Struktura va tekstura kimyoviy va mineral tarkibi bilan bir qatorda tog' jinslarini aniqlashda diagnostik va tasnif qilish belgisi bo'lib hisoblanadi.
Struktura magmatik jinslarning ichki tuzilishi bo'lib, quyidagi to'rt belgi bilan aniqlanadi: 1) tog' jinslarining kristallanish darajasi; 2) mineral donachalarining katta-kichikligi; 3) kristallarning shakllari va birikish usullari; Struktura turlarga va xillarga bo'linadi. Tog' jinsining ayrim belgilariga qarab struktura turlari belgilanadi. Struktura xillari esa jinsning to'rt belgisini o'zida mujassamlashtiradi.
Magmatik jinslar strukturasining turlari .
1. Strukturalarning kristallanish darajasiga qarab bo'linishi: Kristallanish darajasiga qarab magmatik tog' jinslarida quyidagi strukturalar bo'ladi: a) to'liq kristallangan struktura intruziv jinslarga xos bo'lib, ularda faqat kristall donalari uchraydi; b) to'liq kristallanmagan strukturaga ega bo'lgan jinslarda mineral donachalari bilan birga vulqon shishasi ham bo'ladi; d) shishasimon struktura effuziv tog' jinslariga mansubdir. Lava yer yuzasiga oqib chiqqandan so'ng tez sovishi jarayonida u kristallanishga ulgurmay shisha shaklida qotadi.
2. Mineral donachalarining nisbiy katta-kichikligiga qarab struktura quyidagi turlarga bo'linadi: a) teng donali strukturada jinslarni tashkil qiluvchi minerallar katta-kichikligining nisbati 1:1 dan 1:5 gacha bo'ladi; b) teng donali bo'lmagan strukturali jinslarda mineral donachalarining nisbiy katta-kichikligi 1:6 dan to 1:10 gacha bo'ladi;
d) porfirsimon strukturali tog' jinslari to'liq kristallangan asosiy massa orasida nisbatan yirik minerallar bo'lishi bilan xarakterlanadi. Porfirsimon strukturalar hosil bo'lishi, birinchidan, magma yerning ostki qismidan yuqoriga ko'tarilishi davrida kristallanish holatining o'zgarishi va ikkinchidan, magma fizik-kimyoviy xususiyatining o'zgarishi bilan bog'liq. Keyingi holatda evtektik miqdoridan ko'p bo'lishi bilan tushuntiriladi; e) porfir struktura porfirsimon strukturadan asosiy magmaning to'liq kristallanmaganligi bilan farq qiladi. Jinsning asosiy massasi shishasimon moddadan va mikrolitlardan tashkil topgan bo'lib, ular orasida porfirlar yoki fenokristallar uchraydi; f) afir struktura to'liq kristallanmagan tog' jinslarida porfirlarning yo'qligi bilan tafsivlanadi.
3. Mineral donalarning mutlaq katta-kichikligiga qarab, struktura quyidagi turlarga bo'linadi: 1) o'ta yirik donali struktura. Tog' jinsini tashkil qiluvchi donalarning katta-kichikligi 2 santimetrdan ortiq bo'ladi. Yirik minerallar hosil bo'lishiga sabab magmaning tarkibida uchuvchan qo'shimchalar ko'p bo'lishi va magmaning sekin-asta sovishidir. Bu struktura pegmatitlarda va ayrim granitlarda uchraydi; 2) yirik donali
(5mm-2sm); 3) o'rta donali (5-1 mm) struktura asosan abissal tog' jinslariga xos bo'lib, yana abissal jins massivining chekka qismlarida ham uchraydi; 4) afanit struktura asosan effuziv tog' jinslariga xos bo'lib, jinsni tashkil qiluvchi minerallarning donalarini oddiy ko'z bilan aniqlab bo'lmaydi.
4. Mineral donalarining shakliga qarab strukturalar quyidagi turlarga bo'linadi: 1) panidiomorf donali strukturada jinsni tashkil qiluvchi minerallar o'ziga xos kristollografik shaklining rivojlanganligi bilan farq qiladi. Bunday struktura faqat idiomorf mineraldan tarkib topgan jinslarga taalluqlidir. 2) gipidiomorf donali strukturada tog' jinslari tarkibidagi minerallar har xil idiomorfizmga egadir. 3) allotriomorf donali struktura tog' jinsini tashkil qiluvchi minerallar o'ziga xos bo'lgan kristallografik qirralarning rivojlanmaganligi bilan farq qiladi.
5. Minerallar donalari o'zaro birikishiga qarab jinslarda quyidagi struktura turlari uchraydi: Masalan, poykilit struktura. Bu strukturali tog' jinsida keyin hosil bo'lgan mineral oldin hosil bo'lgan mineralning kichik donalarini o'ziga qamrab oladi. Minerallar ma'lum qoida bilan birikmagan bo'lib, poykilit o'simtalari har xil yo'nalishda joylashadi.
6. Birikish strukturasida minerallar ma'lum qoida bilan kristallanadi. Masalan: 1) pertit strukturasi. Kaliyli dala shpatida albit o'simtalari bo'lib, ular ma'lum qoida bilan birikadi va mikroskop stolchasini burash bilan bir vaqtda so'nadi; 2) pegmatit strukturasi asosan nordon tog' jinslarida uchraydi, unda kaliyli dala shpatining katta donasi kvarsning bir necha donalari bilan birikadi. Kvars donalari qoidali birikkan bo'lib, mikroskop stolchasini burash bilan bir vaqtda so'nadi.