Xodimlar psixologik tayyorgarligining mohiyatini belgilovchi markaziy bo‘g‘in va o‘zak uni o‘tkazish usullaridir. Bu o‘rinda operativ xizmat vazifalarini samarali bajarishga imkon beruvchi psixologik tayyorgarlik rivojlantiriladigan va uning zarur darajasiga erishishga yordam beradigan usullar nazarda tutiladi. So‘nggi vaqtlarda psixologik tayyorgarlikni tashkil etishda ichki ishlar xodimlarining kasbiy psixologik treningidan foydalanish borgan sari ko‘proq ahamiyat kasb etmoqda. Kasbiy-psixologik trening xodim shaxsining kasbiy muhim xislatlarini samarali rivojlantirishga imkon beruvchi maqsadga qaratilgan mashqlar tizimidir. Ushbu trening xodimning kasbiy faoliyati samarador- ligini oshiradigan tegishli psixologik usullarni egallashini ham taqozo etadi.
Psixologik tayyorgarlikni amalga oshirish uchun quyidagi kasbiy- psixologik trening usullari qo‘llaniladi:
bilish xislatlari treningi;
kommunikativ trening;
rolga kirish treningi;
psixologik boshqaruv mashqlari;
psixo-texnik o‘yinlar.
Kasbiy psixologik trening usullari operativ xodim uchun zarur bo‘lgan xislatlar, ko‘nikmalar va mahoratni samarali shakllantirish va rivojlantirishga imkon beradi.
Bilish xislatlari treningiga kasbiy xotira, kasbiy kuzatuvchanlikni rivojlantirish va kasbiy idrok tajribasini to‘plash bo‘yicha treninglar, kasbiy ziyraklikni rivojlantirish bo‘yicha mashqlar kiritiladi.
Kommunikativ trening psixologik aloqa va ishonchli munosabat o‘rnatish, operativ qiziqish uyg‘otuvchi shaxslarga psixologik ta’sir ko‘rsatish ko‘nikmalarini egallashni o‘z ichiga oladi.
Xodimlar operativ xizmat vazifalarini bajarish jarayonida turli rollarni bajarishlariga to‘g‘ri keladi. Boshqa qiyofaga kirish, o‘z xatti- harakatlarini niqoblash va asoslash qobiliyati ichki ishlar xodimlari
kasbiy mahoratining zaruriy tarkibiy qismi bo‘lib, unda tegishli xislatlarni shakllantirish uchun rolga kirish treningi katta ahamiyat kasb etadi. Rolga kirish ko‘nikmalari rol gimnastikalari, ya’ni nutqqa va nutqsiz vositalarga tegishli rolga mos tashqi ifodali belgilar bag‘ishlash, ushbu vositalarni qo‘llashda improvizatsiya qilish qobiliyatini rivojlan- tirishga qaratilgan maxsus mashqlarni bajarish orqali rivojlantiriladi.
Hissiy-irodaviy jarayonlarni boshqara olish ko‘nikmalarini egallash uchun psixologik boshqaruv mashqlaridan foydalaniladi. Bu mashqlar shaxsning hissiy holatlarini boshqarishga, ortiqcha asabiylik, zo‘riqishni bartaraf etishga, xodimning faoliyatida muayyan ijobiy kayfiyat yara- tishga imkon beruvchi o‘zini o‘zi boshqarishning eng oddiy usullaridan foydalanish ko‘nikmalarini egallashga qaratilgan. Ushbu guruhga autogen mashqlar, irodaviy o‘zini o‘zi boshqarish usullarini egallash ham kiritilgan.
Psixotexnik o‘yinlar xodimlarni psixologik tayyorlashning samarali usuli bo‘lib, o‘yin tarzidagi xatti-harakatlarni bajarish orqali muayyan xislatlarni shakllantirish uchun qo‘llaniladi. Psixotexnik o‘yinlar psixolo- gik jihatdan amaldagi vaziyatlarga yaqin bo‘lgan, haqiqatda mavjud bo‘lgan vaziyatlarni qaror toptirishga asos bo‘ladigan muayyan rollarni, o‘zaro harakatlarni bajarishni nazarda tutadi.
Psixologik tayyorgarlik usullariga operativ xizmat faoliyati sharoitlari va qiyinchiliklarini psixologik modellashtirish ham kiritiladi. Bu operativ xizmat faoliyatining haqiqiy vaziyatlariga yaqin bo‘lgan tashqi va ichki (psixologik) sharoitlarni yaratishga imkon beruvchi yo‘llar, usullar va vositalar majmuidir.
