Steroidlovchi yumshatish (12.10-rasm, 5-egri chiziq) natijasida plastinkali perlit donador perlitga aylanadi. Natijada po‘lat buyumning kesib ishlov berilishi yaxshilanadi. Donador perlit olish uchun yumshatish quyidagi tartibda bajariladi: po‘lat buyum As1 nuqtadan yuqori haroratga qizdiriladi, so‘ngra 700°C gacha, keyin 550-600°C gacha va havoda sovitiladi. Sferoidlovchi yumshatish tarkibida 0,65% dan ko‘proq uglerod bo‘lgan ШX15 markali sharik podshipnik po‘latlaridan tayyorlangan buyumlarni yumshatishda ishlatiladi.
Rekristallizatsion yumshatish (12.10-rasm, 6-egri chiziq) sovuqlayin prokatlashda, cho‘zishda yoki shtamplashda metallning plastik deformatsiyasi tufayli, paydo bo‘ladigan qattiqlashishi (naklep) ni yo‘qotish uchun qo‘llaniladi. Metallning sovuqlayin plastik deformatsiyalash natijasida mustaxkamligining oshishi jarayoniga puxtalash deyiladi. Sovuqlayin metallni prokatlashda, shtamplashda, cho‘zishda uning zarralari deformatsiyalanib, maydalanadi. Bu metallning qattiqligini oshiradi, uning plastikligini kamaytirib, mo‘rt qilib qo‘yadi. Puxtalanishning moxiyati ham shunda.
Rekristallizatsion yumshatishda po‘lat Ac1 nuqtadan past temperaturagacha (650-700°C) qizdiriladi, so‘ngra asta-sekin sovitiladi. Metall 650-700°C gacha qizdirilganda (rekristallizatsion yumshatish) atomlarning diffuzion qo‘zg‘aluvchanligini oshiradi va qattiq holatda ikkilamchi kristallizatsion jarayonlar (rekristallanish) sodir bo‘ladi.
Deformatsiyalangan zarralar chegaralarida yangi kristallanish markazlari paydo bo‘lib, ular atrofida qaytadan panjara hosil bo‘ladi. Deformatsiyalangan eski zarralar o‘rnida yangi teng o‘qli zarralar o‘sib chiqadi va deformatsiyalangan struktura to‘la yo‘qoladi. Bunda metallning dastlabki strukturasi va xossalari tiklanadi.
12.11- rasm. Uglerodli po’latni yumshatish, normallash, toblash va bo’shatish uchun qizdirish temperaturalari ko’rsatilgan xolat diagrammasi Normallash. Po’latni Ac3 va Acm kritik nuqtalardan 30-50°C haroratgacha ortiqroq qizdirib, ushbu haroratda ushlab turish, hamda havoda sovitishga normallash deyiladi. (12.11-rasm) Normallashda ichki kuchlanishlar kamayadi, po’lat qayta kristallanadi, payvand choklar, quyma va pokovkalarning yirik zarrali strukturasi maydalashadi.
Po’latni normallash yumshatishga qaraganda ancha qisqa termik ishlov berish jarayoni xisoblanadi, shuning uchun u unumlidir. Shuning uchun uglerodli va kam legirlangan po’latlar ko‘pincha yumshatilmay, normallanadi.
Po’latdagi uglerod miqdori ortishi bilan yumshatilgan va normallangan po’latlar orasidagi farq ortadi. Tarkibida 0,2% gacha uglerod bo’lgan po‘latlarni normallash maqsadga muvofiqdir. Tarkibida 0,3-0,4% uglerod bo‘lgan po‘latlarni normallanganda yumshatilishga qaraganda qattiqlik ortadi, buni e’tiborga olish zarur. Shuning uchun yumshatishni xar vaqt normallash bilan almashtirib bo‘lmaydi.