4- MA’RUZA
LINGVISTIK BILIMLAR BAZASI
REJA:
Linvistik baza haqida tushuncha
Lingvistik bazani shakllantirish tamoyillari
Ma’lumotlar bazasi bilan ishlovcha kompyuter dasturlari
Lingvistik baza asoslari
Tayanch tushunchalar: Example based translation. Avtomatik tarjima yo‘nalishining zamonaviy holati va istiqboli. Ma’lumotlar bazasini yaratish (o‘zbek tilidagi harakat fe’llari misolida).
Mazkur bo‘limda harakat fe’llarining semantikasi va valentligini tekshirish asosida kompyuter dasturlari uchun lingvistik ta’min yaratish namunasini keltirdik. Ta’kidlash zarur, bu yûl faqat ûzbek kompyuter lingvistikasiga xos yûldir. Jahonda bunday usulda tadqiqot olib borilmagan (fikrimiz isbotini internetdan tekshirish mumkin). Lingvistik ta’min yaratishda harakat fe’llarining oldindan amalga oshirilgan semantik tasnifidan foydalanamiz. Shu o‘rinda ushbu semantik tasnifga qisqacha izoh berib o‘tamiz. o‘zbek tilidagi faol harakat semali fe’llar ob’yektiv asosiga ko‘ra tabiat va jamiyatdagi, hayvonot olamidagi harakatlar-jarayonlarni o‘z ichiga oladi. Ya’ni, harakat fe’llari moddiy asosiga (ob’ektiga) ko‘ra kengligi va murakkabligi, serqirraligi va materiyaga xos turlicha harakatlarni ifodalashi, doimiyligi bilan boshqa semantik maydonga kiruvchi fe’l leksemalardan ajralib turadi. Harakatning realligi, ob’ektivligi, uning muayyan jonli mavjudot tomonidan amalga oshirilishi, unda «moddiylashishi» bilan bog‘liq ekan, demak, mantiqiy sub’ektning mavjudligi uning mutlaq harakati bilan ham o‘lchanadi. Aniqrog‘i, harakat materiyaning yashash shakli hisoblanadi.
Ob’yektiv borliqdagi kauzallanuvchi narsa-predmetlarga, shaxs hamda hayvonlarga xos turlicha faol harakatlarni ifodalovchi fe’llar nutqda juda ko‘p ishlatilishi va murakkab semantik tuzilishi bilan farqlanib turadi. Harakat fe’llari sememasining mushtarak semasi «faol harakat» bo‘lib, u fe’llarni bir makrosistemaga (semantik maydonga) birlashtirib turadi. Ya’ni mushtarak sema xarakteridagi «faol harakat» semasi asosida fe’llarning semantik maydoni yuzaga keladi.3
Semantik tasnifda harakat fe’llari sememasidagi faqat atash (denotativ)semalar aniqlanadi. Fe’l-semema tarkibidagi ifoda (konnotativ) va boshqa semalarni tekshirish alohida yirik tadqiqotlarni talab qiladi, fe’llar asosida yaratiladigan kompyuter dasturlari uchun lingvistik ta’min ishlab chiqishda hozircha ularning ko‘chma ma’nolari hisobga olinmaydi.
LSGlarda «dinamik (faol) harakat» mushtarak sema, «gorizontal», «vertikal», «aylanma», «tebranma», «predmetning tik holatdan boshqa (yotiq) holatga o‘tishini bildiruvchi», «nafas va tovush chiqarish harakatini ifodalovchi», «natijali ijro», «natijasi mavhum ijro», «og‘iz bo‘shlig‘idagi harakatlar» kabi semalar esa birlashtiruvchi sema hisoblanadi. o‘zbek tilidagi harakat fe’llarida namoyon bo‘luvchi mantiqiy sub’ekt harakati yuqoridagi ko‘rinishlarda sodir bo‘ladi. Demak, ob’ektiv borliqdagi turlicha harakatlarni aks ettiruvchi fe’llar semantikasining murakkab xarakteri mantiqiy ravishda harakat fe’llarining qayd etilgan 9 ko‘rinishdan iborat semantik guruhlanishga olib keldi.
O‘zbek tilidagi harakat semali fe’llar asosidagi mazkur ma’lumotlar bazasi lingvistik kompyuter dasturlari (tarjima, tahrir va h.k.) uchun mo‘ljallangan. Ma’lumotlar bazasi asosida yaratilgan dasturdan, shuningdek:
a) o‘zbek, ingliz tilidagi harakat semali fe’llarning tuslanishini o‘rganmoqchi bo‘lgan ixtiyoriy inson;
b) o‘zbek, rus, ingliz tillari bo‘yicha tilshunos mutaxassis;
v) lingvistika sohasidagi kompyuter dasturchilari foydalanishlari mumkin.
