Gumon qilinuvchi va ayblanuvchini so‘roq qilish psixologiyasi
Gumon qilinuvchi va ayblanuvchi hali jinoyatchi emas. Shu bois jinoyatni ushbu shaxs sodir etganmi, degan masalaga javob izlayotganda uning psixologiyasini aniq tushunish zarur. Aybdor javobgarlikdan bo‘yin tovlash va jinoyatda ishtirokini yashirishga intilib, atrofdagilardan jinoyat bilan bog‘liq kechinmalarini yashirishga harakat qiladi. U o‘z xotiralarini tashqi ko‘rinishlardan asraydi va bu bilan ularga doimo jonli tus beradi, kechinmalarini yashirar ekan, ularni yanada keskinlashtiradi. Oxir oqibatda o‘z hissiyotlari va fikrlarini yashirishga qaratilgan harakatlar uning ruhiy jarayonlarida kuchli buzilishlar hosil qiladi.
Gumon qilinuvchi va ayblanuvchining protsessual holati yuridik jihatdan jiddiy farqlarga ega bo‘lsa-da, psixologik jihatdan bu farqlar unchalik muhim hisoblanmaydi. Jumladan, gumon qilinuvchida uning holati tez-tez o‘zgarib turadi, goh o‘ziga nisbatan ishonch paydo bo‘lishi, faol qarshilik ko‘rsatishga intilish, tergovchining imkoniyatlarini yetarli baholamaslik, o‘ziga nisbatan ortiqcha ishonish, goh aksincha, g‘amgin- lik, depressiv holat, parishonlik, irodasizlik hosil bo‘lishi bilan kechadi.
Gumon qilinuvchidan farqli ravishda ayblanuvchi ko‘pincha ishning holati, tergovda mavjud dalillarning mazmuni haqida ko‘proq ma’lumotga ega bo‘ladi. Biroq dastlabki tergovda gumon qilinuvchida ham, ayblanuvchida ham ko‘pgina o‘xshash psixologik holatlar, maqsad- lar va motivatsiyalar kuzatiladi, binobarin, ularning xatti-harakatlarida ham bular ko‘rinadi1.
So‘roq qilinayotganlarning ruhiy holati, harakat motivlari, shaxsiy xislatlari ularning dastlabki tergovdagi xatti-harakatlarini va ularga psixologik yondashuvni, eng samarali taktik va psixologik usullarning tanlanishini belgilab beradi. So‘roqda ayblanuvchi turli-tuman hissiyotlarni boshdan kechirishi mumkin.
Jinoyat sodir etgan shaxs fosh bo‘lishdan va, albatta, jazolanishdan qo‘rqadi. Bu holat odatda uning ruhiyatiga og‘ir ta’sir ko‘rsatadi, irodasiga muayyan darajada bosim o‘tkazadi, yuzaga kelgan holatlarni
1Izoh: Shu o‘rinda va bundan keyin ayblanuvchi haqida aytiladigan hamma fikrlar teng darajada gumon qilinuvchiga ham taalluqlidir.
to‘g‘ri baholash imkoniyatini pasaytiradi, o‘zini nazorat qilishini yomonlashtiradi, uni ruhan siqilgan, depressiv holatga solishi mumkin. Qo‘rquv odatda jinoyat sodir etgan shaxsda uni jinoiy javobgarlikka tortishdan ancha avval paydo bo‘ladi. Bunday psixologik holatlar so‘roq qilinayotgan shaxs bilan psixologik aloqa o‘rnatishni qiyinlashtiradi, so‘roq samaradorligini pasaytiradi.
So‘roqda ayblanuvchi ruhiy larza, yuz bergan voqeadan qarin- doshlari va yaqinlari, do‘stlari, xizmatdoshlari, qo‘shnilari xabardor bo‘lishi mumkinligidan xavotirlanib uyalishi mumkin. Atrofdagilarning bahosi va fikrlariga hattoki qat’iy shakllangan g‘ayriijtimoiy qarashlarga ega bo‘lgan shaxslar ham befarq emasdirlar. Oshkor bo‘lishni istamaslik juda kuchli motiv bo‘lib, ko‘p jihatdan ayblanuvchining xatti-harakatini belgilab beradi. Bunday motiv aniqlanganida tergovchining vazifasi so‘roq qilinayotgan shaxsni to‘g‘ri va to‘liq ko‘rsatma berish zarurligiga ishontirishdir. Faqat shugina, biroz bo‘lsa-da, yaqin odamlarning xayrixohligini saqlab qolishga yordam beradi.
Tergovchi ba’zan boshqalarning fikri bilan qiziqmaydigan ayblanuvchilar (ko‘pincha retsidivistlar) bilan uchrashishiga to‘g‘ri keladi. Ular «ushlanmagan o‘g‘ri – o‘g‘ri emas», «pulning hidi yo‘q» kabi prinsiplarga asoslanadilar.
