Yashirish joylarini tanlashda hisobga olinadigan psixologik omillar nimalardan iborat?
So‘roq qilish jarayoniga psixologik tayyorgarlik ko‘rishda nimalarga e’tibor qaratiladi?
Yuzlashtirish jarayonida ishtirokchilarning psixologik holatiga ta’rif bering.
bob.
JINOYATCHINIQIDIRISHVAJINOYATNIOCHISH FAOLIYATINING PSIXOLOGIK ASOSLARI
Jinoyatlarni ochish faoliyatining psixologik xususiyatlari
Yuridik psixologiya fanining kriminal psixologiya sohasi jinoyat- larni ochishda jinoyatchi shaxsning g‘ayriijtimoiy xulqi sabablarini ikki guruhga – ijtimoiy va biologik sabablarga ajratgan holda o‘rganadi. Shu nuqtai nazardan, ijtimoiylik yoki biologiklik omillariga «ruhiylik» nomli tizim hosil qiluvchi omilni kiritish hamda inson xulqining sababiy bog‘lanishlari (determinatsiyasi) bilan bog‘liq barcha muammolar majmuini ijtimoiy-psixologik-biologik sabablar deb atash to‘g‘ri bo‘ladi. Bunda «psixologik» jihatning o‘rtada joylashgani uning ham ijtimoiy, ham biologik omil uchun birlashtiruvchi funksiyaga egaligini anglatadi. Shu bois jinoyatlarni ochish jarayonida ichki ishlar xodimi shaxsning
«ijtimoiy-psixologik-biologik»tuzilishiga alohida e’tibor qaratish zarur.
Jinoyatlarni ochish faoliyatida shaxsning xulqida namoyon bo‘luvchi g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarni hisobga olish muhimdir. Chunki g‘ayriijtimoiy xulq, normadagi xulq kabi, ko‘p omilli bo‘lib, u bir yoki bir qancha sabablarning oqibati emas, balki alohida olingan individual axloqiy ko‘rinishning ko‘p omillar bilan bog‘liqligi va ehtimolli xususiyati natijasidir. Bu o‘rinda shaxsning tipik individual- psixologik xususiyatlari va axloqiy qarashlarini aniqlash ustun ahamiyatga ega. Ijtimoiy va biologik omillar o‘z-o‘zicha emas, balki jinoyatchi shaxs xulqining o‘ziga xosligini namoyon qiluvchi uning shaxsiy-psixologik xislatlari bilan birlashgan holda g‘ayriijtimoiy xulqning aniqlovchilariga aylanadi.
Inson tomonidan jinoyat sodir etilishida shaxs xulqi, ehtiyojlari, anglangan va anglanmagan mayllari tizimi, qarashlari hamda qadriyat- lari, oldiga qo‘ygan maqsad va unga erishish istagi birinchi o‘ringa chiqadi.
Aksariyat jinoyatchilarning xulqiga ijtimoiy qadriyatlarga moslasha olmaslik (dezadaptatsiya) va o‘zini o‘zi boshqarishdagi nuqsonlar xosdir. Individning o‘zini o‘zi boshqarish imkoniyatlarining past darajada bo‘lishida, uning g‘ayriijtimoiy mayllari, odatlari nafaqat
nazorat qilinmaydi, balki ularning o‘zlari xulqning maqsad hosil qiluvchi mexanizmlariga aylanadi. Ya’ni, g‘ayriijtimoiy xulq individning o‘z ijtimoiy mas’uliyatini himoya qilish (o‘zini oqlash) motivatsiyasi, umum qabul qilingan ijtimoiy qadriyatlarning qadrsizlanishi asosida amalga oshiriladi. Inson xulqi uning ehtiyojlari va yo‘nalganlik sohasi, qabul qilgan qadriyatlar tizimi, umuminsoniy madaniyatdan bahramandlik darajasi bilan bog‘liqdir.
