1.«Yolg‘on (soxta) isbotlash». Agar tezis uni isbotlash uchun
keltirilgan argumentlardan
bevosita kelib chiqmasa, mantiqiy xatoga yo‘l qo‘yiladi. Bunda tezisga aloqador bo‘lmagan
argumentlarga asoslaniladi. Masalan, «A shaxs yomon odam», degan tezis «Tunda yomon
odamlargina ko‘chada yuradi», «A shaxs ko‘chada tunda yuribdi» degan argumentlar bilan
asoslansa, fikr yuzaki (soxta) isbotlangan bo‘ladi.
2.Shartlangan fikrdan shartlanmagan fikrga o‘tish. Muayyan vaqt, munosabat doirasida chin
bo‘lgan (shartlangan) fikrni, doimiy, o‘zgarmas chin fikr deb qabul
qilish natijasida mantiqiy
xatoga yo‘l qo‘yiladi.
3.Xulosa chiqarish qoidalarining buzilishi bilan bog‘liq bo‘lgan xatolar:
a) deduktiv xulosa chiqarishda uchrashi mumkin bo‘lgan mantiqiy xatolar. Bu haqda
deduktiv xulosa chiqarish mavzusida batafsil ma’lumot berilgan;
b) induktiv xulosa chiqarishda uchrashi mumkin bo‘lgan mantiqiy xatolar. Bular «shoshib
umumlashtirish» va «undan keyin, demak, shuning uchun», deb ataluvchi xatoliklardir. Masalan,
bir-ikki talabaning darsga mas’uliyatsizlik bilan munosabatda bo‘lishini umumlashtirib, «hamma
talabalar mas’uliyatsiz», deb ta’kidlash xatodir;
v) analogiyada uchrashi mumkin bo‘lgan mantiqiy xatolar. Bular «yolg‘on analogiya» bilan
bog‘liq xatolardir. Unda tasodifiy belgining zaruriy deb olinishi, faqat birgina o‘xshash belgiga
asoslanishi yoki mutlaqo taqqoslab bo‘lmaydigan hodisalarning o‘zaro taqqoslanishi natijasida
fikrda chalkashliklar yuzaga keladi.
Mantiqiy xatolar tafakkur qonunlarini buzish, xulosa chiqarish qoidalariga amal qilmaslik
natijasida yuzaga keladi. Mantiq tarixida isbotlash jarayonida ataylab (qasddan) xatoga yo‘l
qo‘yuvchilar –
sofistlar deb, ularning ta’limoti esa sofizm (grek. – ayyorlik) deb ataladi. Fikr
yuritish jarayonida bilmasdan mantiqiy xatoga yo‘l qo‘yilsa, paralogizm deyiladi. CHinligini ham,
xatoligini ham birday isbotlash mumkin bo‘lgan fikrlar esa paradoks deb ataladi.
Bahs yuritish san’ati (eristika) o‘ziga xos qonun-qoidalarga amal qilishni talab etadi.
Bularga asosan quyidagilar kiradi:
– zaruriyatsiz bahslashmaslik;
– mavzusiz bahs yuritmaslik va bahs davomida mavzudan chetga chiqmaslik yoki mavzuni
o‘zgartirmaslik;
– bahs mavzusi yuzasidan o‘zaro zid yoki qarama-qarshi fikrlar bo‘lmasa, bahsni to‘xtatish;
– mavzuni yaxshi biladigan, aqlli odamlar bilangina bahslashish;
– bahs yuritishda mantiqiy qonun-qoidalarga amal qilish, o‘zining va muxolifining
fikrlaridan xulosa chiqara olish, mantiqiy ziddiyatlarni aniqlash va bartaraf etish, asoslar to‘g‘ri
bo‘lsa, isbotlashning ham to‘g‘riligini e’tirof etish va h.k.;
– bir bahs doirasida bahslashish usullarini aralashtirib yubormaslik.
Argumentlashning mantiqiy asoslarini bilish va bahs yuritish
qoidalariga amal qilish
tafakkur madaniyatini yuqori darajaga ko‘tarish imkonini beradi.
Dostları ilə paylaş: