Tarjimasi:
“Uni hoziroq ko’zimdan yo’qoting, ko’zimga ko’rinmasin… Qorong’u o’rmonning ichkarisiga haydab yuboringlar, maxluqlarga yem bo’lsin”.
“Sab’ai sayyor”da tabiblar va yetti iqlim shohi, “Sarandibning uch shahzodasi” asarida esa shahzodalar Bahromning dardiga chora bo’lishi uchun 7 qasr qurishni maslahat beradilar. Ularning say’-harakatlari bilan tez orada 7 qasr quriladi. Bahrom haftaning yetti kunida mana shu qasrlarga kirib, 7 iqlimdan kelgan musofirlarning hikoyatlarini tinglaydi.
Nizomiyda ham, Dehlaviyda ham o’z kanizaklarini yo’qotgan Bahromning iztiroblari ko’rsatilmagan. Qasr qurilishi ham Bahromning dardini yengillashtirish uchun emas. Nizomiyda Bahrom usta Simnor tomonidan Xavarnaq qasrida o’zining 7 sayyoh davrasida tasvirlangan suratini ko’rib, shunday qasr qurishlarini buyursa, Dehlaviyda ovga va aysh- ishratga berilib ketgan Bahromni poytaxtga qaytarish uchun 7 qasr quradilar. Nizomiyda ham, Dehlaviyda ham Bahrom Navoiy ta’biri bilan aytganda, ishqdan, dardu g’amdan xoli tarzda tasvirlangan. Navoiyning Bahromi esa Diloromni yo’qotgandan so’ng ruhiy iztiroblar tufayli poklanib, chin ma’noda oshiqlik sifatlariga ega bo’la boshlaydi. yevropalik muallifning asarida ham Bahrom aynan mana shu sifatlarga ega qahramon sifatida tasvirlangan, shu jihatdan u Nizomiy va Dehlaviy Bahromiga emas, aynan Navoiy Bahromiga yaqin turadi.
Yuqoridagilar asosida aytish mumkinki, Maykl Tramezzino yoki boshqa noma’lum shaxs Sharq mumtoz ijodkorlari Firdavsiy, Dehlaviy va Alisher Navoiy asarlarining ma’lum qo’lyozmalari asosida (yoki ularni o’z yurtiga olib ketib) yangi qorishma asar yaratgan. Bu asar Tramezzinoning asari sifatida uyg’onish davrining shoh asarlari qatoridan joy olgan. Asarning jahon tamaddunidagi o’rni haqida so’z yuritishdan avval o’sha davrdagi adabiy jarayonlarni ko’zdan kechirsak. Renessansgacha bo’lgan davr, erta Renessansda asosan arxitektura va tasviriy san’at rivojlanadi. Dunyoning geliotsentrik tizimi, neoplatonizm, sekulyarizm diniy qarashlar uyg’unligidagi falsafiy ta’limotlar negizida faylasuflar, olimlar va ijodkorlarning ideologik g’oyalari shakllanadi. Biroq g’arb olimlari e’tirof etganidek haqiqiy renessans XV asr oxiri — XVI asrning 90 yillarida sodir bo’ladi. Bu Renessansning o’ziga xosligi shunda ediki, adabiyotda gumanizm falsafasi ilgari surila boshlaydi. Koinotning maqsadi va muddaosi inson ekanligi, inson komil zot bo’lmog’i, uning his- tuyg’ulari va kechinmalari realistik olam manzarasida tasvirlana boshlaydi. Italyan shoiri Franchesko Petrarke o’zining sohibjamol Lauraga bag’ishlangan sonetlari orqali insonning ichki hissiy-emotsional tuyg’ularini anglash bilan Uyg’onish davri adabiyotida inson mavzusini boshlab bergan bo’lsa, Djovanni Bokkacho novellalarida inson tasvirida haqqoniylik, uning yaxshi va yomon sifatlarini, hissiyotlarini oshkora dramatik tasvirlash ustunlik qildi. Servantesning «Don Kixot» ritsarlik romanslariga parodiya tariqasida dunyoga kelgan. Biroq 1557-yil Maykl Tramezzinoning mazkur asarigacha yevropa adabiyotida komil inson tasviri, shahzodalardagi diniy va dunyoviy bilimlardan xabardor bo’lishlari kerakligi va o’z otalari tomonidan dunyoviy bilimlarni egallashga da’vat etilishi, shaxzodaga ta’lim beruvchi ustozlarni yollash motivlari uchramaydi. Sharqda shoirlar turkiy va forsiyni bilganlaridek, G’arbda italyan tili ingliz tili bilan bir mavqega ega bo’lgan. Shekspir italyan tilini yaxshi bilgan va italyan soneti asoschisi Franchesko Petrarka ijodiga nihoyatda qiziqqan. Sharqda Navoiy turkiy til mavqeini ko’targanidek, G’arbda Shekspir italyan soneti temir qonuniyatlarini o’zgartirib ingliz sonetining o’zgarmas vaznini yaratadi. 1589-1613 yillarda ijodi gurkiragan Shekspir yevropani kezib chiqqan Tramezzinoning mashhur “asari”ni o’qigan bo’lishi ehtimoldan xoli emas. Zero, sharqshunos olim Richerd Boylaning 2000 yil nashr etilgan ilmiy risolasida olim “bu kitob yevropada usha davrda shu darajada mashhurlik qozondiki, 1584 yil kitob Venetsiyada qayta nashr etildi” deydi. Olimning ta’kidlashicha, mazkur asar Bokachchoning “Dekameron”idan kam bo’lmagan shuhrat qozonib, butun yevropani kezib chiqqan. Asarning ingliz tiliga tarjimasi ilk bor 1722- yilda italyanchadan fransuz tili vositasida amalga oshirilgan.