Inson xulqini aniq instinktiv (tug‘ma) mayllari emas, balki ijtimoiylashuv darajasi yuzaga keltiradi. Inson xulqidagi tashqi holatlar tizimi unda shakllangan ichki ruhiy shart-sharoitlar tizimi orqali namo- yon bo‘ladi. Ushbu ichki ruhiy shart-sharoitlarga quyidagilar kiradi:
qadriyatlar tizimi;
axloqiy yo‘nalganlik;
xatti-harakatning umumlashgan usullari;
o‘zini o‘zi tartibga solishning psixodinamik xususiyatlari.
Shaxs qanchalik kam ijtimoiylashgan bo‘lsa (bu, odatda, jinoyatchi shaxsning o‘ziga xos xususiyatidir) unda biologik omillarning ustun (dominanta) bo‘lish ehtimoli shunchalik yuqori bo‘ladi. Inson ongining rivojlanishi qanchalik cheklangan bo‘lsa, uning xulqida iyerarxik jihatdan quyi turadigan motivatsiya darajalari shunchalik katta rol o‘ynaydi.
Kriminolog olim Z. S.Zaripov va I. Ismailovlar jinoiy xulq shakl- lanish jarayonini quyidagi toifalarga ajratishadi: 1) shaxs ehtiyoji va manfaatlari buzilishi bilan bog‘liq jinoiy xulq shakllanish jarayoni; 2) shaxs ehtiyoji (manfaati) va imkoniyati o‘rtasidagi farq (qarama- qarshilik) bilan bog‘liq jarayonlar; 3) shaxs ma’naviy va huquqiy tasavvurining, qadriyatlar va ijtimoiy yo‘nalishining buzilishi bilan bog‘liq jarayonlar; 4) qaror qabul qilish va amalga oshirishdagi nuqson va kamchiliklar bilan bog‘liq jarayonlar1.
Jinoiy xatti-harakat jarayonlari quyidagi asosiy qismlarni o‘z ichiga oladi: motivatsiya, qaror qabul qilish va uni amalga oshirish. Har qanday ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan xatti-harakat shaxsdagi o‘ziga xos xususiyatlar bilan tashqi muhit o‘rtasidagi aloqaning natijasi bo‘lib, muayyan jinoiy xatti-harakat jarayonini o‘zida aks ettiradi.
Shu ma’noda, aksariyat jinoyatchi shaxslarning xulqida janjal- kashlik, tez ta’sirlanish, salbiy mayllarning o‘z-o‘zidan paydo bo‘lishi,
1 Qarang: ЗариповЗ.С.,ИсмаиловИ. Криминология. – Т., 1996. – Б. 130.
o‘z xulqini ijobiy qadriyatlar va motivatsiyalar bilan boshqarish mexanizmining sustligini kuzatish mumkin.
Shu ma’noda, aksariyat jinoyatchilarda o‘z-o‘zidan yuzaga kela- digan mayllarning tasodifiy vaziyatlarga bog‘liqligi xosdir. Shaxsning o‘zini o‘zi boshqarish tizimining tarqoqligi aksariyat jinoyatchilarni bir- biridan ajratib turuvchi asosiy psixologik jihatlardan biridir. Jino- yatchilarning ayrim xudbinona intilishlari g‘ayriijtimoiy tus olganda ularning axloqiy tizimi ong osti mayllari darajasida boshqariladi.
Yaqin o‘tmishda bo‘lgan freydizmning asossiz tanqid qilinishi bizda
«ong osti» tushunchasiga salbiy munosabatni yuzaga keltirdi. Hozirgi ilmiy psixologiya «ong osti omilini» «o‘z» o‘rniga qaytardi.
Ruhiy boshqaruvlarning ong osti mexanizmlari barcha maqsadli harakatlarda, axloqiy qarashlarning keng miqyosli tizimida namoyon bo‘ladi. Ong darajasi qanchalik past bo‘lsa (aksariyat jinoyatchilarga ana shu belgi xos), xulqni tartibga solishning ong osti mexanizmlari shunchalik katta rol o‘ynaydi.
