Davlatning mohiyati va uning ijtimoiy ahamiyati yuzasidan davlat va huquq nazariyasi fani doirasida shakllangan nazariyalarni quyidagicha tasniflash mumkin
Davlatning mohiyati va uning ijtimoiy ahamiyati yuzasidan davlat va huquq nazariyasi fani doirasida shakllangan nazariyalarni quyidagicha tasniflash mumkin: Elita nazariyasi. Ushbu nazariya XX asr boshlarida vujudga kelgan bo’lib, (V.Pareto va G.Moski asarlari) asr o’rtalarida yangidan rivojlantirilgan (X.Lassuel, D.Sartori, T.Day va boshqalar). Mazkur nazariyaning bosh g’oyasi, go’yo xalq ommasi davlatni idora etishga qodir emasligi, shuning uchun boshqarish jamiyatning hukmron doirasi – elitasi tomonidan amalga oshirilishi lozimligini isbotlashdan iborat. Elitalar turli belgilar (kelib chiqishi, ma’lumoti, tajribasi, qobiliyati kabilar)ga qarab aniqlanadi. Shu bilan birga, elita tarkibi xalq ommasi, ya’ni ularning eng qobiliyatli vakillari hisobiga to’ldirib borilishi mumkin.
Mazkur nazariyaning salbiy jihati shundaki, unda aholining muayyan darajada hokimiyat ishlaridan chetlashtirilishi nazarda tutiladi. Shu bilan birga, hokimiyat ishlari amalda kishilarning g’oyat cheklangan doirasi – deputatlar, davlat xizmatchilari va boshqalar tomonidan olib borilishini e’tiborga oladigan bo’lsak, uning muayyan darajada davlat apparatini shakllantirish amaliyotiga yaqinroq ekanligini ko’ramiz.
Texnokratik nazariya.Mazkur nazariya XX asrning 20-yillarida vujudga kelgan bo’lib, 60-70-yillarida ancha keng tarqalgan. Uning tarafdorlari sifatida T. Veblen, D. Barnxeym, G.Saymon, D.Bell va boshqalarni ko’rsatib o’tish mumkin. Ushbu nazariya elita nazariyasiga o’xshab ketsada, u o’zida ijtimoiy voqelikni muayyan darajada hisobga olishi bilan ajralib turadi.
Mazkur nazariyaga ko’ra, jamiyatni mutaxassis-boshqaruvchilar, menedjerlar idora etishlari lozim. Chunki, aynan ular jamiyatning haqiqiy ehtiyojlarini, uning eng maqbul rivojlanish yo’llarini, buning uchun zarur vositalarni aniqlashga qodirdirlar. Davlat hokimiyatining bunday tashkil etilishi boshqaruvni ilmiy asosda olib borish imkonini beradi hamda jamiyatning o’sib boruvchi rivojini ta’minlaydi.
Plyuralistik demokratiya nazariyasi.Mazkur nazariya XX asrda yuzaga kelgan bo’lib, uning namoyondalari sifatida G.Laski, M.Dyuverje, R.Darendorf, R.Dal va boshqalarni ko’rsatib o’tish mumkin. Ushbu nazariya sotsial-demokratlarning ham, liberallarning ham qarashlarini o’zida ifodalaydi. Uning mazmunini hozirgi jamiyatda mohiyat e’tiboriga ko’ra sinflar amalda yo’qolib ketgan va hokimiyat shu tariqa o’z sinfiy tabiatidan xalos bo’ldi, degan g’oya tashkil qiladi. Bunda jamiyat – yoshi, kasb-kori, istiqomat joyi, manfaatlar doirasi va boshqa belgilariga ko’ra yuzaga keladigan kishilar ijtimoiy birlashmalari (stratalar) yig’indisidan iborat.
“Umumiy farovonlik davlati” nazariyasi. Mazkur nazariya ikkinchi jahon urushidan keyin vujudga kelgan bo’lib, uning namoyondalari davlatning ijtimoiy hayotga aralashmasligiga oid bo’lgan ta’limotlarga qarshi chiqqanlar. Ushbu nazariyaning asosiy g’oyalari XX asrning 30-yillarida D.Keyns tomonidan ta’riflab berilgan. Keyinchalik D.Myurdal, V.Pigu, K.Boulding, V.Mund va boshqalarning asarlarida rivojlantirilgan.
Mazkur nazariyaning bosh g’oyasi shundan iboratki, davlat barcha sinflardan ustun turarkan, aholining barcha qatlamlari manfaatlarini ifodalaydi hamda shu asosda umumfarovonlikni ta’minlaydi. Rivojlangan mamlakatlarda aholi turmush darajasining yuqori ekanligi hamda ijtimoiy, madaniy va boshqa sohalarda yirik davlat dasturlarini amalga oshirilishi ushbu nazariyaning yuzaga kelishiga sabab bo’lgan. Mazkur nazariya inson manfaatlarini davlat faoliyatining asosiga qo’yish bilan har bir shaxs qadr-qimmatiga e’tiborni jalb etadi.