KIRISH Huquq va qonunning ahamiyati beqiyos darajada o‘sib, qonunchilik, kodekslar va huquq me'yorlaridagi so‘nggi o‘zgarishlarning shunchaki in'ikosi emas, balki adolat va haqiqatning mezoni bo‘layotgan bizning davrimizda, huquqshunos kasbiga asosli ravishda eng qat'iy talablar qo‘yilmoqda, bu kasb sohiblaridan esa, ularning maxsus maqomi, lavozimi va yuridik ixtisoslashuvidan qat'iy nazar, jamiyatning umidlari katta bo‘lmoqda.
Huquqshunos kadrlarni tayyorlash masalalariga, zamonaviy yurisprudensiyani o‘qitish sharoitlarini yaratishga mamlakatimiz rahbariyati tomonidan alohida e'tibor berilmoqda. Chunonchi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yil 28 iyundagi PQ-1990- sonli “Yuridik kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori bilan Toshkent davlat yuridik instituti Toshkent davlat yuridik universiteti (quyida - TDYUU) sifatida qayta tashkil etildi va “yurisprudensiya” mutaxassisligi bo‘yicha kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash bo‘yicha bazaviy davlat oliy ta'lim va ilmiy- uslubiy muassasasi deb belgilandi.
Yuqori malakali yuridik kadrlarni tayyorlash bo‘yicha vazifalarni hal etish maqsadlarida, TDYUUda mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik va huquqiy islohotlarning, fuqarolik jamiyati shakllanishining yuksak talablariga, zamonaviy xalqaro standartlarga javob beruvchi yuqori malakali yuridik kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy choralarni qabul qilish bo‘yicha kompleks ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, huquq yo‘nalishlari bo‘yicha yangi avlod darsliklar va o‘quv qo‘llanmalarini tayyorlash Kompleks dasturi qabul qilindi. Bunda, o‘quv adabiyotini tayyorlash davomida zamonaviy huquqshunoslik fani yutuqlariga, shuningdek, davlat-huquqiy, sud va huquqni muhofaza qilish sohalaridagi demokratik o‘zgarishlar tajribasiga alohida e'tibor berildi.
Bundan tashqari, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirining 02.08.2013 yildagi №278- sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan, O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi tizimi uchun yangi avlod o‘quv adabiyotini yaratish Konsepsiyasidan kelib chiqqan holda, yangi avlod o‘quv nashrlariga qo‘yiladigan talablar e'tiborga olindi.
Sudlar va huquqni muhofaza qilish idoralari kafedrasida mualliflar jamoasi kuchi bilan tayyorlangan yangi avlod “Advokatura” darsligi, bo‘lajak yuristlarni advokat sifatida ishlashga tayyorlash uchun mo‘ljallangan va advokatura hamda advokatlik faoliyati, O‘zbekistonda advokaturaning rivojlanishi tarixi, uni tashkil etish tamoyillari, notiqlik san'ati, advokatlik kasbi axloqiy asoslariga oid asosiy masalalarni o‘z ichiga oladi. Ushbu darslikda mualliflar tomonidan umumlashtirilgan shaklda, advokaturaning umumnazariy masalalari, bugungi kun vazifalari va rivojlanish yo‘llari bayon etilgan. Unda advokatning turli ko‘rinishdagi sud ishlari va tergov bosqichlaridagi ishi va ishtiroki namunalari keltirilgan.
Mazkur darslikning yuzaga kelish dolzarbligi jamiyatning malakali, shaxsiy- kasbiy rivojlanish darajalari zamonaviy xalqaro standartlarga muvofiq keluvchi advokatlarga ehtiyoji o‘sganligida ko‘rinadi. Zero, demokratik huquqiy davlatda fuqarolaming huquq va erkinliklariga rioya etish va ularni muhofaza qilish, ko‘p jihatdan fuqarolar va tashkilotlarga professional yuridik yordam beruvchi advokatlar faoliyatiga bog‘liqdir.
O‘zbekistonda ro‘y berayotgan siyosiy va iqtisodiy tizimning demokratlashuvi, huquqiy demokratik davlatning konstutsiyaviy suratda e'lon qilinishi fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bilan bog‘liq huquqiy institutlar va ko‘ngilli birlashmalar faoliyatining shakli va uslublarini tubdan qayta tashkil qilishni taqozo etadi. Bu jarayonda advokaturani - jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bilan izchil bog‘liq bo‘lgan fuqarolik jamiyati institutini takomillashtirish o‘ta muhim o‘rin egallaydi.
Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov qayd etganidek, “Avvalo sud ishida konstitutsiyaviy va yuridik me'yorlarga qat'iy rioya etilishini ta'minlashga, o‘z himoyasi ostidagi fuqarolaming huquqlari, obro‘si va qadr-qimmatini muhofaza qilishga mas'ul advokatlar institutining roli va ahamiyatini tubdan oshirish lozim”.1