Klassitsizm (lot. classicus – namunali, mumtoz) – XVII asrdan XIX asr boshlariga qadar yevropa san’atida kuzatilgan estetik hodisa, shu davr adabiy jarayonida yetakchi mavqe tutgan adabiy yo‘nalish. Mutaxassislar K.ning paydo bo‘lishini 1515-yil – italyan yozuvchisi Trissinoning «Sofonisba» tragediyasi yaratilishidan boshlab belgilashadi. Trissino bu asarini antik tragediya namunalariga tayangan holda, syujet voqealarini antik Rim tarixchisi Tit Liviy asarlaridan olib, Arastu “Poetika”sida qo‘yilgan talablarga rioya qilgan holda yaratgan edi. Xuddi shu narsa, antik adabiyotni etalon deb bilish, undagi obrazlar va poetik shakllardan foydalanib va antik davrda ishlab chiqilgan qoidalarga amal qilgan holda ijod qilish talabi klassitsizmning asosiy xususiyatlaridan biri sanaladi. Klassitsizmning nazariy asoslari Uyg’onish davrining oxirlarida, xususan, L.Kastelvetro, Y.S.Skaligerlarning poetikaga oid risolalarida paydo bo‘la boshlagan edi.
Fransiyada klassitsizm adabiy yo‘nalish sifatida to‘la qaror topib, adabiy jarayonda yetakchi mavqe egallagan bo‘lib, fransuz klassitsizmi yevropadagi boshqa xalqlar adabiyotlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan. Fransiyada klassitsizm madaniyatining gullab-yashnashiga asos bo‘lgan qator omillar mavjud edi. Avvalo, mavjud ijtimoiy- tarixiy sharoitda klassitsizm davlat va millat manfaatlariga to‘la mos edi. XVII asrga kelib markazlashgan davlat tashkil qilish harakati nihoyasiga yetgan, tom ma’nodagi absolyut monarxiya o‘rnatilib, Fransiya yevropadagi eng qudratli mamlakatga aylangan edi. Mazkur sharoitda klassitsizm hukumat tan olgan rasmiy va chin ma’noda yetakchi badiiy metod bo‘lib qoldi. Qirol hukumati klassitsist adiblarga maosh tayin qiladi, ularni qo‘llab-quvvatlaydi; hukumatning til va adabiyot sohasidagi siyosati Fransuz akademiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Hukumatning bu masalaga jiddiy e’tibor berishi bejiz emas. Klassitsizm adabiyoti fransuz davlatchiligining mustahkamlanishi, fransuzlarning yagona millat sifatida birlashishiga xizmat qilishi lozim ediki, u ushbu missiyani sharaf bilan uddaladi, fransuz jamiyati va milliy madaniyati tarixidagi juda muhim bosqich bo‘lib qoldi.
Fransuz klassitsizmining gullab-yashnashiga asos bo‘lgan yana bir muhim omil Dekart ta’limoti bo‘lib, u XVII asr fransuz falsafiy tafakkurining cho‘qqisi hisoblanadi. Dekart falsafada ratsionalizm oqimining asoschisi, unga ko‘ra, haqiqatning bosh mezoni va manbai ongdir. Ya’ni Dekart haqiqat manbai borliqda yoki tajribada emas, balki tafakkur qurilmalarida deb biladi. Shundan kelib chiqqan holda K.ning asosiy tamoyillari belgilanadi. Ularga ko‘ra, san’at aql tomonidan qat’iy tartibga solinishi kerak, badiiy asar aqlga muvofiq va aniq tahlilga imkon beradigan tarzda qurilishi lozim, san’at asarining kuchi tafakkur qudrati va mantig’i bilan belgilanadi. Klassitsizm estetikasi, poetikasining asoslari, ularning normativ xarakterga egaligi san’atni shunday
tushunishdan kelib chiqadi. Klassitsizm nazariyotchilaridan biri La Menarder o‘zining
«Poetika» (1639) asari haqida “Men San’at bo‘yicha yo‘riqnoma yozishga harakat qildim”, bu mashaqqatli ishga jazm qilarkan, “Faylasufga (Arastuga) badiiy mahoratga oid barcha haqiqatlarning manbai deb qaradim”, deydi. Ya’ni, unga ko‘ra, “Poetika” ijodkorlar amal qilishi lozim bo‘lgan qoidalar majmui (yo‘riqnoma), antik davrda ishlab chiqilgan qoidalar esa etalondir. Xuddi antik davrdagi kabi, klassitsizm ham adabiyotni tabiatga taqlid deb biladi, uning vazifasini qat’iy qoidalar asosida tabiat (olam)ni ideal uyg’unlikdagi tartibi bilan namoyon etish – san’at hodisasiga aylantirishda ko‘radi. Klassitsizm uchun mangu, vaqt hukmiga bo‘ysunmaydigan qadriyatlargina estetik qimmatga ega. Shunday qadriyatlarni ifodalash uchun klassitsizm antik adabiyotdagi obrazlar, syujetlarni asos qilib, ularga universallik baxsh etishga intiladi. Olamga xos muayyan qonuniyat asosidagi tartibot san’atda ham bo‘lishi lozim deb bilgan klassitsizm nazariyotchilari badiiy ijodda belgilangan qoidalarga og’ishmay amal qilishni talab etadi. Mas., ular “yuksak” (tragediya, epopeya, oda) va “tuban” (komediya, satira, masal) janrlarni ajratishadi, ularga xos xususiyatlarning aralashishi mumkin emas; har bir janrga xos syujet, material, mazmun, ruh, qahramonlar qat’iy belgilangan; dramatik asarda uch birlik (voqea, vaqt va joy birligi) qoidasiga amal qilish shart va h. deb bilishgan. E’tiborli tomoni shuki, klassitsizm davrida adabiyotning mohiyati, vazifalari, badiiy asarning qurilishi masalalaridan bahs etuvchi ko‘plab asarlar yaratilgan, jumladan, N.Bualoning “She’riy san’at” asarida klassitsizmning adabiy- estetik qarashlari mufassal ifodasini topgan.
Dostları ilə paylaş: |