Longityud metodi («uzunchoq kesim» metodi) tanlangan sinaluvchilarni uzoq vaqt davomida qayta-qayta tekshirishdan iborat. Masalan, talabalarni oliygohda ta’lim olish vaqti davomida ko‘plab marta tekshirish.
Qiyosiy va longityud metodlari o‘z afzalliklariga ega. Kesimlar metodi qisqa vaqt ichida ko‘p sonli sinaluvchilarni tadqiqot bilan qamrab olish imkonini beradi. Longityud metodi kesimlar metodi e’tiboridan chetda qolgan nozik farqlar, xususiy rivojlanish turlarini qayd etishga imkon yaratadi. Amaliyotda bu ikki metod bir-birini to‘ldiradi.
Majmuiy metod – tadqiqotda turli fan vakillarining ishtiroki turli hodisalar, masalan, shaxsning fiziologik, psixologik va ijtimoiy taraqqiyoti o‘rtasidagi aloqalar va bog‘liqliklarni o‘rnatish imkonini beruvchi o‘rganish usuli.
Kuzatish – psixika tashqi alomatlarini oldindan belgilangan, tizimli, maqsadga muvofiq va qayd etilgan holatda qabul qilishdan iborat bo‘lgan metod. Bu metod ilmiyligining asosiy sharti bo‘lib uning ob’ektivligi, ya’ni, qayta kuzatuv yoki tadqiqotning boshqa usullarini, masalan, tajribalarni qo‘llagan holda nazorat olib borish imkoniyati xizmat qiladi. Kuzatish bir necha xil: standartlashtirilgan (belgilangan dasturga qat’iyan mos ravishda o‘tkazilgan), erkin (oldindan o‘rnatilgan chegaralarga ega bo‘lmagan), kiritilgan (tadqiqotchi o‘zi kuzatayotgan jarayonning bevosita ishtirokchisiga aylanadi), yashirin bo‘ladi.
Shu bilan birga bu fanni o‘rganish jarayonida quyidagi omillarga alohida e’tibor qaratish muhimdir:
huquq yo‘nalishida ta’lim olayotgan mutaxassislarning kasbiy qobiliyatlarni har tomonlama rivojlantirish;
kasbiy sezgirlik, xotira, tafakkur, fuqarolar bilan muloqotda bo‘lish va psixologik aloqa o‘rnatish mahoratiga ega bo‘lish
«Shaxs» tushunchasi keng va ko‘p qirralidir. Shaxsni u yoki bu yo‘nalishda bir qator fanlar: falsafa, tarix, pedagogika, sotsiologiya, tibbiyot va psixologiya o‘rganadi. Psixologiya fani boshqa fanlardan farqli o‘laroq, shaxsning ichki dunyosini, boshqacha qilib aytganda, uning ruhiy jarayonlarini, hissiy- irodaviy holatlarini, individual psixologik xususiyatlarini tadqiq qiladi. Psixologiya fanida shaxs muammosini o‘rganish bo‘yicha turli nazariyalar mavjud bo‘lib, ularga biogenetik, sotsiogenetik, psixogenetik, kognitivistik, psixoanalitik, bixevioristik kabi qarashlar, yondashuvlar qiradi.