Smeta - maktabgacha ta’lim tashkilotning barcha xarajatlari va ularni qoplash manbalari, byudjet ajratmalari va ota-onalar mablag’larini aks ettiradigan moliyaviy-me’yoriy hujjatdir. Maktabgacha ta’lim tashkilotida yozgi hordiq va sog’lomlashtirish tadbirlarini o’tkazish uchun alohida smeta tuziladi. Ishlab chiqarish ko’rsatkichlarini aniqlashda tashkilotdagi guruhar, bolalar soni, ularning tashkilotda qancha vaqt bo’lishi, tashkilot xodimlarining necha soat ishlashi va ishning turiga ham alohida e’tibor beriladi. Smeta xarajatlarini rejalashtirish quyidagi moddalar bo’yicha amalga oshiriladi: «Ish xaqqi», «Ish haqqiga nisbatan ajratmalar», «Ma’muriy va xo’jalik xarajatlari», «Xizmat safarlari xarajatlari», «Adabiyotlar ko’rgazmali vositalar va o’yinchoqlar sotib olish», «Ovqatlantirish xarajatlari», «Asbob-uskuna va jihozlar sotib olish», «Bino va inshootlarni kapital ta’mirlash xarajatlari», «Boshqa xarajatlar». Bolalarni «Ovqatlantirish xarajatlari» moddasi asosida taomnoma tuzish: «Ovqatlantirish xarajatlari» moddasiga bolalarni ovqatlantirishga mo’ljallangan mablag’lar kiritiladi. Taomnoma bitta bolaga kunlik ovqatlanish uchun belgilangan pul me’yori va yil davomidagi tushumlar asosida tuziladi. Bunda maktabgacha ta’lim tashkilotning turi, ish vaqti e’tiborga olinadi. Ovqatlantirish me’yori Sog’liqni saqlash, Moliya va Iqtisodiyot vazirliklari tomonidan belgilab beriladi. Shuningdek, maktabgacha ta’lim tashkilot smetasiga barcha xodimlarning ovqatlanishi uchun mablag’ ajratish ham ko’zda tutiladi. Bu Maktabgacha ta’limi va moliya bo’limlari tomonidan alohida ro’yxat bo’yicha amalga oshiriladi. Bunda xodimlar haq to’lash hisobiga maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ovqatlanishlari mumkin.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlari smeta tuzish vaqtlari kelgusi yilgi ish ko’rsatkichlarini (guruhlar va tarbiyalanuvchilar sonining ortishi, bolalarning tashkilotda bo’lish vaqti va hokazo) belgilashda o’zi bo’ysungan yuqori tashkilotning me’yoriy hujjatlari, buyruq va ko’rsatmalariga amal qiladi. Smetaga kiritilgan xarajatlar smeta blankasiga keltirilgan aniq, hisob-kitoblar bilan asoslangan bo’lishi shart. Smetaga hisob-kitoblar bilan birga, maktabgacha ta’lim tashkiloti egallab turgan bino haqida umumiy ma’lumotlar (uning hajmi, maydoni, isitish tizimi, elektr, gaz, vodoprovod, kanalizatsiya tarmog’ining mavjudligi), shuningdek, tashkilotning ko’lamiga oid ko’rsatkichlar (guruhlar hamda bolalar soni va x-k.) ham aks ettiriladi. Bundan tashqari, smetaga maktabgacha ta’lim tashkilotda faoliyat yuritayotgan pedagoglar, tarbiyachilar, enagalar, hamshiralar va boshqa xodimlarning ikki nusxada tuzilgan tarifikatsiya ro’yhati ilova qilinishi shart. Smeta loyihasi tegishli ilovalar bilan maktabgacha ta’lim tashkilotlari tomonidan belgilangan muddatda yuqori tashkilotlarga ikki nusxada, zarur hollarda esa uch nusxada taqdim etiladi. Yuqori tashkilot maktabgacha ta’lim taskilotining smetasini qabul qilib olgach, eng avvalo, smetaning to’g’ri tuzilganini aniqlab, uning to’liq to'ldirilgani, alohida moddalar bo’yicha harajat summalari aniq hisob-kitob qilingani, binoning hajmi va maydoni to’g’ri ko’rsatilgani, shuningdek, xodimlarning tarifikatsiya ro’yxati ilova qilinganini tekshiradi. Barcha hisob-kitoblar ko’rib chiqilgach, har bir modda bo’yicha xarajatlar aniqlanadi va byudjet hisobidan ajratiladigan xarajatlar unda aniq maqsadlar uchun belgilangan summaga tenglashtiriladi. So’ng maktabgacha ta’lim tashkilotining smeta blankasiga jami xarajatlar (alohida modda bo’yicha va umumiy summa), shuningdek, byudjet hamda ota-onalar mablag’lari hisobiga ajratiladigan xarajatlar kvartallar bo’yicha tasdiqangan taqsimotga binoan yozib qo’yiladi. Smeta yuqori tashkilot tomonidan qabul qilingach, maktabgacha ta’lim tashkiloti boshqa xarajatlar va ota-onalardan tushadigan mablag’larni har bir kvartal bo’yicha taqsimlab, xisob-kitob qilib qo’yadi. Xarajatlarni taqsimlashda ba’zilarining mavsumiy xarakterda bo’lishi (yoqilg’i tayyorlash, sabzavot jamg’arish, ta’mirlash ishlari va hokazolar) hisobga olinishi lozim. Agarda joriy yilda bolalar sonini ko’paytirish ko’zda tutilgan bo’lsa, bu bilan bog’lik. sarf-xarajatlar (ish haqi, bolalarni ovqatlantirish uchun sarflanadigan qo’shimcha mablag’lar va h-k.) tegishli kvartallar xarajatlari ko’rsatkichlarida aks ettirilishi kerak. Smetaning bir nusxasi tashkilotda qoladi, ikkinchi nusxasi yuqori tashkilotga, uchinchi nusxasi esa markazlashgan buxgalteriyaga, qishloq kengashiga, moliya bo’limi va boshqalarga taqdim etiladi. Smeta tasdiqlanish blankasining old tomonidagi maxsus yozuv bilan rasmiylashtiriladi. Mazkur yozuvda xarajatlarning jami mikdori, xodimlar ish haqi jamg’armasi, smeta tasdiqlangan sana qayd etiladi. So’ngra smetani tasdiqlagan yuqori tashkilot boshlig’i imzo chekadi va uning imzosiga idora muhri bosiladi. Ta’kidlash joizki, smetani tasdiqlagan tashkilot unga o’zgartish kiritishga haqlidir. Bunday o’zgartishlar yuqori tashkilotning maktabgacha ta’lim tashkilotiga yuborgan yozma xati bilan rasmiylashtiriladi.