Insonning asosiy axloqiy fondi umum qabul qilgan me’yorlarga aylanib ulgurgan. Muayyan shaxs xulqining mustahkamlangan, umum- lashgan usullari uning tabiatiga xos xislatlardir.
Ijtimoiylashgan shaxs barcha vaziyat va sharoitlarda barqaror va yaxlitdir, jinoyatchi shaxs esa vaziyatga tobe bo‘ladi. Shu bilan birga, ashaddiy jinoyatchilarga xos barqaror g‘ayriijtimoiy yo‘nalganlik ularda tegishli ustunlik qiluvchi kriminogen motivlar, jamiyat uchun xavfli anglangan, ularning hayoti va faoliyatidagi boshqa barcha ko‘rinishlarni o‘ziga bo‘ysundiruvchi intilishlar borligidan dalolat beradi.
O‘z navbatida, shaxs o‘zining ruhiy xislatlariga ko‘ra jinoyatchining ijtimoiy roliga muqarrar mahkum etilishi mumkin emas. Biroq, har bir jinoyatda uning subyektiv tomoni sifatida jinoyatchi shaxsning ruhiy holatlari doimo namoyon bo‘ladi.
Jinoyatchilar bir-birlaridan hamda ijtimoiy hayotga moslashgan, qonunga itoatkor odamlardan «jinoiy jihatlari» bilan emas, balki hayoti va faoliyatining turli sharoitlarida shakllangan fe’li-atvoriga xos salbiy xislatlari bilan farq qiladilar.
«Jinoiy ruhiyat» ham, «jinoiy vorisiylik» ham mavjud emas. Ayni vaqtda ruhiyat ham, uning tabiiy shart-sharoitlari ham har qanday axloqiy aktga, jumladan g‘ayriqonuniy harakatlarga «daxldordir».
Ijtimoiy qarashlari qat’iy bo‘lmagan irodasiz insonda hatto uning tabiiy mayllari ham g‘ayriijtimoiy axloq shakllarida, ya’ni jinsiy instinkt – nomusga tegishda; faol mudofaa refleksi – shaxsga tajovuz qilishda;
o‘zini saqlash instinkti – dezertirlikda namoyon bo‘lishi mumkin. Huquqiy belgilariga ko‘ra bir xil jinoiy qilmish turli ruhiy omillardan kelib chiqishi mumkin. Masalan, o‘g‘rilik jinoyati aybdorning shaxsiy yo‘nalishi bilan ham, irodasining sustligi va ishonuvchanligi bilan ham, patologik xususiyati bilan ham sodir etilishi mumkin.
Insonning jinoiy qilmishida namoyon bo‘ladigan shaxsiy xislatlari
«huquqiy ongdagi qandaydir umumiy nuqsonlar»dan emas, balki aniq axloqiy-psixologik qusurlari (baxillik, shafqatsizlik, ijtimoiy salbiy odatlar)dan dalolat beradi.
Rus olimi A. R. Ratinovning o‘tkazgan tadqiqotida jinoyatchi shaxs- lar bilan qonunga itoatkor fuqarolar o‘rtasida jiddiy psixologik farqlar borligi kuzatilgan. Ya’ni, shkalali tahlilda tekshiriluvchilarning qonunga itoatkor guruhi barcha asosiy qadriyatlarga o‘zining ijtimoiy-ijobiy munosabatini, o‘z hayotining mazmunini baholashi bo‘yicha jinoyatchi shaxslardan ancha ustun ekanligi ma’lum bo‘lgan. Jinoyatchi shaxslar bilan qonunga itoatkor shaxslar o‘rtasidagi farqlar ijtimoiy muhit, faoliyat, badiiy zavq, nikoh, sevgi, farzandlar, oila kabi qadriyatlarda yorqin ko‘rinadi1.
