Protestni nazorat tartibida kiritish to‘g‘risidagi arizani tuzishda quyidagi ikkita omildan kelib chiqish lozim: S protest kiritish uchun asoslar borligi yoki yo‘qligi to‘g‘risidagi masalani hal etish ishda qatnashuvchi shaxslar ishtirokisiz amalga oshiriladi; S nazorat tartibida sud hujjatining o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishiga asoslar sud hujjatining noqonuniyligi va asossizligi bo‘ladi. Birgina rasmiy asoslar bilan xo‘jalik sudining mohiyatan to‘g‘ri hukmi, qarori bekor qilinishi mumkin emas (O‘zbekiston Respublikasi XPK 200- moddasi). Rasmiy asoslar sirasiga protsessual xarakterga ega, qabul qilingan sud hujjatining mohiyatiga ta'sir ko‘rsatmagan qonunbuzarliklar kiritilishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasi XPK 193- moddasiga muvofiq, protestlarni O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Raisi va uning o‘rinbosarlari, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori va uning o‘rinbosarlari, O‘zR istalgan xo‘jalik sudining qonuniy kuchga kirgan hukmlari va qarorlariga nisbatan kiritishi mumkin, O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Rayosati qarorlari bundan mustasno. O‘zbekiston Respublikasi XPK 193- m.da ro‘yxati keltirilgan mansabdor shaxslar, nazorat tartibida protest kiritish uchun asoslar borligi masalasini hal etish uchun tegishli xo‘jalik sudidan ishni talab qilib olish huquqiga ega. Protest uchun asoslar mavjud bo‘lganida, O‘zbekiston Respublikasi XPK 193-m.da ko‘rsatilgan mansabdor shaxs protest kiritadi va uni ish bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Rayosatiga yuboradi. Protest kiritish uchun asoslar mavjud bo‘lmaganda, ariza bergan shaxs bu haqda xabardor qilinadi. Xo‘jalik sudi ishda qatnashayotgan shaxslar fikrini inobatga olgan holda jarayon yuritishning ketma-ketligini belgilaydigan boshqa sud instansiyalaridan farqli o‘laroq, nazorat sud instansiyasida bu tartib oldindan qonun bilan belgilab qo‘yilgan. Bu holatda advokat, u yoki bu shaxsning vakili sifatida, faqat sudya- ma'ruzachi tinglangandan keyingina o‘z mavqyeini asoslash bilan chiqish qiladi.