Lingvistik ta’minga izoh beramiz. 1-jadvalda berilgan axborot bankida o‘zbek, rus va ingliz tillaridagi harakat semali fe’llarning lug‘at vokabulasidagi shakllari keltirilgan. Ma’lumotlar bazasini yaratishda rus tilidan foydalanishimizga quyidagilar sabab bo‘ldi:
a) o‘zbek va ingliz tillarini bog‘lashda rus tili asosiy vosita hisoblanadi. Negaki hozircha mukammal darajadagi o‘zbekcha-inglizcha lug‘atlar yaratilmagan. Shunga kûra dastlab tarjimada o‘zbekcha-ruscha, so‘ngra ruscha-inglizcha lug‘atlardan foydalandik4;
b) rus tilining ham dunyoviy tillardan biri sifatida yaxshi bilish dolzarb masala bo‘lganligi tufayli o‘zbek tilidagi harakat semali fe’llarining rus tilidagi muqobillarini tekshirish qiziqarli nazariy va amaliy natijalarni berishi mumkinligi hisobga olindi.
1-jadval, asosan, fe’l semantikasi asosida tuzildi. Demak, lingvistik ta’min yaratishda semantik guruhlanish muhim ahamiyat kasb etadi. Jadval uchun fe’l-sememalarning semantik tasnifi asos hisoblanadi (fe’llarning har bir semantik guruhi qora chiziq bilan ajratib ko‘rsatilgan). Ta’kidlash zarurki, jadvaldagi fe’llar tarjimasidan kelib chiqqan holda: «rus va ingliz tilidagi fe’l-sememalarni ham xuddi shu tarzda semantik tasnif qilish mumkin»,-deb xulosa qilish maqsadga muvofiq emas (biz bunday da’vodan yiroqmiz), faqat tarjimada keltirilgan fe’llarning ma’no-mohiyati ayni fe’llarning o‘zbekchasiga to‘liq mos keladi, xolos. 2-jadvalda o‘zbek tilidagi fe’llarning zamon va shaxs-sonda tuslanish imkoniyatlari keltirilgan. Bunda fe’l semantikasi ko‘p vaziyatlarda uning tuslanishiga faol ta’sir qilishi ko‘rsatib berilgan. Ya’ni bir xil semantikaga ega fe’l bir xil tuslanish sistemasiga ham ega bo‘lishi aniqlangan. Kompyuter dasturi 2-jadvalda keltirilgan ma’lumotlar bazasiga asoslanib, ish ko‘radi, ya’ni fe’l-semema tuslanish imkoniyatiga ega bo‘lsa ( Q ) , uni ingliz tilidagi ayni muqobilini topadi, u bunday imkoniyatga ega bo‘lmasa (-), bu haqda foydalanuvchiga xabar beradi. Tadqiqotda yaratilayotgan dastur 1-versiya hisoblandi, shuning uchun unda (ish hajmini chegaralash maqsadida) o‘zbek va ingliz tillaridagi harakat semali fe’llarning faqat zamon va shaxs-sonda tuslanishi ko‘rib chiqildi. Harakat semali fe’llarning nisbat va mayl kategoriyalari, bo‘lishli-bo‘lishsizlik shakllari va ularning ingliz tilidagi tarjimasi masalasi dasturning keyingi versiyalarida ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan. o‘zbek va ingliz tilini ikkinchi til sifatida o‘rganishni istovchilar uchun birinchi bosqichda fe’ldagi zamon va shaxs-sonni ifodalashni bilish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu tufayli dastur uchun o‘zbek-ingliz tillaridagi fe’llarning zamon va shaxs-sonda tuslanishini ko‘rsatib beruvchi lingvistik ta’min zarurdir. 3-jadvalda 2-jadvaldagi ma’lumotlarning (ya’ni fe’lning zamon shakllari va tuslanish sistemasini) ingliz tilida aynan qanday shaklda berilishi ko‘rsatilgan. Bu bilan ham kompyuter dasturi uchun zaruriy lingvistik ta’min - o‘ziga xos qoliplar yaratilgan. 4-jadvalda o‘zbek tilidagi harakat semali fe’llarining valentlik imkoniyatlari ko‘rsatilgan. o‘zbek tilidagi fe’llarni o‘rganishda ularning birikuvlarini yaxshi bilishi zarur hisoblanadi. Shunga ko‘ra gap tuzishda fe’lning agens, patsiens, ob’yekt, o‘rin valentliklarining aktanti sifatida qaysi so‘zlar bilan birika olishini bilish muhimdir.
Ko‘rinadiki, har bir jadval kompyuter dasturi uchun ma’lumotlar bazasi hisoblangani holda bir-biri uchun ham axborot banki vazifasini o‘taydi. Demak, kompyuter dasturi uchun lingvistik ta’min yaratishda ham uzviylikka, sistemalilikka qattiy rioya qilinadi.
Dostları ilə paylaş: |