Kirish. “Jahon adabiyoti” fanining predmeti va mazmuni


FRANSIYA VA ANGLIYADA UYG’ONISH DAVRI ADABIYOTI



Yüklə 301,15 Kb.
səhifə32/43
tarix02.01.2022
ölçüsü301,15 Kb.
#37316
1   ...   28   29   30   31   32   33   34   35   ...   43
Jahon adabiyoti yakuniy

FRANSIYA VA ANGLIYADA UYG’ONISH DAVRI ADABIYOTI


Reja:

  1. Fransua Rable va uning«Gargantyua va Pantagryuel» asarida satiraning roli va ahamiyati.

  2. Angliya Uyg’onish g’oyalari va Shekspir ijodi.

  3. Shekspir ijodining davrlari.

  4. Shekspir va jahon dramaturgiyasi.

XIV asr o’rtalarida Italiyada paydo bo’lgan Uyg’onish harakati XV asrning ikkinchi yarmida yevropaning bir qancha yerlarida boshlanadi. XVI asrning boshlarida esa, Fransiyada vujudga keladi. Fransuz Uyg’onish davri adabiyotiga Italiya ma’lum darajada ta’sir ko’rsatadi.

Fransua Rable (1494-1553). Fransuz Uyg’onish davri adabiyotining yirik vakili, ulug’ gumanist yozuvchi Fransua Rable Turen viloyatining Shinon nomli shaharchasida advokat oilasida tug’ildi. Uning otasi Antuan Rable o’g’lining ruhoniy bo’lishini istaydi va uni Shinon shahri yaqinidagi mahalliy abbatlikka beradi. U yerdan monastirga o’tgan yosh Fransua o’sha vaqtlarda mann qilingan antik kitoblarni zo’r havas bilan o’qishga kirishadi, lotin va grek tillarini o’rgana boshlaydi. Qadimgi davr yozuvchilari, shu jumladan Gomer asarlari hamda Reformatsiya davri vakillarining kitoblari uning diqqatini o’ziga tortadi. Lekin bunday kitoblarni o’qishga yo’l qo’yilmaydi.

Rable o’z hayoti davomida uch marta Italiyaga borib, qadimgi Rim madaniyati yodgorliklari bilan tanishadi, tabiiy fanlar bilan shug’ullanadi, lotin tili bilan birga arab tilini ham o’rganadi. Parijga qaytib kelgan Rable bir qancha vaqt qirol Fransisk saroyida xizmat etadi, vrachlik sohasidagi bilimini takomillashtiradi va1537- yilda Monpeleda meditsina doktori degan darajani oladi.

Rable gumanistik ijodining nodir namunasi xalq orzu-istaklarini chuqur aks ettirgan o’lmas asari «Gargantyua va Pantagryuel» romanidir. Bu epopeyaning dastlabki kitobi 1533-yilda Alkofribas Naze taxallusi bilan«Ulkan pahlavon Gargantyuaning o’g’li dipsodlar qiroli ajoyib Pantagryuelning dahshatli va g’oyat qo’rqinchli harakatlari va qahramonliklari» nomi ostida paydo bo’ladi. Rablening bu asari 1532-yilda Lionda chiqqan«Buyuk va ulkan pahlavon Gargantyua haqida ulug’ va qimmatli xronikalar» kitobi ta’sirida yozilgan. Xalq ijodiga mansub«Xronikalar»dagi g’oya va uslub yozuvchini qiziqtirmay qolmadi.

«Gargantyua va Pantagryuel» besh kitobdan iborat bo’lib, uni yaratishga yozuvchi yigirma yildan ortiqroq vaqt sarf qiladi.

Epopeyaning navbatdagi kitobi«Pantagryuelning otasi ulug’ Gargantyuaning g’oyat vahimali hayoti haqida hikoya» 1534-yilda nashr etildi. «Olijanob Pantagryuelning qahramonona harakatlari va qimmatli gaplari haqida uchinchi kitob» 1546-yilda Parijda endi Fransua Rable nomi bilan bosilib chiqdi.

