Nazoratning maqsadi, vazifalari va unga qo’yiladigan talablar.
Nazoratning asosiy maqsadi- Uzbekiston Respublikasining «Ta’lim to’g’risida»gi Qonun, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi hamda boshqa me’yoriy hujjatlarga tayangan holda maktabgacha ta’lim tizimi faoliyatini takomillashtirish, zamonaviy fan yutuqlari asosida ta’lim-tarbiya ishlarini rivojlantirishdan iboratdir.
Nazoratning asosiy vazifalariga quyidagilar kiradi: -maktabgacha ta’lim tashkilotlarini boshqarishning eng samarali shakllarini aniqlash va amaliyotga tatbiq etish;
-maktabgacha ta’lim tizimini boshqarish darajasini yuksaltirish;
-maktabgacha ta’lim dasturlari, tarbiyalanuvchilarni har tomonlama rivojlantirish darajasini nazorat qilish;
-maktabgacha ta’lim tashkilotlari ishini nazorat qilish jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish;
-tashkilot faoliyatidagi ilg’or tajriba va ijobiy yutuqlarni o’rganish, umumlashtirish, ommalashtirish, rag’batlantirish;
-rahbarning xodimlar bilan ishlash malakasini o’stirishda nazorat ishlarini tashkil etish;
-maktabgacha ta’lim tashkiloti xodimlariga ta’lim - tarbiya ishlarini yanada rivojlantirishda uslubiy yordam ko’rsatish.
Nazoratning asosiy usul va uslublariga quyidagilarni kiritish mumkin: -bolalarning tashkilotdagi mashg’ulotlarini, kun tartibining turli jarayonlarini kuzatish va tahlil qilish;
-pedagogik va moliyaviy-xo’jalik ishlariga oid hujjatlarni o’rganish va tahlil qilish;
-bolalar ishlarini tahlil qilish;
-mudira, tarbiyachilar, ota-onalar va bolalar bilan (ularning bilimi, ongi, nutqining rivojlanishini aniqlash maqsadida) suhbatlashish;
- «Pedagogik kengash», «Ishlab chiqarish majlislari»da, ota-onalar kengashlarida ishtirok etish;
-jamoat tashkilotlari vakillari bilan suhbatlashish.
Tekshiruv jarayonida qanday usul va uslublarni qo’llash - nazorat qilish turiga, muayyan guruhda tarbiyaviy jarayonning qay jihati yoki tshkilot moliyaviy-xo’jalik ishlarining qaysi tomonlari tekshirilishi, nazoratchi-uslubchining kasbiy mahorati va amaliy tajribasiga bog’liqdir. Tekshiruv jarayonida turli usullarning qo’llanishi maktabgacha ta’lim tashkiloti ishini har tomonlama ahamiyatlidir.
Kuzatish usuli bu — pedagogik jarayondagi yutuq va kamchiliklarni, ishdagi qiyinchiliklarni bartaraf etish va ta’lim-tarbiya ishlari samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, kuzatish uslubi - tashkilotdagi pedagogik jarayonga, uslubiy va moliyaviy-xo’jalik faoliyatining holatiga to’g’ri baho berish va zarur xulosalar chiqarishga imkoniyat yaratadi.