35-kazus
Fuqaro Mamirov kompozit materiallarning qattiqligini oshirishning yangi usuli uchun tegishli tartibda patent oldi. Ixtironing ustuvorligi patentga talabnoma topshirilgan sanadan, ya’ni 2020-yil 16-noyabrdan boshlab belgilandi.
Patent olinganidan biroz vaqt o‘tgach, Mamirov boshqa muallif tomonidan ishlab chiqilgan shunga o‘xshash usul 2019-yil oktabr oyidan boshlab Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining ratsionalizatorlik taklifi sifatida foydalanilganligini aniqladi.
Ibragimova OKMK rahbariyatidan ixtirodan ruxsatsiz foydalanishni darhol to‘xtatishni yoki Ibragimova bilan patent egasi sifatida unga haq to‘lashni nazarda tutadigan litsenziya shartnomasi tuzishni talab qildi.
Ixtironing ixtirolilik shartlari haqida nimalarni bilasiz? Fikringizni huquqiy asoslang.
Patent uchun talabnoma topshirish jarayonini tushuntiring.
Ixtironing ustuvorligi nimadan iborat?
Ratsionalizatorlik taklifi tushunchasini bering.
Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining harakatlari to‘g‘rimi?
O‘zbekiston Respublikasi “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to‘g‘risida”gi Qonunining 18-moddasiga muvofiq ixtiro ustuvorligi patent berish haqidagi talabnoma Adliya vazirligiga topshirilgan sanaga ko‘ra belgilanadi.
Ixtiro ustuvorligi:
Sanoat mulkini muhofaza qilish bo‘yicha Parij konvensiyasi ishtirokchisi bo‘lgan boshqa davlatda (konvensiya ustuvorligi) topshirilgan birinchi talabnoma qayd etilgan sana bo‘yicha, agar mazkur sanadan e’tiboran o‘n ikki oy ichida talabnoma Adliya vazirligiga kelib tushgan bo‘lsa, belgilanishi mumkin;
qo‘shimcha materiallar topshirilgan sana bo‘yicha, agar ular talabnoma beruvchi tomonidan mustaqil talabnoma sifatida rasmiylashtirilgan bo‘lsa, belgilanishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 28-dekabrdagi 596-son “O‘zbekiston Respublikasida ixtirochilik va ratsionalizatorlik faoliyatini rivojlantirish to‘g‘risida” qaroriga muvofiq taklif berilgan korxona uchun yangi va foydali bo‘lgan buyum konstruksiyasini, ishlab chiqarish texnologiyasini, material (modda) tarkibini yaratish yoki o‘zgartirishni nazarda tutadigan texnik yechim, shuningdek, korxona uchun yangi bo‘lgan va mehnat, xom ashyo, yoqilg‘i-energetika va boshqa moddiy yoki moliyaviy manbalarni tejaydigan tashkiliy yechimlar ratsionalizatorlik takliflari deb tan olinadi.
O‘zbekiston Respublikasi “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to‘g‘risida”gi Qonunining 31-moddasiga muvofiq ixtiro ustuvorligi belgilangan sanaga qadar uning muallifidan mustaqil tarzda aynan o‘xshash bo‘lgan yechimdan foydalangan yoki shunga yetarli darajada tayyorgarlik ko‘rgan har qanday yuridik yoki jismoniy shaxs ishlab chiqarish hajmini kengaytirmagan tarzda, keyinchalik ham undan bepul foydalanish huquqini saqlab qoladi.
Mazkur qoidani inobatga olgan holda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati avval foydalanganlik huquqiga ega bo‘lib, ishlab chiqarish hajmini kengaytirmagan tarzda, keyinchalik ham kompozit materiallarning qattiqligini oshirishning yangi usulidan bepul foydalanish huquqini saqlab qoladi. Ixtirochi Ibragimovaning talablari noo‘rin.
36-kazus
Yakka tartibdagi tadbirkor Safarov tort shirinligini ishlab chiqarish bo‘yicha o‘z biznesini boshladi. O‘z faoliyati davomida u tomonidan ishlab chiqarilayotgan tortlar katta e’tiborga ega ekanligini inobatga olib, o‘zi tomonidan ishlab chiqarilayotgan tort shaklini intellektual mulk sifatida ro‘yxatga olishni so‘rab, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga murojaat qildi.
Adliya vazirligi tomonidan yuborilgan javob xatida suyuq, gazsimon, sochiluvchan yoki shunga o‘xshash moddalardan iborat o‘zgaruvchan shakldagi obyektlar sanoat namunalari deb e’tirof etilmasligi ko‘rsatilib, rad javobi berilgan.
Dostları ilə paylaş: |