Huquq tizimining mavjudligi. Huquqsiz davlat mavjud bo’la olmaydi. Huquq davlat hokimiyatini yuridik jihatdan rasmiylashtiradi va shu bilan ularni legitim, ya’ni qonuniy qilib qo’yadi. Davlat o’z funktsiyalarini huquqiy shakllarda amalga oshiradi. Huquq davlat va davlat hokimiyati faoliyatini qonuniylik doirasiga olib kiradi, ularni aniq huquqiy tartibga bo’ysundiradi.
Soliq tizimiga egaligi.Faqat davlatgina aholidan rasmiy tartibda soliq yig’ish huquqiga ega. Davlat hududida yashayotgan barcha shaxslar davlat xazinasiga, ya’ni byudjetiga majburiy tartibda qonunchilikda belgilangan soliqlarni to’lab boradilar. Soliqlardan tashqari davlat foydasiga boshqa yig’imlar va davlat bojlari ham undiriladi. Ular yordamida davlatning faoliyat yuritishi uchun zarur bo’lgan moddiy-moliyaviy baza shakllantiriladi. Ushbu moddiy baza asosida davlat organlari faoliyati moliyalashtiriladi hamda iqtisodiyot, tabiatni muhofaza qilish, ta’lim, sog’liqni saqlash va boshqa ijtimoiy sohalar yuzasidan davlat dasturlarining amalga oshirilishi ta’minlanadi.
Suverenitetga egaligi.Davlat hokimiyatining xususiyati (atributi) sifatida suverenitet uning ustuvorligi, mustaqil-ligidan iborat. Ya’ni, davlat suvereniteti – ma’lum bir hududda oliy hokimiyatga egalik; davlatning ichki va tashqi siyosatdagi to’la mustaqilligidir.
2. DAVLAT MOHIYATI VA UNING IJTIMOIY AHAMIYATI TO’G’RISIDAGI TURLI NAZARIYALAR
Davlatning mohiyati – bu uning mazmuni, maqsadi, davlat hokimiyatining qaysi ijtimoiy-siyosiy guruhlarga mansubligi va u kimning manfaatlariga xizmat qilishidir.
Sobiq Ittifoq davrida davlat va huquq nazariyasi faniga oid chop etilgan deyarli barcha adabiyotlarda davlatning mohiyatiga bir tomonlama, ya’ni uni hukmron sinfning diktaturasi va cheklanmagan hokimiyatining quroli sifatida sinfiy nuqtai nazardan yondashuvlar ilgari surilgan.
G’arb olimlari tomonidan ilgari surilgan nazariyalarda esa davlatning mohiyatini belgilashda uning sinflardan ustun turuvchi tuzilma, ya’ni sinfiy, ijtimoiy ziddiyatlarni bartaraf etuvchi va jamiyatning barcha a’zolarini manfaatlarini ifoda etuvchi vosita sifatidagi jihatlariga alohida urg’u beriladi.