Har bir insonda ijobiy xulq mavjud bo‘lib, bu xulq anglangan hamda qarorni erkin, to‘g‘ri qabul qilsa, vaziyatning quliga aylanmaydi, albatta, qonunga itoatkor shaxslarda ushbu xislatlarni kuzatish mumkin.
Inson xulqining ruhiy boshqaruv darajasi qanchalik past bo‘lsa, uning xulqida vaziyat bilan bog‘liq holatlar shunchalik katta ahamiyatga ega bo‘ladi. Ko‘pchilik jinoyatchilarga haqiqatan ham xulqining vaziyat bilan bog‘liqligi xos bo‘lib, bu uning fe’liga xos jihatdir.
Inson o‘zi uchun muayyan qiymatga ega bo‘lgan narsa, hodisa sababligina faol harakat qiladi. Qadriyatlar tizimi individual bo‘lib, u insonning ruhiy faolligini belgilab beradi: bir kishi uchun hayotiy muhim bo‘lgan narsa, boshqa shaxs uchun unchalik muhim bo‘lmasligi mumkin. Jinoyatchining xulqi ham qadriyatlar asosida yo‘nalgan. Ammo jinoyatchining qadriyatlari buzilgan, ular ijtimoiy qadriyatlarning umum e’tirof etgan tizimiga mos kelmaydi. Shu ma’noda jinoyatlarni ochish jarayonida sodir etilgan jinoyatning sababini aniqlash yaxshi samara beradi. Chunki jinoyatmotivijinoiy qilmish sodir etishga ahd qiluvchi
anglab yetgan his-tuyg‘udir.
1 Qarang: РатиновА.Р.Судебная психология для следователей. – М., 1987. – С. 59.
Jinoyatlarni ochishda avvalo jinoyatchining intellektual-ma’naviy xislatlari, qadriyatlari, ruhiy va jismoniy holatini hisobga olish zarur. Shuningdek, jinoyatchi shaxsining ruhiy holatlarini mantiqiy tahlil etish, u sodir etgan jinoyatni malakali baholash, jumladan individual bashorat qilish hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Sodir etilgan jinoyatni ochishda jinoyatchi to‘g‘risida har tomonlama chuqur tasavvurga ega bo‘lish uchun jinoiy harakatning vaqti, joyi va boshqa jihatlari to‘liq psixologik tahlil etilishi, ya’ni jinoyat sodir etilishining yashirin motivlari va maqsadlarini inobatga olish zarur.
Jinoyatchi shaxs jinoyatni nima maqsadda sodir etishi mumkin?
Aynan mana shunday muammoli savol qo‘yish jinoyatchilikka qarshi kurashishda, ayniqsa, agar u «o‘z kasbi»ni puxta biladigan retsidivist tomonidan sodir etilsa, unga qarshi kurashish o‘ta muhim hisoblanadi. Bu borada jinoyat-qidiruv faoliyati mutaxassislari shunday xulosaga kelgan: «Jinoyatchilikka qarshi kurash bu xuddi ziddiyatdek, ya’ni ikki tomon ham o‘ziga xos bir-biriga qarshi xabarga ega bo‘ladiva bu xabarlar natijasida ikkala subyekt ham bir-birining eng nozik tomonini bilgan holda kurash olib boradi». Jinoyat sodir qilgan shaxsning asosiy maqsadi:
o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga erishish;
qilgan jinoyatining izini yo‘qotish.
Jinoyatchi shaxslarning ichki ruhiy olami va an’analaridan kelib chiqadigan bo‘lsak, ular ko‘p hollarda jinoyatni mahorat bilan (professional) sodir etadilar, shuningdek, boshqa shaxslarni qo‘rqitish, aldash yo‘li bilan jinoyat sodir etishga majbur qiladilar.