1552-yilda esa epopeyaning«Jasur Pantagryuelning qahramonona harakatlari va qimmatli gaplari haqida to’rtinchi kitob»i nashr etildi. Romanning so’nggi kitobidan parcha(«Ovoz chiqaruvchi orol») yozuvchi vafotidan to’qqiz yil o’tgandan so’ng, 1562-yilda paydo bo’ldi. 1564-yildagina «Olijanob Pantagryuelning qahramonona harakatlari vai qimmatli fikrlari haqida beshinchi, so’nggi kitob» nashr etildi.

Fransua Rable Gargantyua haqidagi birinchi kitobda o’sha davr gumanistlarini qiziqtirgan ta’lim-tarbiya, urush va tinchlik, kelajak baxtli jamiyat qanday bo’lishi kerakligi kabi muhim masalalar ustida fikr yuritadi.

Kitobda ikki tipdagi qirol ko’rsatiladiki, bular«dunyo hukmronligiga da’vogar», shaxsiy manfaatdan boshqani bilmaydigan Lerne qiroli zolim Pikroxol vatinchlikni sevadigan, saxiy Granguze bilan uning o’g’li Gargantyuadir. Romanning ikkinchi kitobi zabardast pahlavon Gargantyuaning o’g’li Pantagryuelning tug’ilishi, o’sishi, o’qishi va boshqa sarguzashtlariga bag’ishlangan.

«Gargantyua va Pantagryuel»ning to’rtinchi kitobi nashr etilgan yillarda Parij parlamenti bu kitob muallifini sudga topshiradi. Yozuvchi yashirinib yuradi, va, nihoyat, o’lim(1553) buyuk gumanistni adolatsiz ta’qiblardan qutqaradi. «Gargantyua va Pantagryuel» romanining beshinchi kitobi yozuvchi vafotidan so’ng nashr etildi.

Rable vrach, yirik gumanist va tabiatshunos olimdir. U satirik yozuvchidir. Rable o’z ijodida xalq kulgi an’analari– hazil, kinoya, piching, mubolag’a, karikaturadan keng foydalanadi.

Bular realistik ijodning o’ziga xos xususiyatidir. Rable ijodining demokratik ruhi, satirik uslubi, xushchaqchaq kulgisi jahon adabiyotining o’sishiga samarali ta’sir ko’rsatdi. Uning badiiy an’analariga zo’r qiziqish bilan qaragan va uning satirik yo’lini davom ettirganlar safida Fransiyaning yirik gumanistlari Anatol Frans(«Pingvinlar oroli»), Romen Rollan(«Kola Bryunon») singari yozuvchilar ham borki, bular Rable adabiy merosining hozirgi zamon uchun ham ahamiyati katta ekanini ko’rsatuvchi yorqin dalildir.

«Gargantyua va Pantagryuel» romani o’z fantaziyasi, ajoyib va g’aroyib voqealari, g’ayri tabiiy obrazlari va go’zal tasviri bilan yoshlarning sevib o’qiydigan kitoblari qatoriga kiradi.

Vilyam Shekspir(1564-1616). Ulug’ shoir va dramaturgning tarjimai holiga doir ma’lumotlar juda kam saqlangan. Uning hayoti va adabiy faoliyatiga oid materiallar zamondoshlarining bergan baholari hamda xotiralari asosida yig’ilgan va to’ldirilgan.

Vilyam Shekspir 1564-yilning 23-aprelida Markaziy Angliyaning Stratford shaharchasida tug’iladi. U oiladagi 8 farzandning uchinchisi edi. Otasi Jon Shekspir charm qo’lqop tayyorlovchi hunarmand bo’lib, savdo bilan ham shug’ullanadi, katta obro’ orttirib shahar kengashiga saylanadi va shahar boshlig’i vazifasida ishlaydi. Stratfordga aktyorlar truppasi ham kelib, turli tomoshalar ko’rsatib turar edi, bu voqea shahar madaniy hayotiga ma’lum darajada ta’sir etadi. SHekspirning teatrga qiziqishi ham shu yerda uyg’onadi.