Shekspir ijodidagi komillik fazilatlariga ega – Hamletning paydo bo’lishi, uning
shahzoda bo’lishiga qaramay, hayot falsafasi haqida olimlardek fikr qilishi bu Tramezzinoning asaridan ruhlanish natijasi bo’lishi ehtimoldan xoli emas. Fransua Rablening “Gargantyua Pantagyurel” asarida esa, o’sha davrdagi Fransiya madaniyati, ovqatlanish tarzi, ongi, odamlarning turli jinsiy kasalliklarga chalinishi va ijtimoiy holatlar tanqidga olingan. Mazkur satirik asardagi qirol Granguzening o’g’li Gargantyuaning otasi tomonidan din ulamolari tarbiyasiga topshirilishi natijasida o’g’lining yanayam ongsiz to’pori bo’lib qolishi, qirolning o’z o’g’liga boshqa ustoz topib, uni Parijga jo’natib yuborishi yoki kitobning ikkinchi qismida Gargantyua Pantagyurel degan o’g’il ko’rishi, o’g’lining turli universitetlarda tahsil olib, Parijga borib qolishi va otasiga dunyoviy bilimlarning inson hayotida o’rni nechog’lik muhimligi haqida xat yozib yuborishi, otasining muammolarini aql ko’zi bilan yechib berishi, Volterning Zadig asari qahramonida ham o’sha mashhur asardan ilhomlanish, kutilmagan tasodif va baxtsiz hodisalar chog’ida ong va tafakkurni ishlatib, omadga erishish g’oyasi mavjudki, g’arb olimlari Volterning “Sarandib shohining uch o’g’li” asaridan ilhomlangan va adabiyotda “Sarandibiylik” yo’nalishi paydo bo’lganini ta’kidlashadi. O’sha davrning ziyoli qatlami o’rtasida qo’lma-qo’l bo’lgan mazkur asar uyg’onish davri adabiyotiga gumanistik g’oyalarni, yangi yo’nalishni ham olib kirdi.
Mazkur asar ta’sirida ingliz yozuvchisi va faylasuf Xoras Volpol 1754-yilda o’zining do’sti Xaras Mannga yozgan maktubida yangi so’z “serendipity” ni qo’llaydi va unga – favqulodda holatlarda ongning yuqori ishlab ketishi natijasida kashfiyotlar qilish va kutilmaganda omadga erishish deb izohlaydi. Volpol bu so’z ma’nosini tushunish uchun “Sarandib shoxining uch o’g’li asari”ni o’qish kerak ekanligini ta’kidlaydi. SHu birgina yozishma natijasida mazkur asar Angliyada qayta qayta o’qib chiqila boshlaydi “serendipity” so’zi esa ingizlarning sevimli so’zi, falsafiy tushunchasiga aylanadi. Asardagi butun falsafiy ma’noni qamrab olgan mazkur yangi so’z Angliya va Amerikada siyosat, meditsina, rang tasvir, ta’lim, iqtisodiyot, algebraning ilm fan va ijtimoiy jarayonning hamma tarmoqlarigacha kirib boradi va fan taraqqiyotiga sababchi bo’ladi. Ammo bu taraqqiyot negizida Sharq allomalarining zakosi yotibdi. Bu olamshumul asar haqida hamon G’arb olimlari ilmiy tadqiqodlar olib bormoqdalar bunga Beverijd va Taton, Remer, Maykl Stoskof, Mariel Devidson, Morton va Shvendler, Kempbel Kesey va Arguetti kabi olimlarning tadqiqodlarini keltirish mumkin.
Mazkur asar syujetlaridan esa uyg’onish davridan to hozirgacha yevropa adabiyoti foydalanmoqda, filmlar va musiqalar, san’at asarlari yaratilmoqda.
VVS jurnali o’tkazgan so’nggi o’n yillikda angliyaliklarning eng sevimli so’zlari 10 taligida birinchi o’rinda SERENDIPITY so’zi turibdi. Ingliz tilli lug’atlarda “serendiplik”
— so’ziga dunyoviy bilim va aqlning yuksak darajada rivojlanishi natijasida, muammoli vaziyatda ongning ishlab ketishi va kutilmagan joydan omadga erishish deb izoh beriladi.
Ko’rinib turibdiki, dunyo tamadduniga salmoqli hissa qo’shgan mazkur asarga bo’lgan qiziqish G’arbda hamon so’ngani yo’q. Asarning G’arb uyg’onish davriga turtki bo’lgan sharqona falsafa va jozibasi bir qadar buyuk mutafakkir Alisher Navoiyga ham tegishli ekanligi kishi qalbini faxrga to’ldiradi.
Dostları ilə paylaş: |