Yanchilmani qovurishda ro‘y beradigan fizikaviy o‘zgarishlar. Suv yutilib bo‘kkanda yanchilmaning fizik xususiyatlari ko‘prok o‘zgaradi, uning plastikligi va oquvchanligi ortadi, mexanik ta‘sir etganda qarshilik deformatsiyasi kamayadi. Yuqori moyli va namlangan yanchilmaga ozgina mexanik kuch ta‘sir etganda undan moy ajralib chiqadi.
Yanchilmaning namlanishi va undan moy ajralishi natijasida yanchilma zarrachalari o‘zaro bir-biri bilan birikadi. O‘zaro bir-biri bilan birikishi ikki turli bo‘lib, birinchisi, yanchilma tarkibidagi gidrofil moddalarning o‘zaro yelimlanishi tarzida ro‘y beradi, bunga sabab zarrachani sirtini o‘rab olgan suv, sirtga katta molekulyar kuch bilan tortiladi va buning natijasida u o‘ziga atrofidagi xuddi shunday suv o‘rab olgan zarrachalarni tortadi va natijada to‘ppa hosil bo‘ladi.
Ikkinchi turdagi birikish mag‘iz zarrachalarini va uning aloxida qismlarini sirtidagi moyga yopishib birikishi, bu birikishning tortilish kuchi birinchi turdagi tortilish kuchidan kam bo‘ladi. Zarrachalarning o‘zaro birikishi namlanish vaqtida aralashtirishning intensivligiga bog‘liq. Zarrachalarning bunday o‘zaro birikishi, zarrachalar tarkibidagi moyning, moy bo‘lmagan qismi bilan o‘zaro bog‘liqlik kuchini kamaytiradi.
Yanchilmaga issiqlik ta‘sir etish, mezga tayyorlash jarayonining ajralmas qismi bo‘lib, u yanchilmaning gel va moy qismida fizik va kimyoviy o‘zgarishlarni yuzaga keltiradi. Bu o‘zgarishlar quyidagi faktorlarga bog‘liq:
-issiqlikning ta‘sir etish usuliga;
-issiqlikning ta‘sir etish vaqtiga;
-jarayonning harorat rejimiga;
-yanchilmaning va tayyor mezganing namligiga;
-namligining bug‘lanish tezligiga.
Harorat 120°C ga yetguncha asosan yanchilmaning fizik xususiyatlari o‘zgaradi. Yanchilma tarkibidagi moyning harorati ortishi bilan, uning molekulalarini o‘zaro tortishish kuchi susayadi, qovushqoqligi kamayadi, mag‘iz zarrachalari sirtiga yopishib turgan moyning sirtga tortuvchi molekulalarning tortishish kuchi kamayadi va buning natijasida moyni siqib olish osonlashadi.
Dostları ilə paylaş: |