Ayrim ayblanuvchilarga o‘zi erishgan ijtimoiy, xizmat va moddiy mavqeini yo‘qotishdan qo‘rqish xos bo‘ladi. Shu bois so‘roq paytida bunday ayblanuvchi ko‘pincha to‘g‘ri ko‘rsatma berishdan bo‘yin tovlaydi. Bu o‘rinda tergovchi ayblanuvchining mazkur psixologik holatni yengishi uchun uni halol va vijdonan mehnat qilish orqali ijtimoiy mavqeini tiklash, jamiyatning to‘la huquqli a’zosiga aylanishi mumkinligiga ishontirishi kerak.
Ayblanuvchining harakat motivlarini shakllantiradigan kuchli psixologik holat ozodlikdan, odatdagi turmush tarzidan mahrum bo‘lish, jinoyatchilar orasida bo‘lib qolishdan qo‘rqish tashkil qiladi. Bunday hissiyot ayniqsa birinchi marta jinoyat sodir etgan va jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslarga xosdir. Ushbu vaziyatda ayblanuvchi faqat aybini rad etish, yolg‘on ko‘rsatma berish orqaligina ushlab turish, hibsda saqlash, qamoqqa olish, ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq hukm chiqarilishidan qutulib qolish mumkin deb hisoblaydi. Unda tegishli psixologik holat yuzaga keladi, tergovchi yengishi zarur bo‘lgan qarash shakllanadi. Buning uchun ayblanuvchini aybni isbotlash uning e’tirofiga uncha bog‘liq emasligiga, hal qiluvchi darajada butun dalillar
majmuiga bog‘liq ekanligiga ishontirish talab qilinadi. Bu o‘rinda chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lish hamda jinoyatni ochishga faol ko‘maklashish sud uchun javobgarlikni yengillashtiruvchi holat hisoblanishini tushuntirish talab qilinadi.
Amaliyotning ko‘rsatishicha, guruh tomonidan sodir etiladigan jinoyatlarda ayblanuvchi guruh ishtirokchilariga har xil munosabatda bo‘ladi. Agar u kimgadir ko‘p jihatdan qarzdor bo‘lsa, ushbu shaxsning jinoyatga aloqadorligini yashirishga urinadi, bunda uning yordami va qo‘llab-quvvatlashidan umidvor bo‘ladi. Ko‘pincha jinoyatchilar guruhidagi psixologik munosabatlar tizimi kuchga bo‘ysunish, qo‘rquvga, boshqa tuban intilishlar va instinktlarga asoslanadi. Shu bois tergov jarayonida jinoiy guruh ishtirokchilari bir-birlaridan ajratilganda ushbu asosda qurilgan munosabatlar buzilib ketadi. Ayblanuvchida uni jinoiy guruhga tortgan, jinoiy javobgarlikka jalb qilinishiga sabab bo‘lgan shaxslarga nisbatan adovat mustahkamlanib boradi. Tergovchi ayblanuvchining bunday ruhiy holatidan foydalanishga, uning oldida jinoiy guruhda mavjud bo‘lgan munosabatlar tizimini ochib berishga, jinoyatchilar orasidagi soxta o‘rtoqlik hissiyoti nimaga asoslanganligini ko‘rsatishga, bu bilimlardan so‘roq qilishning eng samarali taktik usullarini tanlashda foydalanishga haqlidir. Biroq ularni jinoiy guruh ishtirokchilarining psixologik o‘zaro munosabatlarini inobatga olgan holda tanlash zarurligini yodda tutish lozim, chunki tuban hissiyotlar va intilishlarni qo‘zg‘atish, ulardan foydalanishga asoslangan usullarni qo‘llashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Gumon qilinuvchi, hatto ayblanuvchiga aylanib qolgan aybsiz kishi boshidan kechirayotgan psixologik holat alohida o‘rin tutadi. Shubhasiz u g‘azab, jahl, alam hislarini sezadi, asoslanmagan shubhalardan tezroq qutulishga, aybsizligini isbotlashga intiladi, shuningdek, chorasizlik, o‘ziga qarshi dalillarni rad eta olmaslik, atrofdagilarning o‘zi haqidagi noto‘g‘ri fikrlarini yengish hislarini sezishi mumkin.
So‘roqning samaradorligi ko‘p jihatdan so‘roq qilinayotgan shaxsning psixologik holatiga, ayblanuvchining o‘z aybini anglashiga, to‘g‘ri ko‘rsatmalar berishga tayyor ekanligiga bog‘liq. Tergovchi salbiy psixologik holatlarni taktik jihatdan mohirlik bilan susaytirishi yoki zararsizlantirishi hamda ijobiy tomonlarni kuchaytirishi, qo‘llab- quvvatlashi kerak.