murakkab hukm deb ataladi . Murakkab hukmlar
«va», «yoki», «agar... unda» kabi mantiqiy bog’lamalar, inkor qilish va modal terminlarni qo’llash
orqali ikki va undan ortiq oddiy hukmlarning o’zaro birikishidan hosil bo’ladi. Mantiqiy
bog’lovchining mazmuniga ko’ra murakkab hukmlarning quyidagi asosiy turlarini farq qilish
mumkin: birlashtiruvchi, ayiruvchi, shartli, ekvivalent.
BIRLASHTIRUVCHI (kon’yunktiv) hukmlar deb ikki va undan ortiq oddiy hukmlarning
«va» «ham », «ham da» kabi mantiqiy bog’lovchilar vositasida o’zaro birikishidan hosil bo’lgan
hukmlarga aytiladi. Masalan: 1."Qo’ngirok chalindi va dars boshlandi». 2. «A. Navoiy shoir va
davlat arbobi bo’lgan». 3. «Muhammad Xorazmiy va Axmad Fargoniylar matematika fanining
rivojlanishiga katta hissa qo’shganlar».
AYIRUVCHI (dizyunktiv) hukm deb «yo», «yoki», «yoxud» mantiqiy bog’lamalari
vositasida oddiy hukmlardan tashkil topgan mulohazaga aytiladi. Bu bog’lovchilar ikki oddiy
hukmni yoki bir qancha predikatlarni, yoki bir qancha sub’ektlarni bir-biridan ayirib turadi.
Masalan: «Qodirov falsafa, yoki sotsiologiya, yoki psixologiya bo’limida o’qiydi». «Ikkinchi
soatda yo matematika, yoki chet tili darsi bo’ladi». Ayiruvchi bog’lamalar «V» - dizyunktsiya
belgisi orqali ifodalanadi.
SHARTLI (implikativ) hukm ikki oddiy hukmning «agar... unda» mantiqiy bog’lamasi
orqali birikishidan tashkil topadi. Shartli hukmning mohiyatini aniqlash uchun zaruriy va etarli
shart tushunchalarini farqlash zarur. Hodisaning zaruriy sharti deb, uning mavjudligini
ta’minlaydigan holatga aytiladi. Agar hodisaning sharti zaruriy bo’lmasa, hodisa ham bo’lmaydi.
Masalan: «Agar o’simlik suvsiz qolsa, u quriydi».
EKVIVALENTLIK hukmlari «agar va faqat agar ... unda» mantiqiy bog’lovchisi yordamida
ikki oddiy hukmning o’zaro bog’lanishidan hosil bo’ladi. Tabiiy tilda ekvivalentlik hukmi shartli
hukm ko’rinishida ifodalanadi. Bunday holatlarda shartli hukmning ekvivalent hukm ekanligini
aniqlash zarur bo’ladi. Agar shartli hukmning asosi natijada qayd etilgan fikr uchun zaruriy va
etarli shart hisoblansa, unda bu hukm ekvivalent hukm bo’ladi. Masalan:«Agar berilgan butun son
juft son bo’lsa, unda u ikkiga qoldiksiz bo’linadi».