VA ULARNING TASHKIL TOPISH MANBALARI 1. Korxonalarning xo`jalik mablag`lari va ularni turkumlash.
2. Xo`jalik mablag`larining tashkil topish manbalari va ularni turkumlash.
3. Korxona mablag`larining xo`jalik jarayonlaridagi harakati. Korxonalarning xo`jalik mablag`lari va ularni turkumlash Korxonalarda xo`jalik jarayonlari amalga oshirilishi uchun ular ma’lum turdagi mablag`larga ega bo`lishi kerak. Bunday mablag`larga imoratlar, inshootlar, asbob-uskunalar, materiallar, pul mablag`lari va h.k.lar kiradi. Bu mablag`larning har biri xo`jalik jarayonida turli funktsiyalarni bajarishi bilan birga har xil joylashgan, shuningdek, turli manbalardan tashkil topgan. Shuning uchun ham xo`jalik jarayonida ayrim turdagi xo`jalik mablag`larining tutgan o`rnini, tarkibini, hususiyatini va funktsional rolini o`rganish ulardan samarali foydalanish imkonini beradi.
Moddiy ne’matlar ishlab chiqaruvchi korxonalarning xo`jalik mablag`lari buxgalteriya hisobida xo`jalik jarayonidagi funktsional roliga qarab yoki shu jarayonda qatnashish hususiyati va muddatiga muvofiq turkumlanadi.
Xo`jalik jarayonida bajarayotgan funktsional roliga qarab xo`jalik mablag`lari ishlab chiqarish fazasidagi mablag`lar, muomala fazasidagi mablag`lar va korxona aylanishidan chetlatilgan mablag`larga bo`linadi.
1. Ishlab chiqarish fazasidagi xo`jalik mablag`ari o`z navbatida mehnat vositalari, mehnat buyumlari va nomoddiy aktivlarga bo`linadi.
Mehnat vositalari moddiy vositalar yig`indisi bo`lib, ishlab chiqarish jarayonida o`zining natural shaklini o`zgartirmasdan uzoq vaqt xizmat qiladi. Kishilar o`z faoliyatlarini mehnat vositalari yordamida mehnat buyumlariga o`tkazishlari natijasida mahsulot ishlab chiqariladi yoki ishlab chiqarish jarayoni uchun sharoit tug`iladi. Mehnat vositalari tarkibiga ishlab chiqarish qurilmalari – mashinalar, asbob-uskunalar, ishlab chiqarish inventarlari va jihozlar, transport (siljitish) vositalari, xo`jalik inventarlari, kam baholi va tez ishdan chiqadigan buyumlar, shuningdek ishlab chiqarishga xizmat qiluvchi imoratlar, inshootlar va h.k.lar kiradi. Mehnat vositalari o`z qiymatlarining bir qismini (eskirish hisobiga amortizatsiya ajratmasi sifatida) yangidan ishlab chiqarilayotgan ijtimoiy mahsulot tannarxiga o`tkazib boradi.