Jinoyatchi shaxslar iloji boricha ichki ishlar idoralari xodimlari bilan muloqotda bo‘lishni xohlashmaydi, ulardan uzoqroq yurish, o‘zlarini olib qochishga harakat qiladilar. Agar ular bilan muloqotga kirishadigan bo‘lsa, o‘zlarining faqat ijobiy tomonlarini ko‘rsatishga intiladilar, chunki ijobiylik ularning har xil voqea-hodisalardan keyin gumon qilinmasligini ta’minlashi mumkin, degan farazni yuzaga keltirish mumkin.
Jinoyatlarni ochish va tergov qilishda tergovchi operativ qidiruv xizmati xodimi bilan hamkorlikda faoliyat olib boradi. Mazkur hamkorlik jinoyatlarni ochish va jinoyat sodir etgan shaxslarni topishda alohida o‘rin egallaydi, ya’ni ular tergov faoliyatini tezkor axborot bilan ta’minlaydilar.
Shu o‘rinda operativ qidiruv faoliyatining alohida psixologik xususiyatlari quyidagilardan iborat:
yashirin jinoyatlarni ochish;
jinoyatchining qarshi harakati va qarshilik ko‘rsatishini yengish;
muayyan rolga qirish va ayyorlikni qo‘llash.
«Operativlik» atamasi muayyan amaliy sharoitlarga javoban amaliy harakatlarni amalga oshirilishini bildiradi. Operativ faoliyat yuqori darajada harakatchan (dinamik) mohiyatga ega bo‘lib, rasmiyat- lashtirilishi mumkin emas.
Jinoyat qidiruvi ochiq usul va vositalardan tashqari, shaxsiy qidiruv, yashirin kuzatuv, yopiq manbalardan axborot yig‘ish, maxsus hisobga olish, operativ texnika kabi yashirin vositalarni qo‘llash huquqiga ega.
Operativ-qidiruv yo‘llari orqali tergovchi quyidagilarni olishi mumkin:
obyektlar to‘g‘risida ma’lumotlar, shuningdek o‘z ichida isbotlash axboroti ehtimoli bo‘lgan ashyoviy dalillar;
dalillarga to‘g‘ri baho berishga ko‘maklashuvchi ma’lumotlar;
gumon qilinayotgan shaxslar to‘g‘risida ma’lumotlar.
Yuqorida ko‘rsatilgan fikrlar isboti sifatida odam o‘ldirish kabi o‘ta og‘ir jinoyatlarni qidirish, topish va tergov qilish harakatlarining umumiy tarkibini ko‘rib chiqamiz.
Jinoyatchi shaxsning jinoyat sodir etishga qadar bo‘lgan psixologiyasi tahlili:
qonunbuzar shaxsning jabrlanuvchi bilan jinoyat sodir etilishiga qadar bo‘lgan aloqasi, jabrlanuvchining xulq-atvori bilan bog‘liq o‘ziga xos xususiyatlarni bilishi, jabrlanuvchi bilan nizoli munosabatlarni rivojlantirish, jinoyatning asosiy yo‘naltiruvchi motiviatsiyalarini, jinoyatni amalga oshirishning dasturini belgilash va amalga oshirish shartlarini aniqlab olish;
jinoyatning qurol va vositalarini olish yoki yasash (mutaxassislar bilan maslahat qilish, adabiyotlarni o‘rganish);
jinoyatni hech qanday to‘siqlarsiz yashirin tarzda amalga oshirish uchun zamin tayyorlash, kelgusida qotillikni yashirish uchun shart- sharoitlar yaratish.
