Korxona xo`jalik mablag`larining asosiy vositalar, nomoddiy aktivlar, aylanma va aylanishdan tashqaridagi mablag`larga bo`linishi muhim ahamiyatga ega, chunki ularning rejalashtirilishi va hisobi bir-biridan farq qiladi. Bundan tashqari, korxonalarning ixtiyorida uy-joy va madaniy-maishiy maqsadlarga mo`ljallangan imorat, mashina, asbob-uskunalar, inventar, hom-ashyo, material, yoqilg`i, ehtiyot qismlar, pul mablag`lari va boshqalar ham bo`ladi.
Shuni ham aytib o`tish kerakki, har bir korxonadagi xo`jalik mablag`larining miqdori, tarkibi, joylashtirilishi ularning xo`jalik faoliyati hususiyatlari bilan chambarchas bog`liq bo`lib, reja asosida hisoblab chiqiladi. Shuning uchun xo`jalik mablag`lari o`z tarkibiga qarab, ishlab chiqarish vositalariga va muomala mablag`lariga bo`linadi. Umuman olganda, ishlab chiqarish korxonalarining aylanma mablag`lari ishlab chiqarish aylanma fondlari va muomala fondlaridan iboratdir.
Xo`jalik mablag`larining tashkil topish manbalari va ularni turkumlash Korxonalarda xo`jalik yuritish uchun zarur xo`jalik mablag`lari bo`lishi shart. Bu mablag`lar turli manbalardan tashkil topadi. Halq xo`jalik tarmoqlarida rejalashtirish va hisob tajribalarini ilmiy asosda umumlashtirish hamda buxgalteriya hisobining xalqaro standartlarini hisobga olgan holda korxona xo`jalik mablag`larining tashkil topish manbalari qo`yidagicha turkumlanishi mumkin:
Kreditlar va qarzga olingan mablag`larning manbalari;
Ijtimoiy mahsulotni taqsimlashga doir majburiyatlar yoki hisob-kitoblar va har xil passivlar.
Korxona o`z mablag`larining manbalariga nizom fondi, asosiy vositalar eskirishi, nomoddiy aktivlar eskirishi, zahira (rezerv) fondi, dargumon qarzlar bo`yicha zahiralar, taqsimlanmagan foyda, maxsus maqsadlarga atalgan fondlar, kelgusida qilinadigan xarajat va to`lovlar zahirasi, hisobot yili foydasining ishlatilmagan qismi va boshqalar kiradi.
Korxona o`z mablag`larining asosiy manbai nizom fondidir. Uning bunday deb nom olishiga sabab shuki, boshlang`ich miqdori korxonaning nizomida ko`rsatilgan bo`ladi. Aksiyali jamiyatlar, ma’suliyati cheklangan jamiyatlar va qo`shma korxonalarning nizom fondi hajmi ularning nizomida qancha summaga aksiya chiqarilishi va sotilishi ko`zda tutilganligi bilan aniqlanadi. Iraja korxonalarining nizom fondida esa ijaraga olingan asosiy vositalarning qoldiq qiymati va ijara korxonasi tomonidan sotib olingan asosiy vositalar birgalikda qayd qilinadi. Agar davlat korxonasi aksiyali jamiyatga aylantirilayotgan bo`lsa, u holda davlat korxonasi mulkining qiymatiga teng aksiya chiqarib sotiladi va bu summa aksiyali jamiyatning nizom fondi hajmi bo`lib hisoblanadi. Shuni aytish kerakki, aksiyaning o`z qiymati bilan uni sotish qiymati o`rtasida farq bo`lishi mumkin. Bu farq summalar emissiya daromadi sifatida alohida hisobga olinadi va u nizom fondining hajmini o`zgartirmaydi. Aksiyali jamiyat tuzish niyatidagi huquqiy shaxs va fuqarolar avvalo nizom fondining hajmini aniqlaydi va shu summaga teng bo`lgan aksiyalarni chiqaradi. Aksiyali jamiyat o`zining nizomiga ko`ra chiqargan aksiyalari umumiy summasining 10 foizigacha bo`lgan qismini imtiyozli aksiya sifatida chiqarib sotishi mumkin. Demak, aksiyali jamiyat o`z aksiyalarini oddiy va imtiyozli aksiyalar qilib chiqarishi mumkin. Aksiyalar obuna e’lon qilib sotilishi yoki muayyan aksiyali jamiyatni ta’sischilari o`rtasida tarqatilishi mumkin.
Asosiy vositalar foydalanish davomida eskiradi. Buxgalteriya hisobida aks etishi lozim bo`lgan asosiy vositalarning eskirishi amaldagi qonunchilikka binoan mazkur asosiy vositalarni to`la tiklash uchun belgilab qo`yilgan amortizatsiya ajratmalari me’yorlariga ko`ra aniqlanadi. Korxonaning o`z mulki bo`lgan asosiy vositalar bo`yicha eskirish hisoblash bilan birga korxona tomonidan uzoq muddatga ijaraga olingan asosiy vositalar bo`yicha ham eskirish hisoblanadi. Bu har oyda hisoblangan eskirish summalari ishlab chiqarish xarajatlariga qo`shiladi. Qiymati ishlab chiqarish xarajatlariga amortizatsiya ajratmasi shaklida to`la qo`shilib bo`lgan asosiy vositalar bo`yicha eskirish hisoblash to`xtatiladi.
