Urug‘larda moy to‘planishi. Har qanday o‘simlik urug‘ida moy, oqsil va boshqa moddalarni to‘plash uchun etarli darajada issiqlik (quyosh nuri), suv, mineral va organik o‘g‘it talab qiladi. Vegetatsiya davri tugagach, o‘simlik barglari tomirlari orqali olgan oziqni urug‘i ichida asosan moy shaklida to‘playdi. Bu jarayon juda murakkab bo‘lib, olimlar tomonidan quyidagicha ta’riflangan: urug‘ hosil bo‘lish davrida, avvalo, barcha oziq moddalar uglevodlar (asosan shakarlar) shaklida to‘planadi, keyin esa ulardan oqsil va moy molekulalari tuzila boshlaydi.
Moy kislotalar urug‘ paydo bo‘lishining o‘rta davrida hosil bo‘ladi, keyingi davrda ulardan triglitseridlar, ya’ni moy hosil bo‘ladi. Shu sababli xom (pishmagan) urug‘dan olingan moyning kislota soni normadan ancha yuqori bo‘ladi.
Urug‘larda moy to‘planish davrida ular tarkibidagi yuqori molekulali moy kislotalarning miqdori va sifati o‘zgaradi, ular glitserin bilan reaktsiyaga kirishib, moy molekulalari hosil qiladi.
Moy kislotalar turli xil va bir-biriga o‘xshamagan uglerod birikmalaridan tuzilganligi uchun moy ham har xil sifatli bo‘ladi. Moy kislotalarning 60 dan ortiq turi ma’lum, lekin o‘simlik moylari tarkibiga faqat 6-8 xil kislota kiradi, xolos.
O‘simliklarning botanik turiga va qo‘llanilgan agrotexnika usullariga qarab urug‘lar tarkibida har xil sifatli moy kislotalar bo‘ladi. Urug‘lar pishgan vaqtda tarkibidagi moy, oqsil va boshqa organik moddalardan murakkab birikmalar hosil bo‘ladi, suv juda kamayib ketadi. Agar urug‘ pishmagan bo‘lsa, namligi yuqori bo‘ladi.
Dostları ilə paylaş: |