Psixologik tayyorgarlik usullari orasida amaliy vazifalarnipsixologik tahlil qilish va bajarish usuli ham ajratilishi mumkin. Ushbu usulning afzalligi xodimlar kasbiy psixologik tayyorgarligining daraja- sini haqiqatda tekshirish imkoniyatidadir. Amaliy vaziyatlarni hal qilish xodimlarga erishilgan amaliy bilimlar, ko‘nikmalar va uquvlarni operativ xizmat faoliyatida qo‘llashga imkon beradi.
Kasbiy psixologik trening vazifalari, mazmuni hamda amalga oshirish yo‘llarining murakkabligi va mas’uliyatliligi uni o‘tkazishni tashkil etishga va usullariga yuqori talablar qo‘yilishini belgilab beradi.
Kasbiy psixologik treningni amalga oshirishda uni tashkil etishning muayyan prinsiplariga suyanish zarur.
Quyidagi umumiy prinsiplar mavjud:
treningning ilmiy asoslanganligi va maqsadga muvofiqligi;
Kasbiy-psixologik treningning qo‘llaniladigan vosita va usullari majmuining ilmiy asoslanganligi va maqsadga muvofiqligi uning psixologik jihatdan nozik jihatlarini chuqur va aniq bilish hamda yuridik psixologiya va pedagogika tavsiyalariga rioya qilish zarurligidan kelib chiqadi.
Treningningkasbgayo‘nalganligi tayyorgarlik vazifalari va mazmu- nining xodimlar kasbiy faoliyatining xususiyatlari va ular duch keladigan psixologik qiyinchiliklardan kelib chiqib maksimal darajada aniqlik kiritilishida ifodalanadi. Shuningdek, ana shundan kelib chiqib o‘quv vazifalari, usullari, obyektlarini tanlash, shart-sharoitlar va harakatlarni imitatsiya qilish zarur.
Kasbiy psixologik treningni o‘tkazishda muntazamlik va ketma- ketlik yangi bilim, ko‘nikma va uquvlar avvalgilari asosida egallanganda, avvalgilari esa rivojlantirishni talab etganda psixologik tayyorgarlikni o‘tkazishda qat’iy mantiqiy aloqa bo‘lishini talab etadi. Bunda oddiydan murakkabga, sinalgandan sinalmaganga tomon borish; mashq qiluvchi- larning haqiqiy bilimlarini va avvalgi mashg‘ulotlarda erishgan natija- larini to‘liq hisobga olgan holda katta, ammo bajarsa bo‘ladigan qiyinchiliklarni yaratish zarur. Ushbu mashg‘ulot topshiriqlari (vazifa- lari, sur’ati, sharoitlari va sh.k.)dagi qiyinchiliklar avvalgilaridan biroz ko‘proq bo‘lgani ma’qul. Agar mashq qiluvchi, harakat qilishiga qaramay, vazifani umuman bajara olmayotgan bo‘lsa, qiyinchilikni kamaytirish lozim.
Mashqlar vaqtidagi qiyinchiliklar talabalarning imkoniyatlarini safarbar qiladi, ta’lim jarayoni tezlashadi, natijalar ham oshib boradi. Vazifalar oddiy, oson bajariladigan bo‘lsa, mashg‘ulotlarga qiziqish pasayadi, ta’lim sur’atlari sekinlashadi.
Ta’lim oluvchilarning ongliligi va faolligi prinsipi xodimlarning o‘z qobiliyatlarini takomillashtirib borishlari, bilim olishlarini faollashtirish, psixologik tayyorgarlik bo‘yicha mashg‘ulotlarga barqaror qiziqishlarini shakllantirishga qaratilgan ongli faoliyatini ta’minlashdan iborat. Mashq qiluvchi nimani va qanday tartibda bajarish kerakligini aniq tushunib olishi zarur. Bunda harakatni egallash sur’atlari va darajasi hamda amaliyotda bajarish samaradorligi oshadi.
Tayyorgarlik ko‘rishning osonligi prinsipi psixologik tayyorgarlikni xodimlarning zarur bilimlar hamda talab etilayotgan ko‘nikma va uquvlarni o‘z aqliy va jismoniy kuchlarini muayyan darajada zo‘riqtirish evaziga ongli ravishda o‘zlashtira olishlari uchun qulay tarzda tashkil etish va o‘tkazishni talab etadi.
Kasbiy psixologik treningni samarali tashkil etishning muhim shartlaridan biri xodimlarning o‘z imkoniyatlarini, kasblari uchun muhim shaxsiy xislatlarining rivojlanganlik darajasini bilishlaridir. Bu esa xodimga tayyorgarlik dasturini to‘g‘ri belgilash, o‘z kuchlarini kerakli yo‘nalishda jamlash imkonini beradi. Bu borada xodimga o‘z psixologik imkoniyatlarini yaxshiroq bilish imkonini beradigan muayyan oddiy psixodiagnostik usullardan foydalanish katta yordam berishi mumkin.