Sanoat iqtisodiyoti” fanidan O‘quv materiallari samarqand 2022 k-fayllar.org
2.2. Sanoat tarmoqlari va ularning rivojlanishi Sanoat ishlab chiqarishining tarixiy rivojlanishi va uning asosiy yakunlari to‘g‘risida so‘z yuritilganda shuni ta’kidlash kerakki, hozirgi O‘zbekiston hududida «Uy sanoati»ning rivoji bundan 12-15 ming yil muqaddam — mezolit davrida boshlangan. Bu davrda juda oddiy mehnat qurollari va buyumlari tayyorlangan.
XVI-XVIII asrlarda Buxoro, Xiva, Qo‘qon xonliklarining vujudga kelishi iqtisodiyotning, shu jumladan, sanoat ishlab chiqarishining rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi XIX asrga kelib Turkistonda hunarmandchilikda yog‘och va metall o‘ymakorligi, idishlarga naqsh solish, matolarga gul bosish, qurollarni badiiy bezash rivojlandi. Bu asrning ikkinchi yarmida O‘zbekiston hududida taraqqiyot tezlashib sanoat, ayniqsa, ip-gazlama sanoati rivoj topdi.
XX asr boshlarida ko‘plab paxta tozalash, yog‘-moy zavodlari qurilib ishga tushirildi. 1925-1926 yillarda elektrostansiyalar qurila boshlandi. Birinchi bo‘lib Toshkent yaqinida qurilgan Bo‘zsuv gidroelektrostansiyasi 1926 yil 1 mayda ishga tushirildi.
Samarqand, Buxoro, Qo‘qon, Termiz va Asaka shaharlarida issiklik elektrostansiyalari qurilishi boshlandi. Bunday elektrostansiyalar soni 1930 yilda 30 ga yetdi. O‘sib borayotgan energetika bazasi bir qancha yangi sanoat korxonalari qurishga imkoniyat yaratdi.
Ikkinchi jahon urushigacha bu yerda 500 dan ortiq sanoat korxonalari, jumladan, «Tashselmash», Toshkent to‘qimachilik kombinati, Chirchiq elektrokimyo kombinati, Kattaqo‘rg‘on yog‘ zavodi, Bekobod va Quvasoy sement korxonalari qurildi. Neft va rangli nodir metallar qazib chiqarish, qurilish sanoati mahsulotlarini tayyorlash rivoj topdi.
Urush boshlanishi bilan Respublika halk xo‘jaligi, jumladan, sanoat ishlab chiqarishi harbiy maqsadlarga qaratildi. Bu yerga nemis fashistlari egallab olgan hududlardan 100 ga yaqin sanoat korxonalari ko‘chirib keltirildi va ular qisqa vaqt ichida to‘la quvvat bilan ishlay boshladi. 1941-1945 yillar davomida Respublikaning industrial taraqqiyoti GES lar qurish bilan energetika bazasini kuchaytirish, qishloq ho‘jaligi, aholi va front ehtiyojlarini qondiradigan zavod va fabrikalarni qurish yo‘lidan bordi. Bu davrda 280 ta yirik, o‘rta va kichik korxonalar qurilib, ishga tushirildi. Natijada O‘zbekiston armiyaning sanoat aslahaxonalaridan biriga aylandi.
Urushdan keyingi yillarda ham sanoat taraqqiyotiga e’tibor qaratilgani sababli uning bir qancha yangi tarmoqlari va korxonalar paydo bo‘ldi.
Mamlakatimizda traktorsozlik, liftsozlik, elektrotexnika sanoati, gaz ishlab chiqarish, uy-ro‘zg‘or buyumlari tayyorlash, yig‘ma temir-beton va keramika sanoati vujudga keldi. Yengil sanoatning trikotaj, chinni ishlab chiqarish sohalari shakllandi. Oziq-ovqat sanoatining tarkibiy qismlarida anchagina o‘zgarishlar ro‘y berdi. O‘tgan asrning 90-yillariga kelib, bu tarmoqdagi yirik va o‘rta korxonalari soni 300 dan ortdi.
Sanoat taraqqiyotida yoqilg‘i-energetika majmuasining o‘rni alohida. Uning tarkibiga energetika, neft va neftni qayta ishlash, gaz va gaz kondensati, ko‘mir qazib olish va boshqa bir qator kichik sohalar kiradi. Bu majmuaning hissasi sanoat ishlab chiqarishda 28,8 foizni tashkil etadi.
O‘zbekiston Respublikasi jahonda gaz ishlab chiqaruvchi 10 ta mamlakatdan biridir.
Bu yerda qudratli issiqlik elektrostansiyalari va gidroelektrstansiyalar mavjud. Energetika tarmog‘i respublika milliy iqtisodiyotining negizi, iqtisodiyot va fan-texnika taraqkiyotining mustahkam poydevori hisoblanadi. O‘zbekiston energetika tizimi umumiy quvvati 12,5 mln. MVt bo‘lgan 37 issiqlik va gidravlik elektrostansiyalarni o‘z ichiga olgan. Ular yiliga 50 mlrd. kVt/soat dan ortiq elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. O‘zbekiston energetika tizimining barcha kuchlanishlardagi elektr tarmoqlari umumiy uzunligi qariyb 300 ming km.ni tashkil etadi. Tarmoq transformatorlarining umumiy quvvati 42,6 MVt.ga teng. Hozir respublika energetika tizimida 43 mingga yaqin xodim ishlaydi.
«O‘zbekenergo» davlat aksionerlik kompaniyasi tarkibidagi qurilish-montaj, sozlash, ta’mirlash va boshqa bir qator tashkilotlarning to‘la majmui O‘zbekiston energetika tizimi ishonchli ishlashini, izchil rivojlanishini ta’minlamoqda.