Yuzlashtirish psixologiyasi va uning o‘ziga xosligi
Yuzlashtirish tergov harakati bo‘lib, aynan vaqtda shaxsni so‘roq qilishdir. Bu harakatning maqsadi jinoyatga oid muhim holatlar to‘g‘risida avval olingan ko‘rsatmalarda mavjud bo‘lgan qarama- qarshilikni yo‘q qilishdan yoki aniqlashdan iborat. Bu tergov harakati ikkita ayblanuvchi (gumonlanuvchi), ayblanuvchi (gumonlanuvchi) va guvoh, ayblanuvchi (gumonlanuvchi) va jabrlanuvchi, ikkita guvoh, jabrlanuvchilar o‘rtasida o‘tkazilishi mumkin.
Yuzlashtirish ma’lum ma’noda ruhiy xususiyatlarga ega bo‘lib, boshqa so‘roq qilish harakatlaridan quyidagilari bilan farq qiladi.
yuzlashtirish paytida murakkab ruhiy munosabatlar vujudga keladi. Tergov ziddiyatli tus oladi, chunki shaxsning birinchi bergan ko‘rsatmalari yuzlashtirish paytida to‘g‘ri kelmasligi mumkin;
yuzlashtirishda so‘roq qilinuvchilardan biri haqiqiy ko‘rsatma bersa, ikkinchisi yolg‘on ko‘rsatma beradi;
yuzlashtirishda jinoyat hodisasi va so‘roq predmetiga aloqador ikkita shaxs uchrashadi.
Yuzlashtirish qatnashchilari ruhiy jihatdan unga tayyor bo‘lishlari lozim. Yuzlashtirishdan avval tergovchi quyidagi tayyorgarlik harakatlarini o‘tkazishi kerak:
ish bo‘yicha katta ahamiyatga ega ziddiyatlarni bartaraf etish uchun yuzlashtirish tergov harakatini o‘tkazish va uni o‘tkazish to‘g‘risida taktik qarorga kelish (ziddiyatlar boshqa tergov harakati asosida yo‘q bo‘lishi mumkin emas);
yuzlashtirish vaqtini va joyini belgilash;
yuzlashtirishda qatnashuvchilarning shaxsini o‘rganish va ular o‘rtasidagi munosabatlarni aniqlash;
yuzlashtirish rejasini tuzish lozim va unga yuzlashtirish predmeti, unda ishtirok etuvchi shaxslarning yuzlashtirishda qiladigan xatti-harakat variantlarini tahlil qilish, so‘roqning, savollarning shakli va ketma- ketligini belgilash;
yuzlashtirishda ishlatiladigan qayd qiluvchi vositalarni (qalam, qog‘oz, kompyuter, magnitofon, videoyozuv asboblari, yoritkichlarni va h.k.) tayyorlab qo‘yish;
yuzlashtirishga chaqiriladigan shaxslarning tegishli sanada va vaqtda kelishi, shuningdek yuzlashtirishda boshqa shaxslarning ishtirok etishi zarur deb topilsa (masalan, voyaga yetmagan ayblanuvchining himoyachisi), bunday shaxslarni yuzlashtirishga chaqirish choralarini ko‘rish.
Yuzlashtirish o‘tkazilgani to‘g‘risida bayonnoma tuziladi va unda tergovchining savollari va qatnashchilarning javoblari ketma-ketlikda qayd etiladi. Yuzlashtirishda ko‘rsatmalarni qo‘shimcha qayd qilish uchun magnitofon yoki video yozuv uskunasi ishlatilishi mumkin va bu to‘g‘risida bayonnomada tegishli belgi qo‘yiladi va ularning ishlatilishi haqida qatnashuvchilar yuzlashtirishdan avval ogohlantiriladilar.
Yuzlashtirish jarayoni boshlanishida avval yuzlashtirilayotgan shaxslarning bir-birlarini qanchalik bilishlari va ular o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar o‘rganiladi. Shundan so‘ng ular navbatma-navbat sodir etilgan voqea, hodisa yuzasidan o‘zlarining ko‘rsatmalarini beradilar. Tergovchi haqiqatni aniqlash maqsadida so‘roq qilinayotganlarning bir- birlariga savol berishlariga ruxsat beradi.
O‘z-o‘zidan ma’lumki, so‘roq jarayonida yuzlashtirilayotgan ikki shaxs bir-biriga qarama-qarshi fikrda, nizoli vaziyatda bo‘lishadi. Shu o‘rinda tergovchi birinchi navbatda diqqatini aniq va to‘g‘ri ko‘rsatma berayotgan shaxsning ko‘rsatmalariga qaratishi taktik jihatdan to‘g‘ri hisoblanadi.
Shuningdek, yuzlashtirish jarayonida tergovchi o‘z ruhiy, emotsional-hissiy holatini to‘liq boshqarishi va murakkab, nizoli vaziyatlarda tinchlik va xotirjamlikni saqlashi hamda so‘roq qilinayotgan shaxsni chuqur o‘rganishi natijasida uning shaxsiy xarakteridagi «nozik joylarini» bilishi zarur.
Yuzlashtirish jarayonini amalga oshirishda ijtimoiy-psixologik effektlar ingibitsiyasi, ya’ni boshqa odamlarning qatnashishi effektidan samarali foydalanish zarur. Ushbu vaziyatda shaxs xulq-atvori (modifikatsiya) o‘zgaradi, ya’ni u qatnashchilarning ta’siridan yo‘nalish oladi, natijada so‘roq qilinayotganda himoyalanish mexanizmining ustunlik qilishi kuzatiladi.
Yuzlashtirishdan asosiy maqsad tergov jarayoniga qarshi, yolg‘on ko‘rsatma berayotgan shaxsni aniqlashdir. Bizga ma’lumki, aniq
ma’lumotlar psixologik ta’sir ko‘rsatish omillari asosida olinadi. Shu ma’noda sodir etilgan voqeani birma-bir, to‘liq tasvirlash qarama-qarshi shaxslarga psixologik ta’sir ko‘rsatishning hal qiluvchi usullaridan biri sanaladi. Shuningdek, yuzlashtirish jarayonida ko‘rsatma berayotgan shaxsga nisbatan hech qanday tazyiq va boshqa psixologik ta’sirlar o‘tkazilishi mumkin emas.