Korxonalarning nomoddiy aktivlari bo`yicha har oyda eskirish hisob, ishlab chiqarish xarajatlariga qo`shiladi. Ular bo`yicha eskirish me’yori har bir nomoddiy aktivdan foydalanish qancha muddatga davom etishi mumkinligiga qarab o`rnatiladi. Ammo nomoddiy aktivdan foydalanish muddati muayyan korxona faoliyat ko`rsatishi mumkin bo`lgan muddatdan ko`p bo`lmasligi kerak. Agar muayyan nomoddiy aktivdan foydalanish muddatini aniqlab bo`lmasa, u holda ushbu nomoddiy aktivdan foydalanish muddati 10 yil deb qabul qilinishi mumkin (ammo bu muddat korxona faoliyat ko`rsatish muddatidan ko`p bo`lmasligi kerak). Nomoddiy aktivning boshlang`ich qiymatiga teng bo`lgan eskirish summa yig`ilgunga qadar har oy eskirish hisob, ishlab chiqarish xarajatlariga qo`shilaveradi.
Korxonalarda qonunchilikka hamda ta’sis etish hujjatlariga binoan zahira (rezerv) fondi tashkil qilinadi. Zahira fondi korxona foydasi hisobidan tashkil qilinadi. Bundan tashqari aksiyali jamiyat shaklida tashkil qilingan korxonaning zahira fondiga uning emissiya daromadi ham qo`shiladi. Emissiya daromadi deganda aksiyaning o`z qiymati bilan uni sotish bahosi o`rtasida farq summa tushuniladi.
Agar aksiyali jamiyatning hisobot yilida olgan foydasi ta’sis etuvchilarga daromadlar to`lash uchun yetmasa yoki umuman foyda olinmagan bo`lsa, u holda zahira fondi hisobida ta’sis etuvchilar daromad (divident) to`lanadi. Agar korxona hisobot yilini zarar bilan tugatsa, balansdagi qoplanmagan zarar summasi zahira fondi hisobidan qoplanadi. Shuning uchun bu fondni sug`urta fondi deb ham yuritiladi.
Korxonaning belgilangan muddatda uzilmagan yoki me’yoriy zarur vaqt ichida aniqlanmagan va tegishli kafolat bilan ta’minlanmagan debitor qarzlarining huquqiy shaxslar va fuqarolar bilan hisob-kitoblarga oid qaytarilishi (uzilishi) uchun dargumon qarzlarning summasiga teng bo`lgan miqdorda hisobot yilining ohirida korxonaning olgan foydasi hisobidan tegishli zahira tashkil qilinadi, u yil ohirida korxonaning huquqiy shaxslar va fuqarolardagi debitor qarzlari yo`qlama qilinishi natijalari asosida yaratiladi. Zahiraning miqdori har bir dargumon debitor qarz yuzasidan qarzdor huquqiy shaxs yoki fuqaroning moliyaviy holatiga (to`lov qobiliyatiga) qarab hamda debitor qarzni to`liq yoki qisman uzish ehtimolini chamalab alohida-alohida belgilanadi. Dargumon debitor qarz bo`yicha zahira yaratilgan yildan keyingi yilning ohirigacha bu zahiraning biron-bir qismidan foydalanilmagan bo`lsa, u holda zahiraning bu foydalanilmay qolgan qismi tegishli yilning foydasiga qo`shiladi. Ilgari korxona tomonidan dargumon deb topilgan va undirib olinmagan debitor qarz dargumon qarzlar bo`yicha zahiralar hisobidan qoplanadi.
Pirovard moliyaviy natija (foyda yoki zarar) ishlab chiqarilgan mahsulotlarni, bajarib topshirilgan ishlarni va ko`rsatilgan xizmatlarni va boshqa moddiy qiymatliklarni sotishdan hosil bo`ladigan moliyaviy natijadan hamda sotishga aloqador bo`lmagan boshqa muomalalardan olinadigan daromadlardan mazkur muomalalarga qilingan xarajatlar chegirib tashlangandan keyin vujudga keladi. Bunda yangidan yaratilgan qiymatni hisoblab chiqish va uni taqsimlanish tartibini hisobga olish kerak bo`ladi. Yangidan yaratilgan qiymatdan ishchi va xizmatchilarga hisoblangan ish haqi, turli soliqlar, kreditlardan foydalanilgani uchun to`langan foizlar, qimmatli qog`ozlar bilan muomalalar bo`yicha xarajatlar, qonunchilikka va ta’sis hujjatlariga binoan qilingan boshqa xarajatlar va ajratmalar chegirib tashlangandan keyin qolgan summasini hisoblab chiqarish va to`lash tartibi qonun va boshqa me’yoriy hujjatlar bilan tartibga solinadi. Foyda hisobidan korxonaning tegishli fondlarini tashkil qilish hamda foydani boshqa maqsadlarga ishlatish tartibi ta’sis hujjatlari bilan tartibga solinadi. Korxonaning o`z ixtiyorida qolgan hisobot yilining foydasi bilan o`tgan yilning taqsimlanmay qolgan foydasi yig`indisi korxonaning taqsimlanadigan foyda summasini tashkil qiladi. Korxonaning taqsimlanadigan foydasidan dividentlar to`lanadi va aksiyali jamiyat shaklidagi korxonaning aksiyali kapitalini ko`payishiga o`tkazilishi mumkin.
Ishlab chiqarishga qilingan xarajatlarga (yoki muomala sarflariga) ma’lum xarajatlar va to`lovlarni bir tekis qo`shib borishni ta’minlash uchun qilingan zahiralar kelgusida qilinadigan xarajatlar va to`lovlar ziharalari deb ataladi. Bunday zahiralar qo`yidagi xarajatlar va to`lovlar uchun tashkil qilinadi: