O‘simliklarga va o‘simliklar qoplamiga odam ta’sirining ba’zi aspektlari. O‘simliklar qoplami o‘zgarishiga insonning va uning xo‘jalik faoliyatining ta’sirini o‘rganish fitotsenologiyaning vazifasiga kiradi. Keyingi vaqtlarda atrof muhitni muhofaza qilish masalasi birinchi o‘ringa qo‘yilayotganligi munosabati bilan bunga juda katta ahamiyat berilmoqda. Bu masalani hal etishda turli ixtisosdagi ekologlar borgan sari keng jalb etilmoqda. Ekolog tarixiy jihatdan eng yosh va ayni vaqtda yangilik hisoblangan antropogen ekologik omillar ta’sirining asosiy aspektlari oldida befarq bo‘la olmaydi. Yerda odam paydo bo‘lgandan boshlab uning tabiatga, butun biosferaga ta’siri shuncha tez o‘sdiki, V.I.Vernadskiy «noosfera» deb ataluvchi alohida terminni yaratdi va hozirgi vaqtda planetamizda insonning u yoki bu ta’siriga duch kelmaydigan jamoalarni topish qiyin.
O‘simlik qoplamiga insonning ta’siri nihoyatda katta. Yer yuzidagi aholini hisobga oladigan bo‘lsak, inson o‘simliklarga ta’sir ko‘rsatuvchi juda katta omil ekanligini anglash mumkin. Insonning o‘simliklar dunyosiga ta’siri boshqa omillardan son jihatdan ham farq qiladi. Bunday ta’sir garchi har doim maqsadga muvofiq kelmasa ham doim aniq bir maqsadga qaratilgan bo‘ladi. Shunga ko‘ra, insonning ta’siri doim qandaydir bir maqsadga ega bo‘ladi. Lekin u hamisha ham foydali chiqavermaydi, chunki ba’zida inson o‘simlikdan o‘zining foydasi uchungina foydalanish maqsadida uni kesib yo‘q qiladi, oqibatda bu hol butunlay zararli bo‘lib chiqadi.
Yer yuzida odam paydo bo‘lishi bilan evolyutsiyaning stixiyali protsessiga prinsipial yangi element kirib keldi, inson tabiatda o‘ziga yoqqan o‘simliklarni tanlab oldi, ularni o‘stirdi va yaxshiladi. Eslatib o‘tish mumkinki, bug‘doy, makkajuxori kabi qimmatli o‘simliklarning paydo bo‘lganiga ming yillardan ham oshib ketgan. Bizning ko‘z o‘ngimizda kechagina yovvoyi bo‘lgan saksovul va shu kabi o‘simliklar hozirgi kunda madaniy o‘simliklar sanaladi va hokazo.
Tabiiy tanlanish natijasida turlarning ma’lum yo‘nalish bo‘yicha shakllanishi geologik davrlarda ancha sekin borgan. Inson bir-biridan farq qiladigan yangi navlarni yaratdi. Insonning madaniyati rivojlanib borgan sari, u yer yuzasining o‘simlik qoplamiga shuncha kuchli ta’sir ko‘rsatdi, ongli ravishda uni o‘zining ehtiyoji uchun o‘zgartirdi va yaxshiladi.
Inson o‘simliklar qoplamiga yoki chorvachilikka bevosita yoki tuproq orqali ta’sir qilib, uni o‘zgartiradi. Lekin insonning ongsiz ravishdagi munosabati tufayli ayrim o‘simlik turlari yo‘qolib ketgan yoki yo‘qolish arafasida turibdi. Bularning ko‘pchiligi daraxt va butalardir. Bunga inson sababchidir. O‘rta Osiyo sharoitida insonning bunday noto‘g‘ri faoliyatini ayniqsa archa va pista o‘simliklari misolida yaqqol ko‘rish mumkin.
Botaniklarning aytishlariga qaraganda, bundan taxminan 2 ming yillar avval bizning adirlarimiz pista o‘simliklari bilan qoplangan bo‘lgan, o‘sha uchastkalarda esa har xil bargli daraxtlardan tarkib topgan o‘rmonlar galereyasi rivojlangan. Axoli sonining o‘sib borishiga qarab, asta-sekin archa o‘rmonlari ham kesila borgan, chunki odamlarga qurilish materiallari va yoqilg‘i kerak bo‘lgan. Pista qimmatli mevasi bilan kishilar e’tiborini o‘ziga jalb etgan, shundan keyin pista ko‘plab iste’mol qilina boshlagan. Bu esa pista urug‘ining borgan sari kamayishiga, ya’ni urug‘lik material yo‘qolib borishiga sabab bo‘lgan. Bundan tashqari, ana shu xildagi qimmatli mevalar hosilini terish vaqtida kishilar daraxtlarni sindirib ishdan chiqargan. Buning oqibatida inson uchun kerakli o‘simliklar asta-sekin kamayavergan. Buning ustiga qimmatli o‘simlik hisoblangan pistadan hosil bo‘ladigan ko‘mir zargarlikda qimmatli xomashyo sifatida ishlatiladigan bo‘lgan.
Adabiyotlardan ma’lumki, hozirgi asrning boshlarida Buxoroda (hozirgi Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida) har yili 400 qopga yaqin archa, pista va saksovul ko‘miri ishlatilib kelingan. Haqiqatdan ham, botanikaga oid adabiyotlarda archa va pista daraxtlari nobud bo‘layozgan va toshli uchastkalarda o‘sishga moslashgan, degan fikrlar keltiriladi. Lekin bu xildagi fikrlar noto‘g‘ri, albatta. Inson archadan foydalanmagan joylarda haqiqiy archazor o‘rmonlarni kuzatish mumkin yoki aksincha, qaerda odamlar archadan foydalangan bo‘lsa, o‘sha yerlarda archani topib bo‘lmaydi.
O‘tmishda archa keng tarqalganini va uning yo‘qolishida inson qanday rol uynaganini tasdiqlovchi misollar ko‘p. Ulardan ayrimlarini keltirish mumkin.
Ohangaron vodiysida archa va daraxtsimon boshqa o‘simliklar juda kam uchraydi, lekin ular chiqishi qiyin bo‘lgan uchastkalarda, ya’ni toshloq, yerlarda uchraydi. Ammo Oqangaron daryosi irmoqlarining yuoqori qismiga o‘tilsa, aynqsa Qurama tizmasining chap qirg‘og‘ida juda yaxshi archazor o‘rmonlarni uchratish mumkin. O‘tmishda daryodan 25-30 km masofadagi joylarga archani olib chiqish mumkin bo‘lmagan. Lekin, shubxasiz, Ohangaron va oqim daryolari bo‘ylab archa daraxtlari bo‘lgan va ular metallurgiya sanoati tomonidan yoqilg‘i sifatida yo‘q qilingan. Bunday misollarni anchagina keltirish mumkin.
Yaylov chorvachiligiga doir adabiyotlarda mollarni qayta o‘tlatish natijasida O‘rta Osiyo cho‘l va tog‘ yaylovlari yomonlashishi, zavol topishi va ko‘p massivlar xatto foydalanish uchun yaroqsiz holga kelib qolishi hakida ma’lumotlar bor. Yuz yillikning boshlarida geobotanik olim G. N. Visotskiy Povoljeda mollarni o‘tlatish ta’sirida yaylovlarda o‘simlik qoplamining o‘zgarishini o‘rganish yuzasidan qimmatli tadqiqotlar o‘tkazgan.
Ma’lumotlarga qaraganda, Shimoliy Amerikada o‘rmonlarning plansiz kesilishi natijasida eroziyaga sabab bo‘lgan va «bed-lend» deb ataladigan katta-katta yalangliklar paydo bo‘lgan. Buyuk geografik kashfiyotlar yangi-yangi turlar ko‘proq kirib kelishiga sabab bo‘lgan, bu turlar esa yangi sharoitda ba’zan tez tarqalgan. Insonning tabiatga ta’siri ijtimoiy formatsiyalar bilan bevosita bog‘liq bo‘ladi, bu yerda, albatta masalaning sotsial-iqtisodiy tomonini ham hisobga olish kerak bo‘ladi. Odatda, tabiatga insonning ongli va ongsiz ta’siri farq qilinadi.
Dostları ilə paylaş: |