Vilyam dastlab mahalliy «Grammatika maktabi»da o’qiydi. U yerda, asosan, lotin tili o’rgatilib, logika va ritorikadan qisqacha tushuncha berilardi. Vilyam ayniqsa Rim shoiri Ovidiy asarlarini qiziqib mutolaa qiladi, lekin ko’p o’qiy olmaydi. Otasining ishi muvaffaqiyatsizlikka uchrab, kambag’allashib qolgach, hali 16 yoshga to’lmagan

Vilyam o’qishni tashlab ishga kirishadi. 18 yoshida u Anna Xetuey degan fermer qiziga uylanib, Suzanna ismli qiz, Yudef va Gamlet ismli o’g’illar ko’radi. U 1587-yilda Londonga boradi va teatrga xizmatga kiradi. Avval suflyor yordamchisi, so’ngra aktyor, keyinroq rejissyor, hatto teatrni boshqarishda direktor bilan hamkorlik qilgani ham ma’lum.

Shekspir teatrdagi faoliyati davomida dastlab boshqa mualliflarning pesalarini qayta ishlab, ularni yangi mazmun bilan boyitadi («Adashishlar komediyasi», «Qiyiq qizning quyilishi», «Har narsaning me’yori bor»). Shu bilan birga, uning o’zi ham qalam tebrata boshlaydi. Tez vaqt ichida u dramaturg sifatida nom chiqaradi.

Aktyorlar orasidan chiqib katta obro’ orttira boshlagan bu yangi dramaturgni ayrim yozuvchilar ko’rolmaydilar. Masalan, Shekspirning zamondoshi dramaturg Robert Grin uni past tabaqalardan chiqib, bizning patlarimizga o’ralib olgan«qarg’a», o’zini«sahnani birdan-bir larzaga keltiruvchiman», deb tasavvur qiladigan«usta- bilarmon» kishi deb kinoya qiladi. Shekspirning dramaturgiya sohasidagi ijodi ko’p qirrali va ta’sirchan edi. Shu sababli uning hasadgo’ylari ko’p bo’lishi tabiiy edi.

Shekspir 90-yillarning boshida teatr shinavandalari bo’lmish graf Sautgempton bilan yaqinlashadi va«san’at homiysi» yosh grafga o’zining ikki poemasi– «Venera va Alonis» hamda «Lukretsiya»ni bag’ishlaydi.

Ulug’ dramaturg 1612-yilda Londondan o’z tug’ilgan shahri Stretfordga ko’chib ketadi va bundan so’ng butunlay ijod bilan shug’ullanmaydi.

Shekspirning tarjimai holiga oid ma’lumotlarning yetarli emasligi natijasida uning muallifligiga shubha soladigan soxta farazlar kelib chiqadi. Ulug’ yozuvchining ijodini o’z zamonasi va undan keyingi yillarda yashagan kishilar inkor qilmaydilar. Masalan, dramaturg va shoir Ben Jonson Shekspir xotirasiga bag’ishlangan she’rida uni«o’z asrining yuragi» deb baholaydi.

Hamlet rolini ijro etgan, XVII asrlarning oxirida yozuvchining tarjimai holiga oid materiallar to’plagan mashhur aktyor Tomas Betterton, shuningdek, Shekspirning birinchi biografii Nikolas Rou ham uning muallifligiga shubha qilmaydilar. Faqat XVIII asr oxiridagina G’arbda «Shekspirchilik masalasi» deb atalgan masala kelib chiqadi. 1772-yilda Gerbert Lorens Shekspir nomidagi pesalarni faylasuf Frensis Bekon yozgan degan fikrni aytadi. 1857-yilda amerikalik Deliya Bekon Shekspir haqida kitob yozib, unda Shekspir qalamiga mansub bo’lgan asarlarni faylasuf Frensis Bekon boshliq maxfiy to’garak a’zolari ijod qilgan, chunki Shekspir pesalarida go’yo aniq individual uslub yo’q, deb isbotlashga urinadi.

