Ijroga taqdim etish muddati o‘tgan ijro varag‘i bank tomonidan ham, sud ijrochisi tomonidan ham qabul qilinmaydi. Undiruvchining advokati ijro varag‘ining ijroga taqdim etilishi muddatini o‘tkazib yuborgan holda, u xo‘jalik sudiga o‘tkazib yuborilgan muddatni tiklash to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat qilishi mumkin. Ijro muddatini tiklash sud hujjatini qabul qilgan xo‘jalik sudi tomonidan, uzrli sabablarga ko‘ra amalga oshirilishi mumkin. Ijro varag‘i yo‘qotib qo‘yilganda uning dublikati taqdim etilishiga ruxsat beriladi. U xo‘jalik sudi tomonidan undiruvchining arizasiga ko‘ra amalga oshiriladi. Advokat butun ijro jarayoni davomida vaziyatni kuzatib bormog‘i, qarzdor mol-mulkini izlashni amalga oshirishi, uning barcha bitimlarini, mulkining ko‘chishini kuzatib borishi lozim. Agar ijro hujjati ijrosi jarayonida qarzdor yashash joyi, ish joyi yoki u turgan joy o‘zgarsa, yoki qarzdorning undirish qaratilishi mumkin bo‘lgan mulki avvalgi turgan joyida mavjud emasligi aniqlansa yoki u undiruvchining talablarini qondirish uchun yetarli bo‘lmasa, sud ijrochisi ijro hujjatini ushbu dalolatnoma nusxasi bilan birga qarzdorning yangi yashash joyi, ish joyi, turar joyi yoki qarzdor mulkining yangi turgan joyi bo‘yicha sud ijrochisiga yuboradi, bu haqda bir vaqtning o‘zida undiruvchini ham, ijro hujjatini bergan sudni ham xabardor qiladi. Advokat, kimning (undiruvchi yoki qarzdorning) manfaatlarini ilgari surishidan qat'iy nazar, sud hujjati ijrosining keyinga qoldirilishi yoki bo‘lib-bo‘lib amalga oshirilishida, sud hujjati ijrosining to‘xtatib turilishida va sh.k.da ijro varag‘ini ijroga taqdim etish xususiyatlarini bilishi va ulardan o‘z mijozi manfaatlarida samarali foydalanishi lozim. Sud hujjati ijrosini keyinga qoldirish yoki bo‘lib-bo‘lib amalga oshirish, uni ijro etish usuli va tartibini o‘zgartirish to‘g‘risidagi ariza taqdim etish huquqini qonun undiruvchiga, qarzdorga va sud ijrochisiga beradi. Sud ijrochisi o‘zi ijro ishini yuritayotgan xo‘jalik sudi sud hujjatlariga nisbatan shunday huquqqa ega. Sud ijrochisi mustaqil ravishda ijroni keyinga qoldirish yoki bo‘lib-bo‘lib amalga oshirishni taqdim etishi yoki sud qarori ijrosining usul va tartibini o‘zgartirishi mumkin emas. Ijroni murakkab yoki ilojsiz qiluvchi holatlar mavjudligida (tabiiy ofat, tayinlangan mulkning naturada yo‘qligi, qarzdorning xastaligi va b.), sud ijrochisi bu haqda dalolatnoma tuzadi va ushbu holatni tasdiqlovchi tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda, sudyaga ijroni keyinga qoldirish yoki bo‘lib-bo‘lib amalga oshirish yoki ijroning usul va tartibini o‘zgartirish haqidagi masalani hal etish uchun topshiradi.