Jinoyat sodir etishning individual xususiyatlari mexanizmini tahlil qilish:
jabrlanuvchi bilan jinoiy aloqaning xulq-atvorga bog‘liq xususi- yatlari (jinoiy o‘zaro aloqada boshlang‘ich bosqichining xususiyatlari);
qotillikning turli usullarida tan jarohati yetkazish mexanizmining operatsional xususiyatlari: qarshidan, o‘rtacha va uzoq masofadan turib o‘q otish, pistirma yoki binodan turib o‘q uzish, qo‘l, sirtmoq bilan bo‘g‘ish, turli moddalar va usullar bilan zaharlash, tepalikdan tashlab yuborish, mashinada bosish, yurib ketayotgan avtotransportdan uloqtirib yuborish, jabrlanuvchini yordamga muhtoj holatga keltirish va uni hayot uchun xavfli bo‘lgan sharoitda qoldirish va hokazo.
Jinoyat izlarini tahlil qilish:
murdadagi tan jarohatlari, kiyim-kechakdagi shikastlar;
murda tanasida va kiyimida kuyish alomatlarining borligi;
jabrlanuvchi tanasida tirnoq va tish izlari, shuningdek biologik kelib chiqishga ega boshqa izlarning borligi (tupuk, qon, sperma, soch, shuningdek tirnoq ostidagi moddalarning biologik komponentlari);
voqea sodir bo‘lgan joyda kurashish izlari (jinoyatchi tana a’zolari qismlari (tizza, bilak, kaft), shuningdek jinoyatchi poyafzalining izlari;
jinoyatchi tomonidan foydalanilgan transport izlari, uning tanasi, poyafzali va kiyimidagi izlar, mikroizlar, (kiyim tolalari, qo‘llanilgan qurollarning mikro zarralarining borligi);
gumonlanuvchi yashash joyida mikroizlarning mavjudligi, jinoyatni yashirish alomatlari.
Jinoyatchining shaxsiy xususiyatlari tahlili va jinoyat sodir etish sabablarini o‘rganish:
jinoyatchining anatomik-fiziologik va shaxsiy xususiyatlari to‘g‘risida ehtimolli xulosalar (kriminllashish darajasi, xulq-atvorning jinoiy usullarini bilishi, jinoiy maqsad qo‘yish va unga erishishda individual-operatsional afzalliklar);
jinoyat sodir etishning ehtimolli motivlari (qasd, o‘ch, rashk, affektiv zo‘ravonlik va h.k.);
shaxsga oid aksentuatsiyalar va psixik anomaliyalar (muayyan vaziyatga mos kelmaydigan to‘satdan yuzaga keladigan, noadekvat xulq atvor, xatti-harakatlar, bema’ni shafqatsizlik, sadizm, jinsiy patologiya, harakatlarning tor yo‘nalishda tanlanganligi va hokazo).
Jinoyat qidiruv xodimlari shaxslarni profilaktika inspektorlarining tavsiyasi bilan tekshirishi mumkin. Ko‘p hollarda jinoyatchi shaxslar ichki ishlar xodimi, ya’ni profilaktika inspektorlari bilan muomalasini
yaxshi qilishga harakat qilishadi, o‘zini ijobiy tomondan ko‘rsatib yuradi va bundan foydalanib, jinoyat sodir qiladi. Jinoyatchi shaxslar o‘zlari haqida biror-bir yomon fikr yuzaga keltirmaslikka harakat qiladi, asosan o‘zlarini boy qilib ko‘rsatmaydi, agar jinoyat, masalan, o‘g‘rilik sodir qilgan bo‘lsa ham tanishlaridan hammaning oldida pul qarz so‘raydi.
Ichki ishlar idoralari xodimlari turli toifadagi jinoyatchilarning psixologik xususiyatlariga, sodir etgan jinoyatiga qarab, sodir etilgan jinoyatning asosiy maqsadi va motivlarini mukammal bilishlari, zudlikda ehtiyot choralarini ko‘rishlari, shuningdek, jinoyatchi shaxs hamda jinoyatchi guruhlarning qilgan jinoiy xatti-harakatlari, ularning psixik holatlari, individual psixologik xususiyatlarini jinoyatni ochish jarayonida psixologik bilimlar va usullardan mohirona foydalangan holda ochish qobiliyatiga ega bo‘lishlari davr talabidir.