ikkinchisi, normada huquqqa zid xatti-harakat aniqlanib, uni sodir etganlik uchun jazo chorasi belgilanganida bilvosita taqiq orqali (bu – yozma ifodalangan yoki oddiygina nomi keltirilgan xatti-harakat qonun bilan taqiqlangan demakdir; chunonchi Jinoyat kodeksining maxsus qismi barcha normalari bunga misol bo’la oladi);
uchinchisi, huquqiy normada ijobiy, qonunda ifodalangan xatti-harakatni bayon etish orqali (bunday vaziyatda xatti-harakatning boshqa, unga qarama-qarshi turi maqsadga muvofiq bo’lmaydi va shuning uchun taqiqlangan xatti-harakat hisoblanadi; masalan, oldi-sotdi shartnomasi bo’yicha sotuvchi xaridorga buyumni, xaridor esa sotuvchiga pulni berishga majbur bo’ladi, biroq bu – xatti-harakatning boshqa turiga ko’ra – pul yoki buyumning berilmasligi taqiqlanadi deganidir) ifodalanadi.
3) Qilmish natijasida etkazilgan zarar – huquqbuzarlik natijasida yuzaga keladigan salbiy va shuning uchun nomaqbul oqibatdir. Ushbu salbiy oqibatlar mulkiy (mulkdan ayrilish, boy berilgan foyda), nomulkiy (haqoratlash, bo’hton), ijtimoiy (o’z huquqini amalga oshirish imkoniyatidan mahrum bo’lish), shaxsiy (hayotdan ko’z yumish, sog’liqqa zarar etkazish) va boshqa xususiyatga ega bo’lishi mumkin.
4) Qilmish bilan etkazilgan zarar o’rtasidagi sababiy bog’lanish. Huquqdagi sababiy bog’lanish – hodisalar o’rtasidagi bog’liqlik bo’lib, ulardan biri – zaruratni ikkinchisi – oqibatni tug’diradi.