Karl Bleybtrey (1907) ulug’ dramaturgning pesalarini graf Retlendniki deb ataydi. Belgiyalik jurnalist Damblen (1918) «Retlend nazariyasi»ni quvvatlab chiqadi. Shekspir asarlarini faylasuf Bekon, graf Retlend, graf Derbi tomonidan yaratilgan, degan fikrlar mutlaqo asossizdir. Shekspirni quyi tabaqadan kelib chiqqan, universitet ta’limini olmagan, shuning uchun uning bunday asarlar yozishi mumkin emas, deb qarash oddiy kishilarning ijodiy kuchiga ishonmaslik va titanlar yaratgan Uyg’onish davrining haqiqiy mohiyatini tushunmaslik oqibatidir. Shekspir Londonda antik san’at, adabiyot bilan tanishadi, zamonasi adabiy muhitiga kirib,

chuqur mutolaa qilish yo’li bilan o’z bilim doirasini kengaytiradi. Turmushning o’zi uning uchun bilim manbai bo’ladi.

Shekspirning adabiy faoliyati uch davrga bo’linadi. Hammasi bo’lib u ikki poema, 154 sonet va37 pesa yaratdi. Ijodining birinchi davrida(1590-1601) Shekspir poema va sonetlardan tashqari, Uyg’onish davrining xarakterini aks ettirgan xushchaqchaq komediyalar: «Adashishlar komediyasi», «Qiyiq qizning quyilishi»,

«Veronalik ikki yigit», «Sevgining behuda kuchayishi», «Yoz kechasidagi tush»,

«Vindzorlik masxaraboz ayollar», «Yo’q narsadan bir talay g’avg’o», «Bu sizga yoqadimi?», «O’n ikkinchi kecha»: Angliya o’tmishidan olingan xronikalar deb nomlangan tarixiy dramalar: «Genrix VI», «RichardIII», «Qirol Ioann», «RichardII»,

«GenrixIV», «GenrixV»: nihoyat, «Romeo va Juletta» hamda«Yuliy sezar» nomli iki mashhur tragediyasini yozdi.

Ijodining ikkinchi davri(1601-1608) Shekspir dramatik faoliyatining yana ham rivojlanishi bilan ajralib turadi. Bu davrda yozuvchi buyuk gumanistik g’oyalar va davr fojialarini aks ettirgan «Hamlet», «Otello», «Qirol Lir», «Makbet», «Antoniy va Kleopatra», «Koriolan», «Afinalik Timon» tragediyalarini yaratdi.

Ijodining uchinchi davrida (1608-1612) dramaturg tragikomediyalar–

«Simbelin», «Qishki ertak», «Bo’ron» asarlarini ijod etadi. Bu davrdagi ijodining muhim xususiyati shundaki, Shekspir turmush ziddiyatlarini ko’tarinki ruhda yechishga intilib, ko’proq romantik ertak syujetlariga murojaat qiladi. Masalan,

«Bo’ron» asari insonning kelajak taqdiriga ishonch bilan qaragan yozuvchining ajoyib xayollari mevasidir.

Shekspirning adabiy faoliyati yigirma ikki yil davom etgan bo’lsa, shundan o’n ikki yili (1595-1607) eng samarali davr sanaladi. Bu vaqt mobaynida u badiiy jihatdan eng yuksak tragediyalarini yaratdi. Mavzusining boyligi, g’oyaviy yo’nalishining aniqligi va hayotiy voqealarning chuqur realistik tasviri Shekspir tragediyalarini yuqori bosqichga ko’tardi. Shu sababli uning dramatik ijodi dunyo teatrlari repertuarlaridan mustahkam o’rin egallab, hozirgacha kishilarni hayajonlantirib kelmoqda va ularga badiiy zavq bag’ishlamoqda.


Yüklə 301,15 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   28   29   30   31   32   33   34   35   ...   43




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin